Breaking News

Turkmanistonda etnik o’zbeklarning noroziligi kuchaymoqda


Turkmanistonliklarning xorijga chiqishiga to’siq qo’yilishi, oziq-ovqat mahsuloti bilan bog’liq taqchillik mamlakat aholisi hayotini yanada qiyinlashtirmoqda. Ayniqsa, ozchilik elat bo'lgan mahalliy o'zbeklar tazyiq va ayirmachilik holatlari kuchayayotgani haqida shikoyat qilmoqda.

Turkmanistondagi ikkinchi yirik millat bo’lgan o’zbeklarning Toshkentdan kutayotgan umidlari ham hali o'zini oqlagani yo'q.

29-iyun kuni turkman yetakchisini tavallud kuni bilan qutlagan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbonguli Berdimuhammedov rahbarligidagi Turkmaniston erishgan ulkan muvaffaqiyatlarni e’tirof etgan.

Turkmanistonda oziq-ovqat, jumladan, un va yog’ mahsulotlari yetishmovchiligi bilan bog’liq muammolar kuzatilmoqda. Xalqaro matbuotda, turkman muxolifatiga qarashli nashrlarda bu borada tarqalayotgan xabarlarga javoban, Ashxobod rasmiy televideniyeni Turkmanistondagi to’kin-sochinlik namoyish qilingan lavhalar bilan to'ldirmoqda.

Turkmanistondan chiqayotgan xabarlar esa vaziyat tobora taranglashayotganidan darak beradi. Yaqinda uzoq yillar sukutda bo’lgan mamlakatdagi o’zbeklar jamoasi vakillari “Ozodlik” radiosi orqali Toshkentga murojaat qilishdi. Ular O’zbekistondagi yangi hokimiyatdan Turkmanistondagi o’zbeklar taqdiriga e'tiborliroq bo'lishni so'ramoqda.

Bu murojaat Turkmaniston o’zbeklari vaziyatiga doir yagona xabar emas. Turkman muxolifatining xorijdagi faollari so’nggi paytda mamlakatdagi ikkinchi yirik etnik guruh bo'lgan o’zbeklarda norozilik kuchaygani, hatto xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashuvga borganini haqida yozmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar ijtimoiy tarmoqda “Erkin Turkmaniston” radiosini yuritadi. Unga ko’ra, o’zbeklardagi norozilik oziq-ovqat inqirozi bilan emas, asosan, xorijga chiqishga to’siq qo’yilishi ortidan yuzaga chiqqan.

“Turkmaniston o’zbeklari to’qnash muammolar ancha yillardan buyon mavjud, ammo so’nggi paytda vaziyat taranglashgan. Gap Turkmanistondagi ikkinchi yirik millat haqida ketmoqda. O’zbeklar jamoasi noroziligiga sabab bo’lgan ayni paytdagi asosiy masala bu harakatlanishga qo’yilayotgan to’siq. Doshovuz, Chorjuy viloyatidagi o’zbeklardan xorijga ish izlab ketayotganlar juda ko’p, ayniqsa Turkiyaga ketayotganlar. Cunki bu viloyatlarda ishsizlik juda yuqori. Ular o’z oilasini xorijda ishlab boqishga majbur. Ammo Turkmanistondan chiqishda juda qattiq cheklovlarga uchraydi. Bir muddat avval Ashxoboddagi aeroportda o’zbeklar va xavfsizlik kuchlari o’rtasida shu cheklovlar bilan bog’liq to’qnashuv ham bo’lib o’tgan. Bunga uchish arafasida turgan odamlarni samolyotdan tushirib qoldirishgani sabab bo’lgan. Bu juda yomon, bu inson huquqlarining jiddiy, qo’pol buzilishi. Bu vaziyatga nisbatan aynan o’zbek jamoatchiligi keskin norozilik bildirgan. Nazarimda bunga O’zbekistonda kuzatilayotgan so’nggi o’zgarishlardan xabardorlik ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda”, - deydi Ak Velsapar.

29-iyun kuni Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan telefon muloqoti o’tkazgan. Berdimuhammedovning tug’ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan suhbatda Mirziyoyev Turkmaniston erishayotgan yutuqlarni alohida ta’kidlagan, aloqalarni yanada mustahkamlash istiqboli gaplashilgan.

Berdimuhammedov O’zbekistonga qilgan davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ikki o’rtadagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etgani, uni yangi mazmun bilan boyitgani haqida gapirgan va Mirziyoyevni shu yilning avgust oyida mintaqa liderlarining Ashxobodda kutilayotgan uchrashuviga taklif qilgan.

Berdimuhammedovning shu yil aprelda O’zbekistonga qilgan davlat tashrifi chegaradagi to’siqlardan charchagan aholida, jumladan, Turkmanistonning madaniy huquqlari tiklanishini kutayotgan etnik o’zbeklarida ham jiddiy umidlar uyg’otgan edi. Tashrif ortidan munosabatlarda, ayniqsa, o’z ona tilida o’qishdan mahrum qolayotgan Turkmaniston o’zbeklariga oid vaziyatda biror o’zgarish yuz bermadi. O’zbekistondagi turkmanlarning ona tilida o’qishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlab kelayotgan Toshkent esa qo'shni yurtdagi millatdoshlari taqdiri haqida hozircha sukutda.

Turkmanistonda un mahsulotlari taqchilligi bilan bog’liq inqiroz yuzaga chiqar ekan, O’zbekistondagi ayrim telekanallar Turkmanistonning o’zbeklar zich yashaydigan viloyatlarida aholining non uchun navbatda turganiga doir lavhalarni namoyish etgani haqida ma’lumotlar bor. Bu O’zbekiston axborot vositalarida kechayotgan liberal kayfiyat bilan bog’liqmi yoki rasmiy Toshkentning o’zbeklar taqdiriga befarq emasligiga ishorami, hozircha mavhum.

Ak Velsapar fikricha, Bardimuhammedov va Mirziyoyevning Toshkentda o’tkazgan muzokaralari ikki tomonlama munosabatlar, ikki qardosh xalqning bordi-keldisi osonlashishiga, O’zbekistonda kuzatilayotgan islohotlarning Turkmanistonda ham aks etishiga umid bergan edi.

“Muzokara davomida ikki xalqning o’zaro qatnovini soddalashtirish uchun bir nechta hujjatlar imzolangan edi, ammo bu borada hozirgacha aniq bir o’zgarishlar kuzatilmadi, ayrim holatlarni mustasno qilganda. Buning sababi oddiy diktatorlar birinchi navbatda o’z manfaatini o’ylaydi, xalqni emas. Berdimuhammedovning bugungi siyosatidan kelib chiqib shuni aytishim mumkin, u atrofida nimalar bo’layotganini anglamay qo’ygan, shuning uchun diktatorlar boshqaruvda ekan, ortiqcha umidlarga berilish kerak emas. Mirziyoyevning kelishidan so’ng O’zbekistonda boshlangan o’zgarishlar masalasiga kelsak, bu o’zgarishlar Turkmanistondagi siyosatga, muhitga biror ta’sir o’tkazmaganini inobatga olsak, demak, ular hali biz kutgan darajada samarali emas”, - deydi Velsapar.

Turkmanistonda o’zbeklar turkmanlardan keyingi ikkinchi yirik etnik guruh hisoblanadi. Bu ko’rsatkichga qaramasdan, mamlakatda o’zbek maktablari ham, madaniy-ma’naviy markazlar ham yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG