Breaking News

Mirziyoyev: Mustaqillikni hech kimga berib qo'ymaymiz


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2018-yil, 19-oktabr.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapda) O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2018-yil, 19-oktabr.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yakunlanayotgan yilning asosiy muhokamasi - O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi ehtimoliga izoh berdi.

Prezidentga ko’ra, katta integratsiyaga kirishga hozirlik ko’rayotgan O’zbekiston mustaqillikni qo’ldan bermaydi. “Jilov o’z qo’limizda”, - degan u.

Prezidentning bu bayonoti sovet qatag’onlari qurboni yozuvchi Abdulla Qodiriy muzeyiga qilingan tashrif davomida bildirilgan.

Prezident katta integratsiyaga qo‘shilish masalasida asosiy qarorni qabul qilish yangi saylangan deputatlar vakolatida ekanligini eslatgan, ammo siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi davomida bu tuzilmaga qo’shilishni yoqlab bayonotlar qilishgani eslansa, O’zbekiston katta ehtimol bilan yanagi yil Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi a’zoligiga kiradi.

Mirziyoyev o’z chiqishida Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi nomini tilga olmagan, ammo O’zbekiston hozirda boshqa biror bir tashkilotga qo‘shilish arafasida emasligi inobatga olinsa, gap aynan shu ittifoq haqida borayotgani anglashiladi.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi yuzasidan qo’shma komissiya ishlamoqda. Uch yildan buyon ishlayotgan bu komissiya xulosalari noma’lum, hali ochiqlanmagan.

Ammo tadqiqot natijalari e’lon qilinmasdan prezident ham, siyosiy partiyalar ham jamoatchilikni ittifoqqa qo’shilish jarayoniga hozirlayotgani, kuzatuvchilar fikricha, qaror iqtisodiy emas, siyosiy ekanligidan darak beradi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish O’zbekiston taraqqiyoti uchun nafaqat iqtisodiy, avvalo, siyosiy, madaniy-ma’rifiy jihatdan ta'sir ko'rsatishi haqida ko'plab fikrlar bor.

Jamoatchilik darajasida ham norozilik kuchli. Fuqarolik jamiyati faollari Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilotga qo‘shilishni mamlakatni sobiq ittifoqqa qaytarish qarori bilan tenglashtirishadi.

Ammo prezident, hukumat, siyosiy partiyalar ham jamoatchilikdagi bu norozilikka javob bergani yo'q. Shavkat Mirziyoyev televideniye orqali namoyish qilingan chiqishida xavotirlar o’rinsizligini, hech kim, kim bo’lishidan qat’i nazar, mustaqillikni qo’lda berib qo’ymasligi haqida gapirgan.

Jamoatchilikdagi, shuningdek, ekspertlar doirasidagi xavotirlar mustaqillikning qo’ldan boy berilishi emas, ittifoqqa a’zolik mamlakatda taraqqiyot yo’lida, siyosiy, madaniy va ijtimoiy hayotda burilish qilishi haqida.

Siyosatshunos Farhod Tolipov aynan shu sabablar bois O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi xalq referendumida ovozga qo’yilishi lozimligi murojaati bilan chiqqan edi.

Farhod Tolipovga ko’ra, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi nafaqat iqtisodiy, moliya, savdo birligi, balki norasmiy ravishda siyosiy ittifoq g’oyasini ham tashiydi. 90 foiz ustunlik Rossiya hissasida bo’lgan tashkilotga a’zolik, uning shartlarini qabul qilish mamlakatga ittifoq ko’rsatmalariga ergashishdan boshqa tanlov qoldirmaydi, deydi u.

Ittifoqqa qo’shilish masalasiga siyosiy partiyalardan tashqari hukumat vakillari ham o’z munosabatlarini bildirishgan.

Prezident bayonotidan biroz avval Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari Ilhom Ne’matov matbuotdagi intervyusida shaxsan o’zi bu tuzilmaga qo’shilishni qo’llab-quvvatlashini, ammo bu masala ayni paytda o’ta jadal o’rganilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

Ilhom Ne’matov bu tuzilmaga qo’shilish afzalligini iqtisodi rivojlanib borayotgan O’zbekistonda ittifoq a’zolari bo’lgan Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston bozorlariga chiqish imkoniyati bo’lishida ko’radi. Shuningdek, vazir o’rinbosari iddaosiga ko’ra, O’zbekiston aholisining o’sib borayotgani, ishchi kuchi ortayotgani ham ittifoqqa qo‘shilishga undayotgan omillardan.

Ayni paytda O’zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklari bo’lgan Rossiya, Qozog’iston va mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlik ikki tomonlama bitimlarga ko’ra rivojlanib kelmoqda. Rossiyadan, Qozog’istondan ish topayotgan millionlab mehnat muhojirlariga doir vaziyat ham shunday; so’nggi yillarda bu masala ikki tomonlama imzolangan hujjatlarda o’z ifodasini topdi.

O’zbekiston sobiq prezident Islom Karimov hukmronligi davrida Rossiya yetakchiligidagi bu tashkilotni siyosiy sabablarga muvofiq, ya’ni mustaqillikka xavf tug’dirishi ehtimoli bois tark etgan edi. Bugun Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hokimiyat vaziyatni bir qadar boshqacha baholayotgan ko’rinadi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uning Rossiyaga yaqinligi, Karimov davridagi Moskvadan masofalanish siyosati yakuniga yetishi haqidagi farazlar surilgan edi.

Darhaqiqat, so’nggi uch yil Rossiya bilan munosabatlarda shiddatli o’zgarishlar qilingani bilan ajrab turadi.

O’zbekiston Mudofaa vazirligi Rossiya bilan qo’shma mashg’ulotlarni tikladi, Rossiya harbiylari Jizzaxdagi poligonda mashg’ulotlar o’tkazdi. O’zbekistonda qisqa fursatda Rossiya oliy o’quv yurtlarining ko'plab filiallari paydo bo’ldi, tomonlar atom elektrostansiyasi qurilishi yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi.

Xalqaro maydonda ham Toshkent Rossiya pozitsiyasiga sodiqlikni namoyon eta boshladi. Xususan, Ukraina, Qrim masalasida Toshkent Moskvani ochiq qo’llay boshladi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentligining to‘rtinchi yili katta ehtimol bilan Rossiya bilan aloqalarni yangi bosqichga ko’tarishi, O’zbekiston Moskva yetakchiligidagi tashkilot a’zoligiga kirishi bilan kuzatilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG