Breaking News

Qirg’izistonda matbuot erkinligi yemirilyaptimi?


Qirg'izistonda jurnalistlar sudga berildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:42 0:00

Qirg’izistonda bir qator axborot agentliklariga qarshi da’vo yuzasidan sud jarayonlari o’tmoqda. “Azattyq”, kloop.kg kabi onlayn nashrlarga qarshi da’vo ochgan Matraimovlar oilasi tilga olingan axborot agentliklari tayyorlagan jurnalistik surishtiruvning figurantlaridan biri bo’lgan. Katta shov-shuvga sabab bo’lgan mazkur surishtiruvda Qirg’izistonda ildiz otgan kontrabanda, korrupsiya va pul yuvish amallari hamda bu ishlarning ortida kimlar turgani haqida so’z boradi.

Qirg’izistondagi eng boy va nufuzli shaxs ekani aytib kelinayotgan Rayim Matraimovning oilasi haqida alohida jurnalistik surishtiruv tayyorlab e’lon qilgan faktchek.kg saytining bosh muharriri esa ishxonasi yonida noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklab ketilgan.

Qirg’iziston-Tojikiston chegarasi mavzusida maqola yozgan “Aziya Nyus” nashrining bosh muharriri ham tergov qilindi. Shu bilan birga Chyndyk.kg saytining bosh muharriri ikki oyga uy qamog’iga olindi.

Jurnalistlar sudma-sud yurgan shu kunlarda Jenevadagi Inson huquqlari kengashi majlisida qirg’iz delegatsiyasiga bosh bo’lgan Tashqi ishlar vaziri Nuran Niyazaliyev Qirg’zistonda so’z erkinligi va axborot vositalari hech qanday davlat senzurasi va to’sqinliksiz rivojlanib kelayotganini aytdi.

Vazir ham o’z nutqida eslab o’tganidek, Qirg’iziston “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining 2019-yil aprelidagi reytingi bo’yicha 180 davlat ichidan 83-o’rinni egallab, avvalgi reytingidan 15 pog’onaga ko’tarilgan.

Mutaxassislar Qirg’iziston matbuoti erkinlik darajasi bo’yicha sobiq Sovet ittifoqi davlatlari orasida yetakchilik qilishini, lekin mamlakatda o’z-o’zini senzura qilish mavjudligini ta’kidlab kelishadi. Kloop.kg axborot agentligining jurnalisti Eldiyar Bakirov bu fikrni qo’llab-quvvatlaydi.

“Bizdagi OAVlarda voqeaga turli nuqtai nazar bilan yondashish imkoniyati bor. Bunga hech qanday to’siqlar qo’yilmaydi, deb o’ylayman. Ammo ayni paytda [sobiq prezident Almazbek Atambayevga qarashli] “Aprel” telekanalining to’xtatilishi qanchadir darajada so’z erkinligiga aralashish deb hisoblash mumkin. Chunki “Aprel” qanday ma’lumot berishidan qat’i nazar, bu ularning, aytaylik, Atambayev va tarafdorlarining fikri. Atambayev ham tariximizning bir qismi. Jamiyatga uni unuttirishga urinish va uning tarafdorlari ovozini o’chirishga majbur qilish ham, fikrimcha, matbuot erkinligiga aralashish hisoblanadi”, - deydi jurnalist.

Eldiyar va uning hamkasbi Hamidullo Uzakov yaqinda O’sh shahar ichki ishlar boshqarmasida so’roq qilindi. Bunga Rayimbek Matraimovning ukasi yozgan shikoyat arizasi sabab bo’lgan. Da’vogarga ko’ra, jurnalistlar uning uyini dron orqali video tasvirga olib, shaxsiy daxlsizligini buzgan. Jurnalistlar bu ayblovlarni inkor qilib, ayni paytda bari qonun doirasida ko’rib chiqilishidan umid qilishadi.

Ammo Hamidulloning qo’shimcha qilishicha, Qirg’izistonni jurnalistlar uchun mutlaq erkin va xavf-xatarsiz o’lka deb atashga hali ancha erta.

“Jurnalistlarning kaltaklanishi va sudga berilishi bu, albatta, jurnalistlar uchun xavotirli va men uchun ham”,- deydi u.

Hamidullo ishlayotgan Kloop mediasi uch tilda – qirg’iz, rus va o’zbek tillarida ma’lumot tarqatadi. Ammo o’zbek bo’limi faqat tarjima qilingan materiallarni uzatadi. Efir soatlarida o’zbekcha xabarlarga joy ajratilgan “Intimoq” telekanalida ham o’zbek jurnalistlari, asosan, tarjima bilan shug’ullanadi. Buning sababini o’zbek tilida faoliyat olib boruvchi jurnalistlarning juda oz ekani bilan izohlashadi.

“Balki mana shu 2010-yildagi voqealar yoki boshqa bir sabablardan o’zbek yoshlari jurnalistikaga qiziqmay qo’ygan bo’lishi mumkin. Qirg’izistondagi o’zbek tilli matbuotning kelajagini yaratsak bo’ladi, buning uchun 2010-yil voqeasi yoki qandaydir diskriminatsiya sababli paydo bo’lgan qo’rquvni yengib o’tishimiz kerak”, - deydi Hamidullo Uzakov.

2010-yili sodir bo’lgan O’sh voqealariga qadar Qirg’izistonda 15 dan ortiq gazeta-jurnallar va bir necha telekanallar o’zbek tilida faoliyat olib borgan edi. Hozir faqat ikki viloyat davlat gazetasi o’zbek tilida ish olib boradi.

Ammo ularning faoliyati ham qoniqarli emas, deydi “Amerika ovozi” bilan suhbatda jamoat faoli Akbar Aliyev.

“O’zbek millatiga mansub xalqimizning ichiga kirib borib, ularning muammosini ko’tarib chiqib yoritsa, shunda ularda ham [matbuotga nisbatan] bular bizni muammoyimizni olib chiqyapti, deb qiziqish paydo bo’ladi. Lekin buyurtma maqolalarni chiqarish bilangina shug’ullanmay, masalalarni tubidan o’rganib, olib chiqish kerak”, - deydi u.

Qirg’izistonlik media ekspert Iqbol Isaqov fikriga ko’ra, bugungi kunda rasmiy matbuotga muqobil ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish imkoni internetning tezligi, arzonligi hisobidan Qirg’izistonda yetarli darajada.

“Qo’shnilarimizga solishtirganda, Qirg’izistondagi media kontent yaratuvchilar juda katta kuchga ega. Bu yerda nafaqat rasmiy, balki norasmiy bo’lgan ijtimoiy tarmoq “yulduz”lari katta rol oynaydi va Qirg’zistondagi internet foydalanuvchilari juda tezkorlik bilan uyushadi. Bunga misol qatori Rossiyadagi migrantlarga tegishli bo’lgan ayrim masalalarni yoki aytaylik Malaxov voqeasini keltiradigan bo’lsak... [Rossiya teleboshlovchisi] Malaxovning qirg’izlar haqida aytgan yomon gapi uchun qirg’izistonlik internet foydalanuvchilari uyushib, Malaxovni kechirim so’rashga majbur qilganidan ham Qirg’izistondagi norasmiy medianing kuchini ko’ra olishimiz mumkin”, - deydi ekspert.

“Freedom House” xalqaro huquq tashkilotining 2019-yilgi hisobotiga ko’ra, Qirg’iziston Markaziy Osiyoda axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga kirish cheklovlari mavjud bo’lmagan yagona mamlakat hisoblanadi.

Bu esa ayni vaqtda soxta va adovatli, to’liq tekshirilmagan ma’lumotlarning ko’payishiga ham olib kelmoqda. Iqbol Isaqov aholi media savodxonligini oshirish bunday muammolarning oldini olishda muhim deb hisoblaydi.

Urush va tinchlikni yoritish institutining Markaziy Osiyodaga vakolatxonasi Markaziy Osiyoda onlayn yangiliklar iste’moli bo’yicha o’tkazgan tadqiqotda aytilishicha, Qirg’zistonda juda siyosiylashtirilgan onlayn hamjamiyat mavjud, diniy va geosiyosiy mavzular katta munozaralarga sabab bo’lib keladi.

Mutaxassislar xulosasiga ko’ra, Qirg‘izistonda xolis va sifatli maqolalar tayyorlanishi uchun jurnalistlar zamonaviy malaka va bilimlarni o’rganishi lozim. Onlayn ommaviy axborot vositalari shov-shuvli hikoyalarni ta'qib qilmasligi kerak, chunki bu tekshirilmagan ma'lumotlarning ko'payishiga olib keladi, deydi ular.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG