Breaking News

Tojikistonda Xitoy diplomatlari 14 kunlik karantinga yuborildi


Xitoydan kelayotganlar Tojikiston aeroportlarida tekshiruvdan o'tkazilmoqda.
Xitoydan kelayotganlar Tojikiston aeroportlarida tekshiruvdan o'tkazilmoqda.

6-fevral kuni Dubay orqali Dushanbe shahriga uchib kelgan bir guruh Xitoy diplomatlari 18 soat davom etgan tortishuvlardan soʻng 14 kunlik karantinga yuborildi.

Masʼullarning aytishicha, Xitoy diplomatlari dastlab Dushanbe aeroportida diplomatik daxlsizliklarini roʻkach qilib, tibbiy koʻrikdan oʻtishga rozi boʻlmagan. Bir necha soatdan keyin ular tekshiruvdan oʻtkazildi, ammo 14 kunlik karantinga borishdan bosh tortishgan.

Ularga Varzob darasidagi eng yaxshi sanatoriylardan birida tashkil etilgan karantin mintaqasini taklif etilgan. Ammo ular bunga rozi boʻlmadi. Shuningdek, ularga taklif etilgan oziq-ovqatni isteʼmol qilishdan ham bosh tortishdi. Shunga qaramay, rasmiylar ularga aeroportdan chiqishga ijozat berishmadi. Orada tortishuvlar boʻldi. 18 soat davom etgan muzokaralardan soʻng Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi va Xitoyning Dushanbe shahridagi elchixonasi masʼullari kelishuvga erishdi: Xitoy diplomatlari ham 14 kun davomida karantin nazoratida ostida qoladigan bo'ldi.

"Vaziyat Millat peshvosi nazoratida!"

Tojikiston Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vazirining aytishicha, mamlakatga koronavirus kirib kelmasligi uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilgan.

“Koronavirusni aniqlash uchun 2000 dona test olish namunasi olib kelindi. Doimiy amal qiluvchi shtab tuzilgan. Vaziyat shaxsan Millat peshvosining nazorati ostida“, - dedi Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri Nasim Olimzoda.

Vazirning aytishicha, Tojikistonda biror nafar bu kasallikka chalingan odam aniqlangani yoʻq. Virus xuruj qilgan Xitoy Xalq Respublikasi bilan oradagi barcha qatnovlar cheklangan. Uchinchi mamlakat orqali Xitoydan kelgan vatandoshlar, jumladan, talabalar maxsus karantin nuqtalarida saqlanmoqda. Ular soni hozir 645 nafarga yetgan. Ularning birortasida koronavirus alomatlari maʼlum boʻlgani yoʻq. Mamlakatda to'rt ming odamga moʻljallangan karantin mintaqasi tayyorlangan.

6-fevral kuni Tojikiston Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri Nasim Olimzoda tez kunlarda Xubey provinsiyasining Uxan shahridagi 58 nafar vatandoshni ham Tojikistonga olib kelish rejalashtirilganini aytdi. Aslida Uxandagi Tojikiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi yordami bilan evakuatsiya qilish kutilayotgan edi.

Rossiya faqat oʻz fuqarolarini evakuatsiya qildi

Tojikiston hukumati Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va hukumatiga Xitoydagi tojikistonliklarni evakuatsiya qilishda yordam berishni soʻrab murojaat qilgan edi. Taqriban 50 nafar tojikistonlik, asosan, talabalar Xitoydan Rossiyaga evakuatsiya qilinishi kutilayotgan edi. Ammo oxirgi soatlarda bortga faqat Rossiya fuqarolari olinishi ma'lum bo'ldi.

Rossiya Tojikiston fuqarolarini evakuatsiya qilishdan butunlay bosh tortgani yoʻq. Taqriban ikki haftalardan soʻng imkoniyat paydo boʻlishi bilan ularni Xitoydan olib chiqishi mumkinligini bildirgan. Ammo Tojikiston rasmiylari yana ikki hafta kutib oʻtirmaslikka qaror qildi.

3-fevral kuni Rossiyaning “Uralskiye avialinii“ shirkati Xitoy aeroportida qoʻlida Sankt-Peterburgga bileti boʻlgan tojikistonliklarni ham bortga olishdan bosh tortgan.

Mamlakatga kirish nuqtalari nazorat qilinmoqda

So'gʻd viloyati sanitar-epidemiologiya stansiyasi karantin markazi boshligʻi oʻrinbosari Abduaziz Rahimovning aytishicha, shu kungacha birgina Xoʻjand xalqaro aeroportida 4000 nafardan ortiq odam tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ulardan 162 tasi Xitoydan kelayotganligi aniqlanib, ikki haftalik karantinga joylashtirilgan.

“Xitoyda koronavirus tarqalganidan keyin biz nazoratni kuchaytirdik. 25 ming AQSh dollariga aeroport teplovizor apparatini sotib oldi. Teplovizor bir necha soniyalar ichida odamnning haroratini koʻrsatadi. Biz yoʻlovchilarning haroratini tekshiryapmiz. Shu kungacha 4000 dan ortiq yoʻlovchini tekshirdik, birortasida koronavirus alomatlari uchramadi. Shunga qaramay Xitoydan Rossiya yo boshqa davlat orqali kelgan yoʻlovchilarning barchasi 14 kun davomida yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilib, nazorat qilinmoqda“, dedi Abduaziz Rahimov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG