Breaking News

Bruklinda Samarqand mahallasi bor


Nyu-Yorkdagi Kichik Samarqand
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:16 0:00

Nyu-Yorkdagi Kichik Samarqand

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi bir chorrahani kichik Samarqandga o’xshatishadi. Har qadamda o’zbek restoranlari, do’konlar, o’zbekcha va ruscha yozuvlar.

Bruklin tumanidagi 18-Avenyu (Avenue) va Oushen Parkvey (Ocean Parkway) ko'chasi kesishgan chorraha... Qayerga qaramang vatandoshlar ochgan do'konlar, oshxona, restoran va ofislarga ko’zingiz tushadi. Atrofdagi tibbiyot muassasalari-yu dorixonalarda hech bo'lmaganda ruscha so'zlashuvchi xodim topilishi aniq. Bu ko'chada o'zbek va tojik tillarida so'zlashuvchilar o'zlarini aslo begona his qilishmaydi.

“18-Avenyuda Oushen Parkveydan u yog'iga o'tsangiz o'zimizning minimarketni ko'rishni boshlaysiz. Salgina pastroqqa tushsangiz Siyob bozor degan bozorlar bor. O'zimiznikilarning sartaroshxonalari pastroqda, hammasi yaqin atrofda joylashgan. Ko'p joyda o'zbeklar, o'zimizni samarqandliklar. Menga shunaqa tuyuladiki, bu yerga kelganingizda kichkina O'zbekistonga kelganday bo'lib qolasiz. Shunaqa joy”, - deydi asli farg'onalik talaba Shahzod.

"Bu bizga Samarqandning Registon degan joyini eslatib turadi. Chunki hamma samarqandliklar shu yerda joylashgan”, - deya atrofni ta'riflaydi vatandosh Yahyobek Polvonov.

32 yashar Yahyobek “Urgut Tandir Ekspress” restoranini yuritadi. Olti yil oldin grin karta yutib, AQShga ko'chib kelgan. Ona yurtdan olisda yurishning sog'inchlari unga begona emas.

Musofir va muhojir yangi yurtda eng avvalo o'z milliy taomini qo’msaydi. Shahzodni ham bu oshxonaga aynan o'zbekona o'choq va tandir boshlab kelgan.

"Mazali taomlar tayyorlashadi, ko'proq oshini maqtashgan. Tandir somsasi yaxshi deyishgan. Shuning uchun shu yerga kelganman. Hayron qoladigan jihati shundaki, bu yangilikni aynan yurtdoshimizdan emas, amerikalikdan eshitganman”, - deya eslaydi Shahzod.

“Urgut Tandir Ekspress, tandir o'zimizning somsani ma'nosini beradi. Samarqand viloyati Urgut tumani nomini berdik, o'zimizni yurtimizni nomini dunyoga tanitish uchun”, - deydi restoran egasi Yahyobek Polvonov.

Bu kabi oshxonalar chindan ham bu yerda shakllanayotgan yangi o'zbekistonliklar jamiyatini tanityapti. Lekin mijozlar asosan o'zbekistonliklar, xususan samarqandliklar.

“Ko'pchilik. Ko'chalarda yursak ham, magazinlar, taksichilar, hamma-hamma samarqandliklar shu yerda joylashgan, o'zimizni xuddi Samarqandda yurgandek his qilamiz. Ko'pchilik mana shu yerda joylashgani uchun o'zimizning Samarqand, Urgut stilidagi osh, somsa, manti kabi ovqatlarni pishirib ish faoliyatimizni yurityapmiz”.

Nyu-Yorkda, xususan Bruklun tumanida vatandoshlar ochgan oshxonalar ko'p
Nyu-Yorkda, xususan Bruklun tumanida vatandoshlar ochgan oshxonalar ko'p

Urgutlik Alisher Toshev bugun do'stlari bilan tandir somsalardan tanovul qilishga kelgan. Makdonalds yaxshi, lekin bizga milliy taomlarimiz ma'qulroq, deydi u.

“Bizlar Uber taksichilarimiz. Urgut Tandir Ekspresni urgutlik bolalar ochishgan. Biz uchun qulay. Kechasi bilan taksichilik qilamiz. Ertalab 8-9 larga kelamiz, tandirdan qo'y go'shti, mol go'shtidan somsa chiqadi, ikkita-ikkita yeb uyga ketamiz”, - deydi Alisher.

Xorijda yo’lini topgan har bir muhojirning o’z qissasi, o’z hikoyasi bor. Yahyobek asalchilar sulolasi vakili ekan. Okean ortiga kelgach avval oshpazlik qilgan, so'ngra yuk mashinasida haydovchilik qilib barcha shtatlarni kezib chiqqan. Olti oy ilgari mo'jazgina restoranni ochdi. O'ziniki kabi farzandlari shu atrofdagi maktabga qatnab yangi yurtda ulg'ayayotgani, shu yurtda uy-joy qilishni mo'ljallayotganlar ham ko'p ekanini gapirib berdi suhbatdosh. Demak, milliy oshxonalarga ehtiyoj ortishiga ishonadi Yahyobek.

Ko'chaning narigi boshida yurtdoshlar yuritadigan oziq-ovqat do'koni joylashgan. Samarqanddagi qadim Siyob bozori sharafiga shunday nomlangan.

Sarxil meva, issiq non yoki vatanda ishlatiladigan boshqa mahsulotlar… Siyob bozorida yoki Fortuna supermarketida hammasi muhayyo. Notanish mahsulotlarni o'zbeku tojik tillarida so'zlovchi xodimlar tushuntirib berishadi.

Do'konda Xorazm guruchlaridan tortib samarqandliklar palovi uchun zarur sariq sabzigacha topiladi. Navvotu quruq meva, qo'y va mol go'shtidan tortib til va tuyoqlargacha, do'kon peshtaxtalaridan kanda emas.

Bozorlik bahonasida bir zum ona vatan og'ushida bo'lgach, ular to'rtta nonni qo'ltiqlab ostona hatlagach yana orzu qilganlari Amerikaga qaytadilar. O'zlari va farzandlari uchun jonajon uyga aylanib borayotgan yangi yurtlariga.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG