Breaking News

Hisobot: Afrikalik talabalarning viza arizasi eng ko'p rad etilmoqda


Vizasi rad etilgan xalqaro talabalar: tizimda xatolik bormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00

AQSh o’quv yurtlarida o'qishni istagan xalqaro talabalar “F-1” vizasisini olish uchun Davlat departamentiga murojaat qilishi kerak. Ushbu viza talabalarga o'qish paytida AQShda yashash imkonini beradi. Yaqinda e’lon qilingan bir hisobotga ko’ra, afrikalik talabalarning viza arizalari boshqa qit'alardan kelganlarga qaraganda ko'proq rad etilmoqda.

Ruandalik iste'dodli o'smir Jessika Keza o'tgan yili San-Fransiskodagi maktabda o'qish uchun to'liq grant yutib oldi.

U basketbol, balet o’ynashni hamda biomuhandislikni yaxshi ko'radi.

"Men bu yerda biotibbiyot mutaxassislari yo’qligini bilib qoldim. Shu bois men bemorni parvarishlash jarayonini yaxshilashga yordam beradigan asboblarni ishlab chiqarish orqali shifokorlarga yordam berishni xohladim", - deydi u.

Jessika talabalarga o'qish paytida AQShda yashash imkonini beruvchi “F-1” vizasi uchun hujjat topshirganda, AQSh Davlat departamenti uning arizasini rad etib, orzularini chil-parchin qildi.

Ruandada ishlayotganda Jessika bilan tanishgan va o'smirni San-Fransiskoda qabul qilishni rejalashtirgan Debbi Findling ham bu qarordan birdek xafa bo’ldi.

"U buni tizimdagi kamchilik emas, o'zining kamchiligi deb o'yladi va bu mening yuragimni ezadi", - deydi u.

Jessika AQShda o'qish uchun vizasi rad etilgan ko'plab xalqaro talabalardan biri.

Oliy taʼlim va immigratsiya boʻyicha Prezidentlar alyansining iyul oyidagi hisobotiga ko’ra, 2015-2022-yillar oraligʻida Davlat departamenti “F-1” vizasiga rekord darajada rad javobini bergan.

Hisobotda aytilishicha, sakkiz yillik davr mobaynida obro'li maktablar Jessika kabi 92 ming afrikalik talabani qabul qilgan, lekin ularning viza arizasi rad etilgan.

500 dan ortiq universitet va kollej prezidentlari alyansi tomonidan olib borilgan tadqiqotning ko'rsatishicha, afrikalik talabalarning 50% dan ortig’i rad javobini oladi; yevropalik talabalar orasida esa bu ko’rsatkich 10% dan past.

“Dunyo miqyosida rad etishlar ko'paydi, lekin eng muhimi, rad etishlar afrikalik talabalar orasida nomutanosib darajada ko’p. Biz ma'lumotlarga qanday qarashimizdan qat'i nazar, qaysi davrga nazar tashlasak ham, afrikaliklar katta darajada viza ololmayotganini ko’ramiz”, - deydi hisobot muallifi Rajika Bandari.

AQSh oliygohlaridagi xalqaro talabalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

Davlat departamenti universitet prezidentlari hisobotini rad eta olmasligini aytdi.

Biroq, yozma bayonotda aytishicha, 2023-yilda "Davlat departamenti afrikalik talabalarga so'nggi o'n yil ichidagi eng ko'p - 40,000 dan ortiq viza bergan. Barcha viza arizalari Immigratsiya va fuqarolik to'g'risidagi qonunga va amaldagi federal tartibga muvofiq alohida-alohida ko'rib chiqiladi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Findlingning turmush o’rtog’i Stiv Moss ham Ruandada ishlaydi. Unga ko’ra, viza berish jarayonida nosozlik bor.

“Davlat departamentidagi tizim tubdan oʻzgarishi kerak. Rad etish jarayoni shaffof bo'lishi kerak va u darhol oshkor qilinishi kerak. Ular nima uchun rad qilganini aniq aytishlari va bu qarorga asos keltirishlari lozim”, - deydi Moss.

Jessikaning mezbon oilasi o'smirni himoya qilish uchun immigratsiya bo'yicha advokat Dalia Frenchni yolladi.

Frenchning aytishicha, AQSh qonunchiligiga ko'ra, vizaga murojaat qilgan har bir kishi potensial immigrant sifatida ko’riladi va o'z vataniga qaytish niyati borligini isbotlashi kerak.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Davlat departamenti ruandalik o‘smirga nima uchun viza bermaganini asoslash majburiyatiga ega emas.

“Ushbu qaror ustidan shikoyat qilib bo’lmaydi va qonun siz qayerda muvaffaqiyatsizlikka uchraganligingiz haqida tushuntirish berishni talab qilmaydi. Menimcha, AQSh immigratsiyasida aniq kamchilik bor. Buni inkor etib bo'lmaydi", - deydi advokat Dalia French.

Jessika kayfiyatini tushirmaslikka urinyapti.

"Bir narsani bildimki, dunyo juda adolatsiz va biz har doim ham xohlagan narsamizga erisha olmaymiz. Lekin oldinda sizni kutayotgan son-sanoqsiz imkoniyatlar bor, shuning uchun orzularingizni ushlab turing", - deydi qiz.

Hozir so’nggi sinfda o‘qiyotgan Jessika biomuhandislik bo‘yicha o‘qishni davom ettirish uchun dunyo bo’ylab turli mamlakatlardan imkoniyat qidirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG