Breaking News

HRW: Markaziy Osiyo - inson huquqlari yanayam toptalayotgan mintaqa


Qosim-Jo'mart To'qayev, Emomali Rahmon, Sadir Japarov, Sardor Berdimuhamedov va Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari xarob ahvolda
Qosim-Jo'mart To'qayev, Emomali Rahmon, Sadir Japarov, Sardor Berdimuhamedov va Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari xarob ahvolda

Rossiyaning Ukrainaga bosqinchiligi fonida G'arbga yaqinlashgan Markaziy Osiyo davlatlarida inson huquqlari bilan bog'liq ahvol yaxshilanishi kerak edi, ammo buning aksi yuz bermoqda, deya xulosa qilmoqda Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" xalqaro tashkiloti.

Qosim-Jo'mart To'qayev, Emomali Rahmon, Sadir Japarov, Sardor Berdimuhamedov va Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari xarob ahvolda, deya tasvirlanadi hisobotda.

Mintaqa bo'ylab so'z va matbuot erkinligi, uyushish erkinligi, siyosiy va barcha turdagi huquqlar yanada cheklanib, muxolifatga nisbatan repressiya kuchaygan. Fuqaroga nisbatan zo'ravonlik, xususan uni qiynoqqa solish hollari kuzatiladi.

"AQSh hukumati va Yevropa Ittifoqi a'zolari yuqori darajali diplomatik aloqada bu muammolarni bartaraf etish uchun harakat qilishi kerak", - deyiladi tahlilnomada.

Markaziy Osiyo hukumatlari G'arb bilan sheriklikdan manfaatdor ekan, deya undaydi HRW, demokratik dunyo o'z qadriyatlarini yoyishga, ular hurmat qilinishi uchun chora ko'rishi kerak.

“G'arb mintaqaga ko'proq qiziqqani sari mintaqada huquq ahvoli yomonlashib bormoqda", - deydi Hyu Uilyamson, tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh direktori.

“Vaholanki, G'arb va mintaqa orasidagi rishtalar mahkamlanar ekan, inson huquqlari markaziy o'ringa chiqishi lozim va hukumatlar islohotlar haqida bergan va'dalarini bajarishlari kerak.”

Dunyo bo'ylab bugungi vaziyat qanday ekaniga nazar tashlovchi 740 betlik hisobotda HRW Yaqin Sharqdagi qonli urushlardan tortib, barcha qit'alardagi holatga birma-bir baho beradi. Aksariyatida huquqlar muntazam poymol etilayotgani ayon.

Tashkilot rahbari Tirana Hasan deydiki, huquqni hurmat qilish har bir davlatda asosiy majburiyat, tub talab.

"Inson huquqlari bilan bog'liq qonunlarga xohlaganingiz uchun emas, bundan boshqa yo'l yo'q ekani uchun, zimmangizdagi buyuk mas'uliyat ekani uchun bosh egasiz", - deydi Hassan, hukumatlarga qarata.

Hisobotdan ma'lumki, har bir jamiyatda yetakchi huquqbuzar - boshqaruv va tizim.

2022-yilda hukumatga qarshi to'polonlar ketidan tub islohotlar qilishga so'z bergan To'qayev Qozog'istonda qonun ustuvorligi ta'minlanishi uchun zarur qadamlar tashlamagan. Sistematik adolatsizliklar davom etmoqda, tanqidchilar qamalmoqda, sud mustaqil emas, qiynoqlar to'liq tekshirilmaydi.

Qozog'istonda namoyishga chiqqanlar jazolanadi. Oiladagi zo'ravonliklarga ko'z yumiladi. Hukumat xotin-qizlarni himoya qilishda oqsab keladi, loqayd.

Yaqingacha nisbatan erkin hisoblangan Qirg'iziston endilikda qo'shnilariga o'xshab qolgani kuzatiladi, ya'ni boshqaruv tobora avtoritarlashib, fuqaro jamiyati va media erkinlik cheklangan. Adolat talabi bilan chiqqanlarning ovozi o'chiriladi, tuzum ularni dushman deb tamg'alaydi.

Qirg'iziston bugun siyosiy mahkumlar mamlakatati. Jurnalistlar va blogerlardan tortib har qanday soha vakili tizimni savolga tutgani uchun tazyiq ostiga olinadi.

Tojikistonda siyosiy faollikka jinoyat deb qaraladi va o'tgan bir yil ichida o'nlab fuqarolar hibsga olingan, sudlangan, uzoq yillik qamoqqa mahkum qilingan.

Hukumatni tanqid qilgan odamlar man etilgan tashkilotlarga a'zolikda, ekstremizmda, shuningdek, tuzumga qarshi harakatlarda ayblanadi.

Tog'li Badaxshon muxtoriyatida 2022-yilda hukumatga qarshi qo'zg'olon ayovsoz bostirilganidan beri madaniy huquqlar va e'tiqod erkinligi deyarli man etilgan. Avtonomiya - Tojikistonning eng yopiq va eng qattiq zulm ostidagi qismi.

Turkmanistonda biror jihatdan ochilishdan darak yo'q. Yopiq va repressiya ostidagi mamlakat. Media, har qanday shakldagi faollik, agar hukumatni yoqlamasa, yo'q qilinadi. Internetdagi faoliyat ham keskin nazorat ostida.

Xorijga chiqib ketgan turkmanlar va ularning vatandagi qarindoshlari kuzatuvda. Daraksiz ketganlar ko'p.

Turkmaniston fuqarolari chet elda bo'lsa, pasportini yangilay olmaydi. Mamlakatga qaytishga majbur.

Yillardan beri iqtisodiy inqirozda yashayotgan xalqqa yordam berilmaydi. Fuqarolarga madad ko'rsatish xizmatlari deyarli shakllanmagan.

Mintaqaning eng yirik jamiyati bo'lmish O'zbekistonda ham tizim fuqaro faolligini faqatgina hukumatni quvvatlaganda qabul qiladi. Aks holda, tergov qilinishingiz, sudlanishingiz va qamalishingiz mumkin.

HRWga ko'ra, O'zbekiston hukumati 2022-yilda Qoraqalpog'istonda yuz bergan g'alayonlar, o'nlab insonni hayotdan olib ketgan voqealar yuzasidan adolatni hamon ta'minlamagan.

O'tgan bir yilda esa jurnalistlar va blogerlarga bosim oshib, mamlakatda matbuot va so'z erkinligiga nisbatan to'siqlar yaqqol sezilgan.

Mustaqil fuqaro jamiyati kengayishi uchun qadamlar tashlanmagan. Adliya vazirligi inson huquqlari faollarining murojaatlarini qayta-qayta rad etgan, shuningdek, siyosiy partiya tuzish uchun berilgan arizalarga ham salbiy javob berilgan.

O'zbekistonda xotin-qizlar himoyasi yo'lida qabul qilingan yangi qonun, oilaviy zo'ravonlikka nisbatan jazoni kuchaytirish chorasi olqishlangan, ammo tizim adolatni ta'minlashga qodir ekani hali isbotlanmagan, deya qayd etiladi HRW hisobotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG