Breaking News

Amerikaga ishlagan afg'onlar Kongressdan umidvor


Fort Makkoy, Viskonsin shtati, 30-sentabr, 2021
Fort Makkoy, Viskonsin shtati, 30-sentabr, 2021

AQSh Senatida erishilgan kelishuvga asosan 118 milliard dollar Meksika bilan chegarani mustahkamlash, Isroil va Ukrainaga yordam berish hamda bir paytlar Afg'onistonda bu davlat uchun ishlagan odamlarga madad ko'rsatish uchun sarflanishi mumkin.

Amerikaga qochqin sifatida kelib, hali ham doimiy maqom olmagan afg'onlar bu hujjatga ko'z tikkan.

Biroq loyiha hali ma'qullanmagan. Vakillar palatasi ham o'xshash hujjatni qabul qilmasa, umidlar puchga chiqadi.

Demokratlar orasida bu takliflarga qarshilar talay. Ular nazarida respublikachilar immigratsiyani cheklash payida va Amerikani yopishga urinmoqda.

Respublikachilar esa aksini aytadi. Davlatga kirib kelayotganlar sonini kamaytirish kerak, deydi ular.

Ayni damda AQShda 76 ming afg'on statusi aniqlashishini kutmoqda. Ularning masalasini hal etish uchun alohida loyiha ishlab chiqilgan, ammo hamon muhokamada.

Respublikachilar fikricha, afg'onlar keskin elakdan o'tkazilishi shart, chunki orasida radikallar bo'lishi mumkin.

Boshqalar esa ularni qochqin sifatida ko'rib, Iroq va Vyetnam kabi davlatlardan kelgan insonlar qatori boshpana berishga undaydi. Bora-bora ular ham fuqarolikka kira olishi kerak, deydi afg'onlarni quvvatlayotgan qonunchilar.

Demokrat senator Kris Kun palatasidagi kelishuvdan mamnun.

"Bizga yordam berganlar oldida qarzdormiz. Ularning mushkulini oson qilamiz", - deydi Kun.

AQSh minglab afg'onlarga vaqtincha eshigini ochgan. Doimiy qolishi uchun ular qonuniy asosga muhtoj.

Afg'onistonda xizmat qilgan Shon Vandiver bu insonlar manfaatlari uchun kurashayotgan koalitsiyaga bosh-qosh.

"Ular 20 yil biz bilan yonma-yon turgan odamlar. Biz endi ularni himoya qilishdan bosh torta olmaymiz", - deydi urush faxriysi.

Vakillar palatasida hukmron respublikachilar hozircha Senatdagi hujjatni yoqlamayapti.

Lobbichilar harakatni to'xtatmaydi, deydi Vandiver. U bu masalada Davlat departamenti bilan ham hamkor.

"Bu - davlatimiz uchun zarur qadam. Odamlarga umid berib, keyin orqaga qayta olmaysiz. Minglab oilalar madad kutmoqda. Ular bunga arziydi. Majburiyatlarimizni ado eta olmaslik biz uchun, Amerika uchun uyat", - deydi veteran.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG