Breaking News

Hindiston, eng yirik demokratiya, saylov arafasida


Hindiston parlamenti, 25-may, 2019
Hindiston parlamenti, 25-may, 2019

1,5 milliardga yaqin aholisi bilan Hindiston jahondagi eng yirik demokratik tizim va jamiyatdir. Qariyb 970 million saylovchiga ega. Hindu millatchi sanaladigan Bosh vazir Narendra Modi yaqinlashayotgan saylovlarda kuchli muxolifat, bir necha partiyadan iborat koalitsiya bilan yuzlashadi.

73 yoshli Modi 2014-yilda hokimiyatga kelganida iqtisodiy ravnaq va shaffoflik va'da qilgan edi. Biroq uning davri korrupsiya va dinning siyosatga aralashuvi keng kuzatilgan davr bo'ldi. Hindular, ko'pchilik, uning boshqaruvi ostida yanayam kuchli tomonga aylandi. Ozchilik, musulmonlar, imkoniyatlar va manfaatlarini boy berganini aytadi.

Hindiston iqtisodi qanchalik rivjlanmasin, mamlakat hamon qashshoqlik va ishsizlik ummonida, millatchilik va diniy diskriminatsiya normal hol, erkinlik va adolat darajasi pasaygan.

Bosh vazir Narendra Modi Mirut shahrida saylovchilar oldida, 31-mart, 2024
Bosh vazir Narendra Modi Mirut shahrida saylovchilar oldida, 31-mart, 2024

Parlament saylovlari Hindistonda 19-aprelda boshlanadi va 4-iyunda yakunlanadi. Bir millardga yaqin saylovchi 543 qonunchini saylashi kerak. Parlamentning quyi palatasidagi bu vakillar besh yil xizmat qiladi.

Saylov 7 bosqichdan iborat va 1 milliondan oshiq saylov uchastkasi ishlaydi. Zo'ravonliklarning oldini olish, siyosatchilar va rasmiylarni qo'riqlash va ovoz berish mashinalari xavfsizligini ta'minlash uchun o'nlab ming zobit safarbar etiladi.

Kim eng ko'p ovoz olsa, shu yutadi. Parlamentda ko'pchilik o'rinni egallash 272 a'zo bir tarafda bo'lishini talab qiladi, ya'ni qo'li baland kelgan partiyalar koalitsiya tuza olishi lozim.

Modining Bxaratiya Janata partyasi (BJP) bir kuchli tomon bo'lsa, uning raqibi - Rahul Gandi yetakchiligidagi Hindiston Milliy kongressi. Muxolifatga yana qator partiyalar qo'shilgan.

Oppozitsiya hozirda INDIA degan ittifoqqa birlashgan va u Modi qayta saylanishiga yo'l bermoqchi emas. Saylansa, bu Modi uchun uchinchi muddat bo'ladi.

Muxolifat g'alaba qozonsa, kim bosh vazir bo'lishi hali aniq emas.

Hindistonda muxolifat bir necha partiyadan iborat yirik koalitsiya
Hindistonda muxolifat bir necha partiyadan iborat yirik koalitsiya

Ommaviy so'rovlar natijasiga tayanilsa, Modi yutishi mumkin, ayniqsa hindular uchun oxirgi paytlarda qilgan qator iltifotlaridan keyin. Yangi ibodatxonalar ochib, obidalarni tiklab, aynan bu guruhga bergan va'dalarining ustidan chiqqani uchun.

2019-yildagi saylovda BJP parlamentdagi 303 o'rinni bemalol egallagan edi, Kongress esa atigi 52 o'rinni.

Hindiston o'nlab yillar mobaynida adolatli saylovlari, raqobatli siyosiy maydoni, erkin media, mustaqil sud tizimi va siyosiy huquqlarga hurmati bilan nom qozongan sistema edi.

Modi davrida esa bu qadriyatlar boy berila boshladi. Xalqaro reytinglarda Hindiston endilikda demokratiya tezlikda yemirilayotgan davlat deb baholanadi.

Hindiston, deydi ekspertlar, hozirgi shaklida demokratik tizim emas, avtokratiya tomon qadam tashlamoqda.

Musulmonlar fikricha, Modi hindularni birinchi darajali fuqarolar deb ko'rib, boshqalarni kamsitishni targ'ib qiladi, ularni mensimaydi. Modi buni inkor etadi.

Jurnalistlar va axborot vositalarining shashti tushgan, bosimlardan nolishadi.

Sudlar Modi siyosatini qo'llovchi qarorlar bilan chiqib, unga bosh egayotgani kuzatiladi.

Federal tizimdan Hindiston markazlashgan va yakkahokimlikka moslashgan sistemaga o'tmoqda, degan xavotir kuchli. Muxolifat Modi ma'muriyatini asossiz tekshiruvlar va sud ishlarida aybladi.

Modi esa uning boshqaruvida Hindistonda iqtisod jadal o'sib, qo'shni Xitoy bilan raqobatda ekanini aytadi. Biroq kambag'allar soni hamon yuzlab millionlarni tashkil etadi, och-nahor va uysizlar serob.

BMTga ko'ra, Hindiston iqtisodiy adolatsizlik chuqur ildiz otgan jamiyatdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG