Breaking News

Demokratiya gibrid tuzumlar qo'lida o'yinchoq, deydi "Ozodlik uyi"


Siyohrang davlat - erkin bo'lmagan mamlakatlar, "Ozodlik uyi" tahlilida, 2024
Siyohrang davlat - erkin bo'lmagan mamlakatlar, "Ozodlik uyi" tahlilida, 2024

Markaziy Osiyoning biror jamiyati bugun erkin emas, davlatlar demokratiya tomon qadam tashlamayapti. "Ozodlik uyi", Vashingtonda asoslangan xalqaro nohukumat tashkilot yangi hisobotida shunday xulosa qilmoqda.

20 yildirki, demokratik boshqaruv susaymoqda, ayniqsa shunday tizim va'da qilingan mamlakatlarda. E'tibor bu yerda Yevrosiyo mamlakatlarida va ayniqsa bir paytlar Sovet ittifoqiga kirgan, 1991-yilda mustaqillikka erishga respublikalarda.

Uzviy huquqlar sistematik toptaladigan bu muhitlarda, deyiladi tahlilnomada, avtokratiya uchiga chiqqan, ya'ni yakkahokimlik. Yakkahokimlar nomiga saylovlar o'tkazadi, siyosiy raqobat bo'lishiga yo'l qo'ymaydi. Ular qo'g'irchoq nomzodlarni ishga soladi. Bosh qomuslar yangilanadi, toki oldingi muddatlar yo'qqa chiqsin.

O'zbekiston mana shunday tuzumga yaqqol misol deb qaraladi. 2023-yilda qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyev 2040-yilgacha hokimiyatda qolish uchun zamin yaratib olgan, vaholanki u ham demokratiya qurishga so'z bergan.

Qirg'iziston, oldinlari sal bo'lsa ham ijobiy baho olgan mamlakat, hozirda avrokratiya to'lqinida. Fuqaro jamiyatini cheklash va tanqidga toqat qilmaslik xavfsizlik bilan bog'liq choralar sifatida ko'rsatiladi.

Qozog'istonda ham azaldan shunday va ayni damdagi rahbariyatning va'dalariga qaramay, vaziyat yaxshilanmagan.

Yakkahokimlarning og'zidan demokratiya so'zi tushmaydi, fuqarolarga va xalqaro hamjamiyatga tinimsiz shu borada bayonotlar qilinadi. Davlat demokratik yo'lda, degan mazmundagi shiorlar yangrayveradi, ammo amalda yakkahokimlar o'z kuchini mustahkamlash bilan ovora. "Ozodlik uyi" tahlilnomasida mana shunday manzaraga urg'u beriladi.

Yevrosiyoda gibrid rejimlar hukmron, deyiladi hisobotda. Ular avtokratik va demokratik sifatlarga ega, chunonchi real olib qaralganda, demokratik institutlar hali juda zaif. Masalan, Serbiya, Bosniya va Gertsegovina, Shimoliy Makedoniya va Montenegro.

Kosovo, Vengriya va Gruziya ham "Ozodlik uyi" nazarida gibrid tuzumlardir.

Gibrid deya baholanadigan 11 davlat orasida o'tgan bir yilda faqat Ukrainada ijobiy holat qayd etilgan, ya'ni uning demokratiyasi biroz mustahkamlangan.

"Ozodlik uyi" bu tadqiqoti doirasida 29 mamlakatdagi vaziyatni o'rgangan. Ulardan 10 tasida muhit og'irlashgan, atigi beshtasida sezilarli progress kuzatilgan. Qolganlar yo siljimagan.

Xalqaro tashkilotlar demokratiya targ'ibotida shu muhitlarga chuqurroq qarab, mavjud dasturlarni qayta ko'rib chiqishi kerak, deya tavsiya qiladi "Ozodlik uyi".

Sloverniya, Litva, Bolgariya, Ruminiya va Polsha - eng ijobiy baho olgan tuzumlar.

Hozirgi intilishlariga qarab, yaqin kelajakda "Ozodlik uyi" Moldova, Ukraina va Kosovo yanayam demokratiklashadi, degan umidda.

Polshada demokratiya tarafdorlarining qo'li balandlasha boshlagani, tadqiqotlarga ko'ra, fuqarolarning o'ziga va tizimga ishonchini oshirgan. Biroq oldindi rahbariyat davrida keltirilgan zararni qoplash uchun yillab qattiq mehnat talab qilinadi.

Real siyosiy plyuralizm va yuzaki ma'muriy o'zgarishlarni farqlay olish lozim, deya tanqid qiladi "Ozodlik uyi". Ikkinchisini qilib, islohotlar qilayapmiz, deya e'tirof izlayotgan davlatlar ko'p. O'tgan yillarda transformatsion jarayonlarga kirgani haqida bong uruvchi O'zbekiston va Qozog'iston, deydi ekspertlar, shunday hukumatlar qatorida.

Markaziy Yevropadan Markaziy Osiyogacha, deydi tadqiqotchilar, Rossiyaning siyosiy-iqtisodiy va ma'naviy ta'siri, agressiv yondashuvi qattiq seziladi.

Ukrainadagi urush to'xtatilishi shart, deya undaydi "Ozodlik uyi", aks holda mojaro oqibatlari kengayaveradi va butun Yevrosiyo kelajagi tahdid ostida.

Tahlilnomada Ozarbayjonning Tog'li Qorabog'ga nisbatan siyosati ham qoralanadi. Ilhom Aliyev rahbariyati nafaqat qo'shni xalq, balki o'z fuqarolarini ezishga mukkasidan ketganlikda ayblanadi.

Rossiyaning Ukrainaga nisbatan, Ozarbayonning esa armanlarga nisbatan siyosati, tadqiqotchilarga ko'ra, ikki qarama-qarshi blokni shakllantirgan. Bir tomonda liberal qadriyatlar va demokratiya, ikkinchi tomonda esa Rossiya yetakchiligidagi oppozitsiya.

Xalqaro me'yorlarni buzish normaga aylanib, avtokratiyalar diktatura ko'rinishiga kirmoqda. Muxolifatni bo'g'ish, sanksiyalarni chetlab o'tish, harbiy kuchni mas'uliyatsiz ravishda ishlatish, qilmishi uchun hech kimning oldida javob bermaslik.

Kreml bunday tuzumning modeli sifatida ko'ksini kerar ekan, Yevrosiyoda xavotirli bir tartib vujudga kelmoqda. Demokratik dunyo hali bu jarayonlarga munosib javob bera olmadi, ularga nisbatan chora ko'ra olmadi, deya tasvirlanadi tahlilnomada.

G'arb faollashishi lozim, deya undaydi tashkilot, chunki uning qadriyatlari oyoqosti qilinmoqda. Demokratiya bayrog'i ostida yakkahokimlik qanot yozib, liberal tushunchalarning ahamiyati pasaymoqda.

Erkin va adolatli saylovlar, siyosiy muhokama va debatlar, hukumatning xalqqa xizmat qilishi, mas'uliyat va javobgarlik hissi, har bir sohada inson huquqlari e'zozlanishi, adolatli va haqqoniy biznes, institutsional islohotlar, qurolli kuchlar va xavfsizlik organlari ustidan demokratik boshqaruv, mustaqillik, suverenitet, tinch aholini ehtiyot qilish - bu jabhalarda Yevrosiyoda yutuq juda oz, deyiladi hisobotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG