Breaking News

AQSh mikrosxemalar ishlab chiqarishda yetakchilikni qayta qo'lga olish umidida


AQSh mikrosxemalar ishlab chiqarishga milliardlab dollar sarflamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:24 0:00

Prezident Jo Bayden Tayvanning eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi kompaniyasiga Arizonada yarimo'tkazgichlar ishlab chiqarish uchun 6,6 milliard dollar grant ajratilishini e'lon qildi. Bu yordam texnologik gigantning shtatdagi sarmoyasini 65 milliard dollarga yetkazuvchi uchinchi obyektni qurish uchun sarflanadi.

Bir dona yarimo'tkazgichli tranzistor qum zarrasidan ham kichikroq. Milliardlab chiplar birlashib, dunyoni o’zaro bog’laydi. Ular urush qurollarini boshqarishi va hatto kun kelib sizning mashinangizni haydashi mumkin.

Amerika o’zida kashf qilingan bu texnologiyani ishlab chiqarishda so’nggi yillarda ancha ortda qoldi.

“Biz butun dunyo uchun mikrosxemalarning 40 foizini ishlab chiqarardik. Hozir esa 10 foizdan kam mahsulot chiqaryapmiz”, - deydi Shimoliy Arizona universiteti tadqiqotchisi Endi Veng.

Bayden ma'muriyati Arizona shtatida uchinchi obyektini qurishi uchun dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqaruvchi TSMC kompaniyasiga 6,6 milliard dollar mablag' ajratilishini e'lon qildi.

O’n yil ichida bu kompaniya AQShni dunyodagi eng ilg'or yarimo'tkazgichlarning 20 foizini ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylantirish niyatida.

Yordam 2022-yilgi CHIPS va Ilm-fan qonuni asosida beriladi. Prezident Jo Bayden TSMCning Arizonadagi birinchi zavodiga shaxsan tashrif buyurgan edi.

"Do’stlar, ishlab chiqarish Amerikaga qaytdi”, - degan edi Bayden.

Muhandislarning ta'kidlashicha, qonun chip ishlab chiqarishdagi asosiy og’riqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

"Biz innovatsiyalar sekinlashgan so'nggi 15-20 yillik davrdamiz. Hammasi moliyaviy natijalar, investorlar mablag’i va aksiyalarning o’shishi bilan bog'liq. Innovatsiya yuz bermayapti. CHIPS qonuni shuni tiklash uchun ajoyib imkoniyat”, - deydi Kaliforniya universiteti eksperti Tod Akilies.

Buni ijro etish uchun iqtidorli kadrlar kerak. Oq uyning aytishicha, yangi sarmoya qurilish va ishlab chiqarish sohasida 25 ming ish o'rni yaratadi. Bu ehtiyojni qondirish uchun ishchilar yetarlimi?

"Bizning muhandislik kollejimiz mamlakatda eng kattasi bo’lib, unda 33 000 dan ortiq talaba tahsil oladi. Lekin biz hali ham yarimo'tkazgich sanoatidagi kompaniyalardan kerakli ishchilarni topa olmayotganliklari haqida eshitamiz", - deydi Arizona Davlat universitetidan Zakari Xolmen.

TSMC kompaniyasi 2022-yilda dunyodagi eng ilg'or chiplarni ishlab chiqaruvchi zavod qurilishini boshladi.

Chip ishlab chiqarish kuchaygan sari, u murakkab va qimmatlashib boradi.

Mikrosxemalarni yaratgan mamlakat yana yetakchilikni qo’lga kirita oladimi? Bayden bunga ishonishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG