Breaking News

RSF: Markaziy Osiyoda mediaga bosim oshgan, Rossiya o'rnak


Qanchalik qizil bo'lsa, mamlakatda matbuot shunchalik cheklangan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2024-yilgi reytingi.
Qanchalik qizil bo'lsa, mamlakatda matbuot shunchalik cheklangan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2024-yilgi reytingi.

O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari matbuot erkinligi eng cheklangan davlatlar qatorida qolmoqda. Tuzumlar jurnalistlarga bosim o'tkazishda Rossiyadan o'rnak oladi, deydi tadqiqotchilar.

Matbuot erkinligini himoya qilish uchun jahon bo'ylab siyosiy iroda yetishmaydi, deya xulosa qilmoqda Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" (Reporters sans frontières, RSF) tashkiloti.

180 mamlakatdagi vaziyat o'rganilganida eng keng tarqalgan salbiylik hukumatlarning axborot vositalarini himoya qilmayotgani ekani aniqlangan. Aholining erkin va ishonchli ma'lumot olishi uchun sharoit yaratilmayotgani - eng o'gir muammo, deyiladi hisobotda.

"Media mustaqilligiga bolta urish, unga bosim o'tkazish, dezinformatsiya maqsadida uni manipulyatsiya qilish, jurnalistlarga dushman sifatida qarash, ularning rolini ataylab pasaytirish ... 2024-yilda dunyoning yarmidan ortiq aholisi saylovga chiqar ekan, siyosiy muhit yanayam murakkablashgan".

Tashkilot matbuot erkinligi reytingini besh omilga asosan ishlab chiqadi, xususan siyosiy muhit, qonunchilik, iqtisodiy ahvol, ijtimoiy-madaniy muhit va xavfsizlik.

"Matbuot erkinligi aslida uni kafolatlashi kerak bo'lgan hukumat tomonidan poymol etilmoqda, siyosiy boshqaruvdagilar uni buzmoqda", - deyiladi unda.

RSF hisobicha, G'azodagi urushda 100 dan ortiq falastinlik jurnalist Isroil kuchlari tomonidan o'ldirilgan, jumladan 22 nafari ish paytida nishonga olingan.

Falastin reytingda 157-o'rinda. U - matbuot xodimlari uchun eng xavfli hududlardan biri.

Undan tashqari Yaqin Sharqdagi eng muammoli mamlakatlar - Yaman, Saudiya Arabistoni, Eron, Falastin, Iroq, Bahrayn, Suriya va Misr.

Qanchalik qizil bo'lsa, mamlakatda matbuot shunchalik cheklangan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2024-yilgi reytingi.
Qanchalik qizil bo'lsa, mamlakatda matbuot shunchalik cheklangan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2024-yilgi reytingi.

AQSh bu yilgi reytingda 10 o'rin pastga tushib, "qoniqarli" degan kategoriyadan "muammoli" degan kategoriyaga o'tgan, 55-o'rinda. Afg'oniston - vaziyat eng o'gir uch davlatdan biri, 178-o'rinda.

Lotin Amerikasi, Afrika, Yevrosiyo va sharqda jurnalistlardan saylov propagandistlari sifatida foydalanish, yolg'on tarqatishda ularni qo'llash, bo'ysunmagan matbuotni ezish, mustaqillikka intilganlarni yopish va/yoki sudlash - bugungi dunyoda eng keng tarqalgan illatlardan va odatlardan biri, deya qayd etiladi RSF.

Hukumatlar ijtimoiy tarmoqlarda ham jurnalistlar va blogerlarga tazyiq o'tkazmoqda. Aynan bu platformalardagi faoliyati uchun ko'plab matbuot xodimlari sudlanadi va qamaladi, jumladan Xitoyda. Vyetnam ham bu jihatdan o'gir jamiyatlardan biri. Bu ikki davlat va Shimoliy Koreya - Osiyoda media uchun eng og'ir jamiyatlar.

Yirik axborot vositalarining hokimiyatga yaqin odamlar tomonidan zo'rlab sotib olinishi Yevropa davlatlarida ham hamon uchrab kelmoqda, masalan, Italiyada.

31 davlatda siyosatchilarning matbuot ishiga aralashishi va uni bo'yin egishga majburlashi sistematik holat, deyiladi RSF tahlilnomasida.

Unda ta'kidlanishicha, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hukumatlari Rossiyaga xos repressiv usullarni ishga soladi, jumladan hukumat - eng ishonchli axborot manbai va rahbariyat aytganidan boshqa har narsa uydirma, degan yondashuvni.

Bu tobora yaqqol sezilayotgan mamlakatlardan biri Belarus 167-o'rinda. Gruziya 103, Ozarbayjon esa 164.

Rossiyaning o'zi reytingda 162-o'rinda, Ukraina esa 61.

Markaziy Osiyoda reytingda eng yuqorida turgan davlat - Qirg'iziston, 120-o'rinda, ya'ni vaziyat qiyin bo'lgan mamlakatlar safida. Qozog'iston 142-o'rinda. O'zbekiston 148, Tojikiston 155, Turkmaniston 175.

"Chegara bilmas muxbirlar" nazarida bu hukumatlar mediani ezishda Kremldan o'rnak oladi, deya tasvirlaydi RSF.

1-o'rinda Norvegiya, ammo una ham siyosiy muhit orqaga ketgani kuzatilmoqda. Daniya 2-o'rinda, Shvetsiya esa 3-o'rinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG