Breaking News

Bayden antisemitizmdan chekinishga chaqirmoqda


Kapitoliy, 7-may, 2024
Kapitoliy, 7-may, 2024

7-may kuni - AQShda xolokostni xotirlash kuni. Shuningdek, bu kuni G'azoda urush boshlanganiga 7 oy bo'ldi. Prezident Jo Bayden Kongress joylashgan Kapitoliy majmuasida nutq so'zlab, Amerika xalqini antisemitizmdan tiyilishga va bag'rikenglikka chaqirdi.

"Dunyo bo'ylab nafrat keng qanot yozgan zamondamiz", - deydi prezident.

Ikki jahon urushi davrida, 1939-1945 yillarda natsistlar Germaniyasida 6 million yahudiy qirilgan. Bugun mana shu genotsiddan omon qolganlarning ayrimlari Kapitoliyga kelib, Baydenni tingladi.

Prezident XAMASni o'tgan yilning 7-oktabrida 1200 ga yaqin yahudiyni o'ldirib, qonli urushga turtki berganlikda aybladi. Shundan beri Isroil hujumlarida 34 mingdan oshiq falastinlikning yostig'i quridi.

"Antisemitizm Amerika va jahon miqyosida avj olgan. 75 yil oldin emas, 7 oy oldin yuz bergan qonli voqealarini unutib qo'yayapmiz. XAMAS bu terrorni boshladi",- deydi Bayden.

Prezident Bayden Kapitoliyda so'zlamoqda, 7-may, 2024
Prezident Bayden Kapitoliyda so'zlamoqda, 7-may, 2024

AQSh prezidenti deydiki, bu mamlakat yahudiylar uchun xavfsiz makon bo'lib qoladi.

"Men sizning xavfsizligingiz, Isroil xavfsizligi va yahudiy xalqi tinchligi yo'lida ter to'kishga sodiqman. Hatto fikrimiz bir joydan chiqmagan paytda ham menga bu borada ishonsangiz bo'ladi", - deydi Bayden.

Yahudiy faol Eymi Spitalnik fikricha, antisemitizm faqat uning elati yuzlashayotgan muammo emas.

"Antisemitik uydirmalar va nafrat Amerikani beqarorlashtiradi, demokratik normalar va qadriyatlarga darz", - deydi Spitalnik.

U prezidentdan minnatdor va Kongressni antisemitizmga qarshi choralarni kuchaytiruvchi qonun qabul qilishga undamoqda. Bu hujjat kuchga kirsa, ilm dargohlarida yahudiylar himoyasi kuchaytiriladi.

Falastin himoyasi uchun gapirish antisemitizm emas, deydi narigi tomon. Universitetlarda talabalar Isroil siyosatini qoralab chiqishini yahudiylarga nafrat deb qabul qilish aqldan emas, deya tushuntiradi namoyishchilar.

"Davlatni tanqid qilish normal hol deb qabul qilinishi kerak", - deydi Miret Mabruk, Yaqin Sharq institutidan tadqiqotchi.

"Yahudiylik va Isroil davlati bir narsa emas. Uni bir ko'rib, siyosatni qoralagan tarafni elatga nisbatan nafratda ayblash ataylab to'siqlar qo'yishdir, cheklovdir, ahmoqlikdir", - deydi Mabruk.

Oq uyga ko'ra, antisemitizm nima ekani aniq: u - nafrat, yahudiy elatini la'natlash.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG