Breaking News

Rossiya yadroviy mashg'ulotlar o'tkazishga hozirlik ko'rmoqda


"Iskandar" raketasi, Rossiya, 2-fevral, 2024
"Iskandar" raketasi, Rossiya, 2-fevral, 2024

Rossiya taktik yadro qurollardan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Mudofaa vazirligining bildirishicha, bu “Fransiya, Britaniya va AQShning Rossiya Federatsiyasiga nisbatan provokatsion bayonotlari va tahdidlari”ga javobdir. Bu esa munosabatlar yanada taranglashayotganidan dalolat beradi.

Moskvaning o’z rejalarini Britaniya va Fransiya rahbarlarining Ukrainadagi urushga doir bayonotlari hamda AQSh Kiyevga uzoq masofali raketalarni yetkazib berishi ortidan ma’lum qildi.

"Ular ataylab Ukraina inqirozining kuchayishiga, NATO davlatlari va Rossiya o'rtasida ochiq harbiy to'qnashuvlar sodir bo’lishiga zamin yaratishyapti", - dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o’z bayonotida.

Yaqinda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga qo‘shin jo‘natish ehtimoli borligini yana takrorladi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameron esa Kiyev Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berish uchun Britaniyaning uzoq masofali qurollaridan foydalanishiga e’tirozimiz yo’q, degan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Ukraina Rossiya hududiga zarba berish uchun Britaniya qurollaridan foydalanishga London e'tiroz bildirmaydi
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Ukraina Rossiya hududiga zarba berish uchun Britaniya qurollaridan foydalanishga London e'tiroz bildirmaydi

"Rossiya Ukrainaga zarba berayotgani kabi, Ukraina ham nima uchun o'zini himoya qilishiga harakat qilayotganini tushunish mumkin", - dedi Kameron o'tgan hafta “Reuters” axborot agentligiga bergan intervyusida.

Fransiya Rossiyaning bayonotlarini "dezinformatsiya kampaniyasi" deb atab, Ukrainaga qo'shin yuborganini rad etdi.

"Yo'q, Fransiya Ukrainaga qo'shin jo'natmagan", - dedi Fransiya Tashqi ishlar vazirligi “X” ijtimoiy tarmog’idagi postida, xorijiy legionning Ukrainaga safarbar etganini rad etar ekan.

Moskva taktik yadroviy qurollarni o'z ichiga olgan harbiy mashg'ulotlar o’tkazilishini birinchi bor ma’lum qilmoqda. Bunday qurollarga aviabombalar, qisqa masofali raketalar uchun kallaklar va artilleriya o'q-dorilari kiradi. Ular shaharlarni yo’q qilishga qodir qit’alararo ballistik raketalarga o’rnatiladigan yirik kallaklardan kuchsizroq.

Rossiya NATOning shu oylarda o’tkazayotgan to‘rt oylik harbiy mashg‘ulotlarini ham tanqid qildi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaga ko’ra, NATOning Rossiya chegaralari yaqinida oʻtkazayotgan keng koʻlamli harbiy mashgʻulotlari Gʻarb alyansi Rossiya bilan ehtimoliy mojaroga tayyorlanayotganidan dalolatdir.

NATO mashqlari sovuq urush davri tugaganidan beri o’tkazilayotgan eng kattasi deb baholanmoqda. Prezident Vladimir Putin mart oyida Rossiya va NATO oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri toʻqnashuvlar Uchinchi jahon urushini anglatishini aytgan edi.

Qattiqqo’llik tarafdori bo’lgan ayrim rus siyosatchilar Putinni Rossiyaning yadroviy doktrinasini qayta ko'rib chiqish, yadro qurolidan foydalanish shartlarini o'zgartirishga undagan. Putin esa bunga ehtiyoj yo’qligini bildirdi.

NATO harbiy mashg'ulotlari, Polsha, 4-mart, 2024
NATO harbiy mashg'ulotlari, Polsha, 4-mart, 2024

“Biz bu yerda hech qanday yangilik ko‘rmayapmiz, - deydi Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi matbuot kotibi Andrey Yusov. - Yadroviy shantaj Putin rejimining odatdagi amaliyotidir. Rossiya Gʻarbni qoʻrqitish uchun yadro qurolini tilga olaveradi”.

Kremlning talqinicha, AQSh va Yevropa Ukrainani qurol-yarogʻ bilan qoʻllab-quvvatlab kelayotgani dunyoni yadroviy urush yoqasiga boshlaydi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden o‘tgan yili Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish ehtimoli yo‘qligini aytgan edi. Ismini oshkor etishni istamagan AQSh rasmiylarining “CNN” telekanaliga aytishicha, AQSh 2022-yil oxirida Rossiyaning Ukrainadagi ehtimoliy yadroviy zarbasiga jiddiy tayyorlangan.

Ukraina va G’arb mamlakatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushini yerlarni imperialistik uslubda egallab olish deb ataydi. Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning hududiy ambitsiyalari faqat Ukraina bilan cheklanmasligidan ogohlantirib kelmoqda.

G‘arb mamalakatlari Rossiya Ukrainada mag‘lub bo’lishi uchun Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan. Shunday bo’lsa-da, NATO harbiylari Ukrainaga joylashtirilmaydi.

Rossiya va Qo'shma Shtatlar yadroviy arsenaliga ko’ra dunyodagi eng yirik kuchlardir. Dunyodagi 12 100 yadro kallaklarining 10 600 dan ortig'i ayni shu ikki mamlakat hissasiga to’g’ri keladi. Uchinchi o’rinda Xitoy, so’ng Fransiya va Britaniya turadi.

Amerika Olimlar federatsiyasi ma'lumotlariga ko'ra, Rossiyada strategik bo’lmagan 1558 ta taktik yadro kallaklari mavjud. Ammo bu aniq ma’lumot emas.

Tarixda birinchi bor atom bombasi Qo'shma Shtatlar tomonidan 1945-yilda Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan. O’shandan beri hech bir davlat bu o’ta halokatli quroldan foydalangani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG