Breaking News

Rossiya soxta videolar orqali AQShdagi saylovlar va NATOni nishonga olmoqda


Ingliz tilida va esda qolarli ritmga ega bo'lgan soxta videolar 1950-yillarda boshlangan Rossiyaning ta'sir o’tkazish operatsiyalariga xos xususiyatga ega: ular kelishmovchiliklar va chalkashliklarni kuchaytirishga urg'u beradi.

“Bo'lajak AQSh prezidentlik saylovlari allaqachon "soxtalashtirilgan", "prezident Jo Bayden - ovsar", "sobiq prezident Donald Tramp - yaramas" va “Amerikalik oilalarni muhojirlar talamoqda” kabi tasvirlarga ega "Xayr, Bayden" nomli ga’yritabiiy video Amerika siyosatidagi munozarali mavzularni bo’rttirib ko’rsatadi.

Fitna nazariyalari, irqiy va siyosiy stereotiplar bilan to'la bu video Baydenning miyasi ichida yashovchi o’zga sayyoralik "Trizub" (Ukraina gerbining slavyancha nomi) va "Bereginya"ni (slavyanlarning hayot va o'lim ma'budasi) yo'q qilish uchun kodlangan buyruq yuborishi bilan yakunlanadi.

AQShdagi saylovlarni nishonga olgan soxta videodan skrinshot. Mutaxassislar uning Rossiyada yaratilganini aytadi.
AQShdagi saylovlarni nishonga olgan soxta videodan skrinshot. Mutaxassislar uning Rossiyada yaratilganini aytadi.

Bu ushbu uslubdagi yagona video emas.

"Amerika Ovozi"ning rus xizmati “YouTube” va boshqa ijtimoiy platformalarda "NATO - Provocato" deb nomlangan yana bir musiqiy videoni topdi. Unda shunga o'xshash musiqa va haddan tashqari bo’rttirilgan tasvirlar mavjud: "AQSh armiyasi" deb nomlangan zavod afrikalik bolalarni yeb, ularning bosh suyagini chiqarishi, ota-onalar o'z farzandlarini maskot kostyumida kiyingan pedofilga berishlari, harbiylashtirilgan Mikki Maus va antisemitizm fitna nazariyalariga ishoralar shular jumlasidandir.

“Xayr Bayden” videoklipi shu oy “X” platformasida virusdek tarqaldi, uni boshqalar bilan bir qatorda “Rossiya bozori” nomli koʻk rang belgisiga ega boʻlgan anonim foydalanuvchi ommaga yoydi. Bu avtoritar rejimlar tomonidan propaganda tarqatish uchun tobora koʻproq foydalaniladigan usul bo’lib bormoqda. “X” platformasi majburiy tekshirishni bekor qilgandan so'ng, barcha asosiy obunachilar ko'k tasdiq belgisini oldi.

Finlyandiyalik dezinformatsiya bo’yicha tahlilchi Pekka Kallioniemi “Rossiya bozori” akkauntini kremlparast blogger sifatida fosh qildi. U, shuningdek, Shveysariyada yashovchi sobiq musiqachi Vadim Loskutovni “X” platformasida yana bir kremlparast qarashlar targʻibotchisi sifatida ta’kidladi.

Video keyinroq “X” platformasidagi qator sahifalar tarmog'i tomonidan tarqatildi, “ular Doppelganger deb ataluvchi Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi”, deya baho beradi @Antibot4Navalny nikli Rossiya dezinformatsiyasini o'rganadigan va g'arbiy axborot agentliklari tomonidan keng qo'llaniladigan foydalanuvchi.

AQSh va Yevropa Ittifoqining aytishicha, Doppelganger ikki yildan beri internetda Kreml manfaatlarini ilgari suruvchi ta'sir kampaniyasini olib bormoqda.

"Amerika Ovozi"ning rus xizmati xabariga ko'ra, targ'ibot qo'shig'i Rossiyada yaratilgan va videodagi bir qancha aktyorlar Moskvada yashashaydi. Bu xabar ikki aktyorni aniqlagan Rossiyaning “Agents.Media” mustaqil axborot sayti xulosalariga ham mos keladi.

Rossiyaning mashhur “Little Big” pop guruhining qo'shig'i uslubida ishlangan videoda Ilya Prusikin "Bye-Bye Biden" qo'shig'ini kuylayotganga o'xshaydi. Ammo Prusikin va uning guruhi 2022-yilda Kremlning Ukrainaga qarshi to'laqonli bosqiniga qarshi chiqishganidan so'ng Rossiyadan qochib ketgan. Rossiya hukumati Prusikinni xorijiy agent deb e'lon qilgan va uning moliyaviy aktivlarini bloklangan. U ham, ”Little Big” guruhi ham izoh va so'rovlarga javob bermadi.

Video ijodkorlari Prusikining tashqi qiyofasiga o’xshagan soxta obrazni yaratish uchun sun'iy intellektdan foydalangan bo’lishi mumkin.

Kremlparast Telegram kanali “Two Majors”ning aytishicha videodagi guruh "Little Bug” deb nomlanadi.

“Bu yigitlar “Little Big”dagi qochqin yaramaslarni parodiya qilmoqda”, — deb yozadi kanal.

AQShdagi saylovlarni nishonga olgan soxta videodan skrinshot. Mutaxassislar uni Rossiyada yaratilganini aytadi.
AQShdagi saylovlarni nishonga olgan soxta videodan skrinshot. Mutaxassislar uni Rossiyada yaratilganini aytadi.

Video "saylov ovozlarini hisoblash" sahnasi bilan boshlanadi. Unda ovozlarni sanaydigan qora tanli ayol stol yonida o'tirib, qog'oz byulletenlarni ikki to'plamga ajratadi, har safar kompyuter ekranidagi "Bayden" va "Tramp" ustunlariga raqamlarni qo'shadi. Keyin u tasodifan kompyuterga qahva to'kib yuboradi, bu esa ekrandagi ovozlarni hisoblash jarayonini tezlashtiradi, natijada Bayden Trampdan ko'proq ovoz oladi va uning saylovdagi g'alabasini hal qiladi.

“Agents.Media”ning aniqlashicha, “saylov byulletenlarini hisoblovchi ayol” rolinini Rossiyada yashovchi, kelib chiqishi afrikalik aktrisa Alisa Valikova ijro etgan.

Ovozlarni hisoblash hodisasi sahnasidan keyin "Bayden"ni nogironlar aravachasida uning yordamchisi olib keladi, yordamchi rolini rus aktrisasi Darya Karlo (Andreeva) ijro etgan. Ikkala aktrisa ham “Agents.Media”ga klipda rollari borligini tasdiqladi, lekin kim uni yaratganini oshkor qilmadi. Valikova esa suratga olish ishlari Moskvada bo'lganini aytdi.

Video bir qator provokatsion sahnalarga boy, unda yuqori darajadagi siyosiy ritorik sahnalar va irqiy stereotiplar g’ayritabiiy darajada bo‘rttirilgan.

Mazkur sahnada Bayden taglik kiygan holda tasvirlangan, u sombrero kiygan lotin amerikalikka dollar to‘plamini tarqatib, yonida turgan afro amerikalik ayolni e’tiborsiz qoldiradi. Ayol ukrain milliy libosini kiyganidan keyingina Bayden o‘z fikrini o‘zgartiradi.

Boshqa bir sahnada Bayden Lotin Amerikasi muhojirlari olomonini oq amerikalik oilaning uyiga olib boradi. U yerda ular oila stolidagi ovqatni yeb qo’yishadi, fonda esa Konfederatsiya bayrog'i osilgan turadi.

Keyingi sahnalarda Trampning Amerika bayroqlari bilan raqsga tushgani va keng stildagi kiyim kiygani ko‘rsatilgan.

Videodagi Bayden va Trampning yuzlari sun’iy yaratilgan.

"Amerika Ovozi"ning rus xizmati teskari tasvirlarni qidirish va “Amazon Rekognition” dasturi yordamida ikki erkak aktyorni aniqlashga muvaffaq bo'ldi.

Erkak aktyorlarning hech biri savollarga izoh bermadi yoki videodagi rolini tasdiqlamadi. "Amerika Ovozi" ma’lumotlar aniq bo’lmaganligi bois, ularning ism-shariflarini e'lon qilmadi.

Shuningdek, “Amerika Ovozi” videolarni yaratishga kim buyurtma berganligini ham aniqlay olmadi.

AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari, dezinformatsion tadqiqotchilar va jurnalistlardan iborat “Doppelganger” kampaniyasini rossiyalik siyosiy maslahatchi Ilya Gambashidzega tegishli marketing va texnologiya kompaniyalari bilan bog‘lashdi. Ularning aytishicha, u Kremlning buyrug'i bilan propaganda va dezinformatsiyalar ishlab chiqaradi.

Mart oyida AQSh Moliya vazirligi Gambashidze, uning biznes hamkorlari hamda “Social Design Agency” va “Structura” kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi.

“Amerika Ovozi” yaqinda oʻtkazgan tekshiruvida Gambashidzening avvalroq AQShga tashrif buyurgani va bu yerda uning ikki oʻgʻli istiqomat qilayotganini aniqladi.

Shuningdek, “Amerika Ovozi” Gambashidzening hamkorlaridan biri bilan suhbatlashib, Rossiyaning Tambov shahri aholisini 2024-yilgi Rossiya prezidenti saylovlarida ovoz berishga undagan ingliz tilidagi bema'ni musiqiy video ham unga tegishli ekanini aniqlagan.

“Doppelganger” ba'zida aniq siyosiy maqsadlarni ko'zlagan. “Washington Post” xabariga ko'ra, u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo'mondoni Valeriy Zalujniy o'rtasidagi ziddiyatdan ham foydalanishga uringan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG