Breaking News

Putin nega Zelenskiyga qarshi tashviqotni kuchaytirmoqda?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin

Rossiya Ukraina chegarasida qoʻshinlarini toʻplab, yadroviy qurol bilan qoʻrqitishni kuchaytirmoqda. Yevropa chegaralari yaqinida yadroviy qurolini ishga tushirgandek taktik harbiy mashqlar oʻtkazmoqda.

Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, Ukrainada yarim millionga yaqin askarga ega Rossiya yozgi hujum rejalari uchun yana 300 ming askar to'plamoqda.

Ukrainaning muhim infratuzilmasini muntazam ravishda yo'q qilish bilan bir qatorda, Rossiya ukrainaliklar va ularning xorijiy ittifoqchilarini propaganda va dezinformatsiyalar bilan nishonga olishda ham davom etmoqda. Kremlning dushmanlarini esa o'zining haqiqiy rejalaridan chalg'itishga urinmoqda.

Prezident Vladimir Putin Rossiyadagi dezinformatsiyaning asosiy sababchisidir. Putinning so'nggi "tinchlik" to’g’risidagi nutqi Ukrainadagi urush harakatlarining kuchayishi va Kiyev ittifoqchilariga tahdidlar ortgani bilan bir vaqtda yuz berdi. U “kichik va zich joylashgan” Yevropa davlatlariga uning yadro qudrati oldida qanchalik zaif ekanliklarini eslatib, “jiddiy oqibatlar” haqida ogohlantirdi.

Putin, shuningdek, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga qarshi norozilik uyg'otish, prezident va parlament, Oliy Rada o'rtasida hokimiyat uchun kurashni qo'zg'atish uchun propagandali hujumlar uyushtirmoqda.

“Parlament va Rada spikeri hanuz Ukrainadagi yagona qonuniy hokimiyat sifatida qolmoqda. Agar mamlakatda prezidentlik saylovlari o’tkazilsa, saylov davomida har qanday harbiy harakatlar to’xtatilishi lozim” degan da’vo ham Kreml tomonidan yangradi.

Bu noto’g’ri ma’lumot.

Oliy Rada ham, Prezident ham agar davlat urush holatida bo’lsa, harbiy harakatlarni bekor qilib, prezidentlik saylovini o’tkaza olmaydi.

Ukraina qonunchiligi Radaga harbiy holatni bekor qilish huquqini bermaydi, faqat prezident uni bekor qilish to‘g‘risida farmon chiqarishi mumkin. Biroq qonunga muvofiq, agar Ukraina uning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tahdid soladigan hujum ostida turgan bo’lsa, prezident ham harbiy holatni bekor qila olmaydi.

Zelenskiy 2022-yil 24-fevralda Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishidan so'ng harbiy holat e’lon qildi va Oliy Rada bu qarorni tasdiqladi.

Zelenskiy va Oliy Rada harbiy holatni bir necha bor uzaytirdi, chunki Rossiya muntazam ravishda tinch aholini nishonga olish va mamlakat infratuzilmasini vayron qilishni davom ettirdi.

Zelenskiy 2019-yilda Ukraina prezidenti bo‘ldi va uning to‘rt yillik vakolati 2023-yil 20-mayda tugadi. Biroq Ukraina Konstitutsiyasining 108-moddasiga ko’ra, prezidentning vakolati faqat yangi prezident saylangandagina yakunlanadi. “Harbiy holatning huquqiy rejimi toʻgʻrisida”gi qonun esa harbiy holatda prezidentlik saylovlarini oʻtkazishni taqiqlaydi.

Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk Putinga Facebook’dagi postida “Volodimir Zelenskiy harbiy holat tugaguncha Ukraina prezidenti bo‘lib qoladi”, - deb javob berdi.

Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, fevral oyida so‘ralgan ukrainaliklarning 69 foizi urush davridagi saylovlarni o‘tkazishga qarshi bo’lgan, 15 foizi esa qo‘llab-quvvatlagan.

May oyining oxiridagi holatga ko’ra, Rossiya Ukraina hududining qariyb 18 foizini egallab turibdi.

Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardagi Ukraina fuqarolari bosqinchi kuchlar va rus maʼmuriyatlari tomonidan qiynoqlar, zoʻrlashlar, qotilliklar va majburiy ruslashtirishdan aziyat chekishda davom etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 31-may kuni “Ukraina rasmiylari urush bilan bog‘liq 128 498 jinoyatni hujjatlashtirgan, shundan 12 353 tasi tinch aholi va jangda qatnashmagan jangovor askarlarning Rossiya kuchlari tomonidan noqonuniy o‘ldirilishi bilan bog‘liq”, - deb xabar berdi.

BMTning inson huquqlari monitoringi missiyasi joriy yilning fevral oyida urushning ikki yilligi munosabati bilan 10 mingdan ortiq ukrainalik tinch aholi halok bo‘lganini va 19 mingga yaqin kishi yaralanganini tasdiqladi. BMTning ta'kidlashicha, haqiqiy raqamlar bundan ancha yuqori. Urush, shuningdek, 10 milliondan ortiq odamni boshpanasiz qoldirgan; 6,5 millionga yaqin odam Ukrainadan tashqarida boshpana izlagan.

Rossiyaning doimiy raketa zarbalari Ukraina iqtisodiyotini parokanda qildi, butun shaharlarni vayron qildi va uning asosiy infratuzilmasiga fojeali zarbalar berdi.

Rossiya, shuningdek, ukrainalik bolalarning noqonuniy deportatsiyasini davom ettirmoqda, bu xalqaro huquqqa muvofiq harbiy jinoyat hisoblanadi. O‘tgan yili Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Putinni ukrainalik bolalarni ommaviy o‘g‘irlashda ishtirok etganlikda va qator harbiy jinoyatlarda ayblab, uni hibsga olishga xalqaro order bergan edi.

Putinning Zelenskiy legitimligini savol ostiga oluvchi hujumlari "aks ayblov" yoki proyeksiyalashga o’xshagan taktikaga mos keladi. Bu uslub natsistlarning ma'rifat va targ'ibot vaziri Iosif Gebbels tomonidan keng qo'llanilgan.

Birinchi marta 2000-yilda saylangan Putin hozirda Rossiyani eng uzoq vaqt boshqargan yetakchiga aylandi. O'zining hokimiyatni egallashini ta'minlash uchun u Rossiya Konstitutsiyasini o'zgartirib, prezidentlik xizmatini ketma-ket ikki marta to'rt yillik muddatdan ikki marta olti yillik muddatga uzaytirdi. Bosh vazir sifatidagi to‘rt yillik yashirin hukmronlikdan va dastlabki sakkiz yillik faoliyatidan so‘ng, Putin 2012-yilda go‘yoki ikki marta olti yillik muddatga Kremlga qaytdi, bu uning prezidentlik muddati 2024-yilda tugashini anglatar edi.

Ammo Putin 2020-yilda prezidentlik muddatini “qayta tiklash” uchun konstitutsiyani yana o‘zgartirdi. Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatish Putinning avvalgi prezidentliklarini bekor qilib, unga 2024-yilda va yana 2030-yilda qoʻshimcha muddatlarga nomzodini qoʻyish imkonini berdi. Bu esa uning Kremldagi oʻrnini 2036-yilgacha kafolatlash imkonini berdi.

Ko‘p yillar davomida mahalliy muxolifat va xalqaro kuzatuvchilar Putin saylovlarini nodemokratik, erkin emas va adolatsiz deb tanqid qilib, saylov byulletenlarini to‘ldirish, davlat ommaviy axborot vositalarining hukmronligi, ta’qib va qamoqqa olish yo‘li bilan muxolifatni bostirish, norozilik namoyishlari va siyosiy faoliyatni cheklash kabi saylov manipulyatsiyasi haqida gapirib kelmoqda.

Bu yil Rossiyada boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlaridan soʻng (Putin deyarli 88 foiz ovoz bilan gʻalaba qozondi) Yevroparlament Putinning prezidentligi qonuniy emasligini va uning bosib olingan Ukraina hududlari ustidan prezidentlik vakolati ham birdek noqonuniy ekanligini aytdi. Yevropa Ittifoqi 25-apreldagi rezolyutsiyada Rossiyadagi “Bu prezidentlik saylovlari deb atalmish Rossiya rasmiylarining bema'ni namoyishidan yagona maqsad Vladimir Putin uchun saylov qonuniyligi ko‘rinishini yaratish” ekanini ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG