Breaking News

AQSh qonunchilari kosmik falokatdan ogohlantirmoqda


Kongressmen Mayk Tyorner, AQSh Vakillar palatasining Razvedka qo‘mitasi raisi
Kongressmen Mayk Tyorner, AQSh Vakillar palatasining Razvedka qo‘mitasi raisi

AQShning yetakchi qonun chiqaruvchilaridan biri Rossiya sun'iy yo'ldoshga qarshi yangi yadroviy quroli bilan 1950-yillar oxirida boshlangan kosmik asrga nuqta qo’yadi, deya ogohlantirmoqda.

Vakillar palatasining Razvedka qo‘mitasi raisi, respublikachi Mayk Tyorner deydiki, Rossiyaning bunday ustunlikka ega bo‘lishi halokatli oqibatlarga olib keladi. U Prezident Jo Baydenni munosib chora ko‘rishga chaqirdi.

“Bu - kosmosdagi Karib inqirozi”, – deydi Tyorner, ushbu holatni 1962-yilda bo’lgan AQSh, Kuba va Sovet Ittifoqini deyarli yadroviy to’qnashuv yoqasiga olib kelgan 13 kunlik qarama-qarshilikka qiyoslab.

Rossiya sun’iy yo’ldoshga qarshi yadroviy qurolini orbitada portlatishi, deydi Tyorner, AQShga qimmatga tushishi mumkin.

"Bu tahdid bizning iqtisodiy, xalqaro xavfsizlik va ijtimoiy tizimlarimizni barbod qiladi, shuningdek, G'arb iqtisodiy va demokratik tizimlariga halokatli va vayronkor hujum bo'ladi".

Baydenni "orqaga qaytarib bo'lmaydigan halokatli vaziyat tomon bemulohaza yurib borayotganlikda" ayblagan Tyorner, Oq uyni Rossiya yuritayotgan bu dasturga oid barcha razvedka ma'lumotlarini zudlik bilan oshkor qilishga va dunyoni tahdidning to'liq ko’lamidan xabardor qilishga chaqirdi.

Oq uy quyidagicha munosabat bildirdi.

"U mutlaqo nohaq. Buni juda jiddiy qabul qilyapmiz, – deydi Oq uy milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi. – Ushbu muammoni har tomonlama ko’rib chiqyapmiz, boshqa mamlakatlar bilan diplomatik muzokaralar hamda Rossiya bilan to'g'ridan-to'g'ri suhbatlar orqali".

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov AQSh bildirayotgan xavotirlarni "soxta xabar” deb atadi.

“Amerikaliklar nima deyishlaridan qat'i nazar, bizning siyosatimiz o'zgarmaydi. Moskva har doim Yerning quyi orbitasida zarba beruvchi qurollarni joylashtirishga qarshi bo'lgan”, – dedi Ryabkov “Interfaks” agentligiga.

Kongressmen Mark Tyorner yil boshida ham Rossiyaning sun'iy yo'ldoshga qarshi qurollar dasturi "milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid" deya, Oq uyni bu boradagi razvedka ma'lumotlarini oshkor qilishga chaqirgan edi.

Bayden Rossiya shunday qurol turini ishlab chiqayotganini tasdiqlagan. Lekin, deydi prezident, Rossiya dasturni davom ettirishga qaror qilgani, Yer yuzida hech kimga yadroviy tahdid bo’lishi haqida ma’lumot yo'q.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, Rossiya Yerning past orbitasidagi boshqa sun’iy yo‘ldoshlarga hujum qila oladigan, “sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurolni” 16-may kuni uchirgan.

Pentagon matbuot kotibi Pet Rayder deydiki: “Rossiya bu yangi kosmik qurolni AQSh sun'iy yo'ldoshi bilan bir orbitaga joylashtirdi, Vaziyatni kuzatishda davom etamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG