Breaking News

Xitoy, Rossiya rahbarlari Ostonada maslahatlashdi


Xitoy rahbari Si Zinpin va Rossiya rahbari Vladimir Putin, Ostona, Qozog'iston, 3-iyul, 2024
Xitoy rahbari Si Zinpin va Rossiya rahbari Vladimir Putin, Ostona, Qozog'iston, 3-iyul, 2024

Xitoy rahbari Si Zinpin va Rossiya rahbari Vladimir Putin Ostonada o'tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti paytida alohida gaplashib olgan. Har ikkisi AQShni gegemonlikda ayblab keladi. Uchrashuvda ham shunga urg'u berilgan.

ShHT o'zini dunyoda BMTdan keyingi eng yirik tashkilot degan ta'riflab keladi. Qozog'istondagi yig'inda guruh Yevrosiyo xavfsizligi uchun mas'ul, deya bong urilgan.

Kremlning bildirishicha, dunyoning bu tarafi yetakchilikni allaqachon qo'lga olib bo'lgan va birdamlikda G'arb ta'siriga qarshi qadam tashlashda davom etadi.

Pekin nazarida ShHT a'zolari uchun tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot birlamchi masalalardir. Xitoy rasmiylari Markaziy Osiyo davlatlari bu blokda muhim rol o'ynashini qayd etib, tobora kengayib borayotgan tashkilot mamlakatlar orasida hamkorlik chuqurlashishini xohlaydi, deydi.

Moskva va Pekin 2022-yildan beri, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon, rishtalarni mustahkamlash payida. Biroq Xitoy urushda betaraf ekanini bildiradi. Markaziy Osiyo respublikalari ham rasman shu pozitsiyada.

G'arb sanksiyalari ostidagi Rossiya uchun neft va gazning eng yirik xaridori hozir Xitoydir.

Si va Putin uchun Markaziy Osiyo rahbarlari bilan ijobiy muloqotni ushlab turish va bu davlatlar bilan savdo va siyosiy sheriklikni kuchaytirish asosiy vazifalar ekani ham ta'kidlanadi.

Xitoyning tijoriy va moliyaviy nufuzi oshgani sari Rossiyaniki tushmoqda, deydi ekspertlar. Lekin Moskva rasmiylari va mutaxassislariga ko'ra Kreml bu borada tashvishda emas, chunki aloqalar o'ziga xos.

Rossiya-Xitoy muzokaralari, Ostona, Qozog'iston, 3-iyul, 2024
Rossiya-Xitoy muzokaralari, Ostona, Qozog'iston, 3-iyul, 2024

G'arb tahlilchilari deydiki, Xitoy va Rossiya boshqa yirik davlatlarning ta'siri oshmasligini ta'minlash uchun ham hamkorlik qilaveradi, xususan Markaziy Osiyo borasida.

“ShHTning o'ziga xosligi shundaki, unda Xitoy va Rossiya mintaqa bilan bir davrada dialog olib boradi. Bu o'zaro shubha-gumonlarni pasaytiradi", - deydi Eoin Maknamara, Finlandiya xalqaro aloqalar markazi ilmiy xodimi.

Uningcha, Pekin va Moskva uchun blok foydali vosita, chunki atrofdagi katta va kichik davlatlar bilan doimiy muloqot imkonini yaratadi.

Garvard universitetidan tadqiqotchi Kerol Sayvetz fikricha esa ShHT avvalo xavfsizlik yo'lida ishlovchi organdir, biroq iqtisod ham yuqori o'rinda.

“Pekin a'zolar bilan savdoga yetakchilik qiladi, Moskva esa tinchlikni kafolatlaydi, degan norasmiy kelishuv ostida ishlab kelishgan", - deya kuzatadi Sayvetz.

Rossiya Ukraina bilan ovora ekan, Markaziy Osiyodagi har bir masalada Xitoy bosh-qosh, deya xulosa qiladi u.

Si Ostonadan keyin Dushanbega borib, Tojikiston rahbariyati bilan gaplashadi. Pekin u uchun ikki tomonlama aloqalar har doim prioritet ekani aytiladi.

ShHT doirasida Ukraina muhokamasi boshidan yopiq eshiklar ortida kechadi va rasmiylar ular haqida matbuotga deyarli aytmaydi.

Sayvetz va boshqa mutaxassislar tahlilicha, Putin hozir har doimgidan ham ko'proq Pekin va Markaziy Osiyoning har bir poytaxtida ishonchli hamkorlarga muhtoj. G'arbga qarshi tura olish uchun u hamkorlarni boy berishni xohlamaydi.

Ko'plab ekspertlar esa Markaziy Osiyo tashqi dunyo bilan muloqot va sheriklikda salmoqli tajriba orttirganini kuzatadi. Har bir respublika Rossiya, Xitoy, qolaversa AQSh va Yevropa Ittifoqi hamda boshqa davlatlar bilan o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ishlashga urinmoqda, deydi bu sharhlovchilar. Olimlarga ko'ra, mintaqa neytral bo'lishga qanchalik urinmasin, buni eplash hech qachon oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG