Breaking News

Kreml rasmiylari Rossiya iqtisodiyotini bo’rttirib ko’rsatishga urinmoqda


Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tarafdori, Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin yaqinda Kreml taʼsirini yoyish va AQShga qarshi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Nikaragua, Kuba va Jazoirga tashrif buyurdi.

Volodin Nikaragua Prezidenti Ortega va Kuba Prezidenti Dias-Kanelga Rossiya-Nikaragua va Rossiya-Kuba o'rtasidagi tarixiy aloqalarga urg’u bergan va G'arb sanksiyalarini qoralagan Putin maktubini topshirdi.

Jazoirda Jazoir parlamenti spikeri Ibrohim Bug‘ali bilan uchrashuvda Volodin, o‘n yil davomida Amerika sanksiyalari ostida bo‘lsa ham, Rossiya dunyodagi to‘rtinchi yirik iqtisodiyotga aylanganini, AQSh esa birinchi o‘rnini yo‘qotganini aytdi:

“Biz o'n yildan ortiq vaqt davomida sanksiyalar bilan kurashib keldik va bitta narsani ta’kidlashim mumkinki, bu vaqt ichida Rossiya dunyoning to'rtinchi yirik iqtisodiyoti va Yevropaning eng yirik iqtisodiyotiga aylandi. Bizga qarshi sanksiyalar kiritgan davlatlar esa, xususan AQSh, o'z yetakchilik o'rnini yo'qotib, ikkinchi o'ringa tushib ketdi”.

Bu noto’g’ri.

Volodin o'z da'vosining qaysi manbaga asoslanganini aniq aytmadi, lekin u ko’p ehtimol bilan Jahon bankining xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo'yicha aholi jon boshiga mamlakatlar Yalpi Ichki Mahsuloti (YIM) reytingiga ishora qildi.

2023-yil Jahon banki YIM va XQP bo'yicha Xitoyni birinchi, AQShni ikkinchi va Rossiyani to'rtinchi o'ringa qo'ygan edi.

Shu bilan birga, Jahon bankining 2023-yilgi global iqtisodiyot reytingida AQSh 27,3 trillion dollarlik YIM bilan dunyodagi eng yirik iqtisodiyot deb baholangan. Rossiya iqtisodiyoti esa 2 trillion dollarlik qiymati bilan global miqyosda 11-o’rinda turadi.

Nega farq bu qadar katta? Buning sababi shundaki, reytinglarni hisoblashda nominal YIMga nisbatan XQPga asoslangan YIM olingan.

XQP orqali turli mamlakatlarda muayyan tovarlarni sotib olishda valyutaning qobiliyati o'lchanadi.

Iqtisodiy va moliyaviy institutlar mamlakat iqtisodiyotini uning yalpi ichki mahsuloti (YIM) hajmi bilan o‘lchaydi. Bu “ma'lum bir vaqt oralig’ida, masalan, chorak yoki bir yil ichida mamlakat chegaralarida ishlab chiqarilgan barcha tayyor mahsulot va xizmatlarning umumiy pul yoki bozor qiymati” hisoblanadi.

Xalqaro standartlashtirilgan iqtisodiy reyting o'zining mezonlari sifatida nominal YIMdan foydalanadi. Xalqaro valyuta jamg’armasining 2024-yil aprel oyidagi hisobotiga ko'ra, AQSh 28,8 trillion AQSh dollari miqdoridagi YIM bilan dunyodagi eng yirik iqtisodiyot bo'lib qolmoqda; Rossiya esa 2 trillion AQSh dollari miqdoridagi YIM bilan 11-o'rinni band etgan.

Polshaning Varshava shahridagi Ilgʻor tadqiqotlar instituti professori Vladislav Inozemtsevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiyaning iqtisodiy muvaffaqiyati haqidagi Kreml daʼvolari “noreal” bo’lib, “koʻp jihatdan chalgʻituvchi XQP hisob-kitoblariga asoslanadi”.

Biroq iqtisodchilar o'rtasida nominal YIM va XQPga asoslangan YIMning to'g'riligi bo'yicha aniq bir kelishuv yo'q.

“Investopedia” nashrining ta'kidlashicha, nominal YIM mamlakatlar o'rtasidagi yashash qiymati va inflyatsiyadagi farqlarni hisobga olmaydi. Undagi ma’lumotga ko’ra, XQP asosidagi YIM turmush darajasini solishtirish uchun yaxshiroq, nominal YIM esa xalqaro bozorda milliy iqtisodiyotlarni solishtirish uchun foydali.

Boshqa iqtisodchilar XQP bo‘yicha o‘lchanadigan YIMning kamchiliklarini qayd etib, u tovar va xizmatlar sifatini, soliqlar yoki transport xarajatlarini hisobga olmaydi, deb ta'kidlaydi. XQP bo‘yicha ayirboshlash kurslarini o‘lchash qiyin bo‘lishi va ular bozor kurslarini aniq aks ettirmasligi mumkin. Turli mamlakatlardagi mahsulot sifati, xavfsizligi va qiymatidagi farqlar e'tiborga olinmaydi, bu esa iqtisodiy taqqoslashda noaniqliklarga olib keladi.

Aprel oyida Xalqaro Valyuta Jamg'armasi 2024-yil uchun jahon iqtisodiy reytingini prognoz qilishda XQP-YIMdan foydalangan va AQShni Xitoydan keyin ikkinchi o'ringa, Rossiyani esa oltinchi o’ringa qo'ygan edi.

Ammo Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining 2024-yil uchun nominal YIMdan foydalangan holda tuzgan prognozi bo‘yicha AQSh dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lib, global iqtisodiyotning taxminan 26 foizini tashkil etadi. Rossiya esa 2 trillion dollar yoki global iqtisodiyotning taxminan 1,9 foizini o’z ichiga olgan holda 11-o’rinda turadi.

2022-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining reytingida AQSh 25,7 trillion dollar bilan dunyoning eng yirik iqtisodiyoti deb baholangan; Rossiya iqtisodiyoti esa 2,2 trillion dollarni tashkil etib, dunyoda sakkizinchi o’rinni egallagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG