Breaking News

Kreml nashrlari amerikalik sobiq tahlilchining yolg'onlarini yoymoqda


Larri Jonson bundan 35 yil oldin AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasida qisqa muddat ishlagan.
Larri Jonson bundan 35 yil oldin AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasida qisqa muddat ishlagan.

2022-yil 24-fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandan beri Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari yuzlab maqolalar va telereportajlarida Larri Jonson ismli amerikalik so’zlaridan iqtiboslar keltirishga odatlandi. Ular bu shaxsni AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi (MRB) sobiq tahlilchisi sifatida taqdim etadi; aslida u agentlikda 35 yil avval qisqa muddat ishlagan bo’lsa ham. Kreml Jonsonning aksariyat hollarda yolg'on va aldamchi bo’lgan bayonotlarini haqiqat sifatida taqdim etmoqda.

RIA Novosti (RIA Yangiliklari)

RIA Novosti Rossiyaning yirik davlat axborot agentligi bo‘lib, uning saytidagi kunlik auditoriyasi 10 milliondan ortiq foydalanuvchini tashkil qiladi. 2023-yil 1-avgustdan 2024-yil 12-sentabrgacha Ria.ru saytida Jonsonning bayonotlariga tayangan 403 material chop etilgan.

2023-yil 8-avgust kuni RIA Novosti Jonsonning “Redacted” nomli YouTube kanali bilan bo‘lgan intervyusiga tayanib: “AQSh razvedka agentliklari Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirmoqda”, - deb xabar qildi.

Mana o'n uch oy o'tibdiki, Ukraina prezidenti omon va sog'-salomat. U muntazam ravishda frontga borib, mamlakat qurolli kuchlari askarlarini shaxsan ko’zdan kechirmoqda.

2024-yil 22-aprel kuni esa, RIA Novosti Jonsonning “Dialogue Works” YouTube kanali bilan bo'lgan intervyusiga tayanib, “yoz oxiriga borib, yoki undan ham ertaroq” Ukraina Rossiyaga urushda yutqazishini va u “Rossiyaniki” deb atagan Ukraina shahri Odessa Moskva nazoratiga o'tishini aytdi.

Haqiqatda esa, Ukraina nafaqat taslim bo'lmadi, balki muvaffaqiyatli qarshi hujum boshladi va Rossiyaning Kursk viloyatidan qariyb 1300 kvadrat kilometr hududni egalladi.

Odessa go'yoki Rossiya shahri ekanligi haqidagi da'voga kelsak, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham xuddi shunday yolg'on bayonotni 2023-yil 15-dekabrda aytgan edi.

Odessa 14-asrda Tatar qal’asi Xadjibey sifatida tashkil etilgan. Rossiya uni 1792-yilda kuch bilan egallashidan oldin Litva, Polsha va Turkiya nazorati ostida bo'lgan. Rossiya 1795-yilda shahar nomini Odessa deb o'zgartirib, uni 126 yil davomida boshqardi.

So'nggi 105 yil davomida Odessa Ukraina tarkibida bo'lgan. Rossiya imperiyasi afsonalaridan farqli o'laroq, shahar hech qachon asosan rusiyzabon bo'lmagan; 2001-yilda aholining katta qismini ukrainaliklar tashkil qilgan, 2015-yilda esa shahar aholisining 68 foizi etnik ukrainaliklardan iborat bo’lgan.

Sputnik

“Sputnik” Rossiya hukumatiga qarashli yana bir axborot agentligi bo'lib, 2023-yil 8-avgustdan beri Jonsonning iqtiboslari keltirilgan 280 ta materialni chop etdi.

31-mart kuni “Sputnik” Jonsonning “Judge Napolitano - Judging Freedom” YouTube kanalidagi intervyusiga tayanib, 2024-yil 22-mart kuni Moskvadagi “Krokus” konsert zalida sodir etilgan terrorchilik hujumi go'yoki Ukraina tomonidan vositachi orqali tashkil etilganini, AQSh va Buyuk Britaniya esa ushbu “operatsiya”ning bosh rejalovchilari bo'lganini da'vo qildi.

Rossiya hujum uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olgan “Islomiy davlat” bayonotini, jumladan, terrorchilarning harakatlarini aks ettiruvchi video tasvirlarni e'tiborsiz qoldirdi. Buning o'rniga, Kreml “IShID”ning da'vosidan keyin o'zining targ'ibot ishlarini yanada kuchaytirdi.

Rossiyaning boshqa yirik ommaviy axborot vositalari

Davlatga qarashli RT (Russiya Today) telekanali Jonsonning iqtiboslari va videolari keltirilgan 163 ta maqola chop etgan.

2023-yil 29-avgust kuni RT Jonsonning so’zlariga tayanib: “Sharqiy frontdagi qo'shinlar orasida katta norozilik tufayli Zelenskiy yaqin uch-to'rt hafta ichida to'ntarish orqali hokimiyatdan chetlatilishi mumkin”, - degan xabarni tarqatdi.

Kreml tarafdori bo'lgan “Izvestiya” gazetasi ham Jonsonga ishonib 359 ta maqola chop etdi.

2023-yil 8-avgust kuni “Izvestiya” Jonsonning so'zlariga tayanib, “Ukraina havo mudofaasi deyarli butunlay yo'q qilinganini va Rossiya harbiy samolyotlari endi Ukraina hududi bo'ylab to'siqsiz yoki deyarli to'siqsiz uchishi mumkinligini” xabar bergan edi.

Aslida esa, 2023-yil avgust oyida Rossiya harbiy samolyotlari Ukraina havo mudofaa tizimlarining nishoniga uchramaslik uchun Ukraina havo hududiga kirishdan qochayotgan edi.

Rossiya hukumatining “Rossiyskaya gazeta” nashri Larri Jonson nomi keltirilgan 299 ta yangilik materialini chop etgan.

2024-yil 16-iyun kuni “Rossiyskaya gazeta” Jonsonning Kreml bayonotlariga mos keluvchi, hech qanday asosga ega bo'lmagan bashoratini chop etdi: “Agar G'arb Moskvaning tinchlik rejasini rad etsa, Kiyev rejimi yaqin orada nafaqat Odessani, balki poytaxtni ham nazoratdan chiqarishi mumkin”.

Rossiya hukumatiga tegishli bo'lgan, Sberbank davlat bankining sho‘ba korxonasi orqali boshqariladigan ommabop yangiliklar sayti “Lenta.ru” ham “sobiq Markaziy razvedka boshqarmasi tahlilchisi”ning bayonotlarini o'z ichiga olgan 445 ta maqolani chop etgan.

2024-yil yanvar oyida Jonson Rossiya davlatiga qarashli “Birinci kanal” telekanaliga intervyu berib, Kreml targ‘ibotidan farq qilmaydigan bayonotni berdi.
“Ukrainada Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘q; Ukraina havo kuchlari va havo mudofaasi yo‘q qilingan; Rossiya sanoat giganti va G‘arb u bilan raqobatlasha olmaydi”, - deya da’vo qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG