Breaking News

Bayden Oliy sudning Tramp uchun daxlsizlik qaroridan norozi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Oliy sudning sobiq prezidentlarni rasmiy lavozimi doirasida amalga oshirilgan harakatlari uchun jinoiy javobgarlikdan himoya qiluvchi qarorini tanqid qilmoqda. Tramp suddan 2021-yil 6-yanvarida Kapitoliyga bosqin bilan bog’liq ayblovdan himoya so’ragan.

Xalqaro hayot - 3-iyul, 2024-yil - Ostonada Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:02 0:00

“Amerika xalqi Donald Trampning 6-yanvarda demokratiyaga hujumi uni davlat ishiga, mamlakatimizning oliy idorasiga saylanishga yaroqsiz qilishini hal qilishi kerak. Amerika xalqi Trampning o’z hokimiyatini saqlab qolish uchun zo’ravonlikka moyilligining to’g’ri yoki noto’g’riligini hal qilishi kerak”, - dedi Bayden.

Tramp ijtimoiy sahifasidagi izohida Oliy sud qarorini olqishlab, “Oliy sud menga qo’yilgan ayblovlarning aksariyatini yo’qqa chiqardi. Jo Bayden endi ko’ppaklarini qo’lga olishi kerak. Mamlakatimiz yana buyuklikka urg’u berishi zarur” deb yozdi.

Oliy sud Trampga qarshi saylovga aralashish ayblovini olib tashlagani yo‘q. Baydenning prezidentligini savol ostiga qo’yayotgan Tramp 2020-yil prezident saylovi natijasini bekor qilish harakatida ayblanmoqda.

Chikago-Kent huquq kollejining professori Xarold Krentning aytishicha, Trampning 6-yanvar voqealariga sabab bo’lgan harakatlari ham rasmiy, ham norasmiy harakatlarni o’z ichiga oladi va demak, Tramp buning uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

“Agar uning xususiy nomzod sifatida ish tutgani hisobga olinsa, Trampning harakatlari norasmiy harakatlar toifasiga kirgan bo’ladi. Ammo uning vitse-prezidentga Senatda nima qilishi kerakligi haqida ko’rsatma bergani, Adliya vazirligi bilan saylovda qalloblik bo’lganini muhokama qilgani uning rasmiy darajada ish yuritganini ko’rsatadi”, - deydi huquqshunos.

27-iyun kuni bo’lgan teledebat paytida 6-yanvar voqealari birrov tilga olindi. Jorj Meyson universitetida siyosatshunos-professor Deyvid Ramadanning aytishicha, agar Bayden saylov shtabi mavzuga jiddiyroq yondashsa, Kapitoliyga bosqin saylov kampaniyasida muhim masalaga aylanishi mumkin.

“Bayden saylov shtabi mustaqil saylovchiga bu haqda tez-tez eslatib turishi kerak. Shunda bu katta muammoga aylanadi. Harholda bunga 3 yil bo’ldi. Bu haqda har kuni gapirilmasa, odamlar boshqa narsalarga chalg’ib, esidan chiqarib qo’yishi mumkin”, - deydi olim.

So’nggi yillarda amerikaliklar orasida ikkiga bo’linish kuzatilmoqda – bir taraf demokratlarga, ikkinchisi respublikachilarga yon bosmoqda. O’rtada turgan saylovchi saylov kuni jarayon natijasini belgilashi mumkin.

“Nomzodlar mustaqil saylovchilarni o’z tomoniga og’dirishi kerak. Saylovda g’alaba yoki mag’lubiyatni belgilaydigan shular. Ularning katta qismini ayollar, so’ng yoshlar tashkil etadi. Biroq ularni ishonchli saylovchi deb bo’lmaydi”, - deydi Ramadan.

Oliy sud qaroriga qaramay, Trampga saylovga aralashish bo’yicha qo’yilgan ayblov olib tashlanmaydi, biroq bu ish bo’yicha sud, mutaxassislar nazarida, saylovgacha boshlanmaydi.

“Bu ish Oliy sud qarorini deb cho’ziladi. Agar Trampning asl maqsadi shu bo’lgan bo’lsa, u muvaffaqiyat qozondi deyavering”, - deydi Xarold Kent.

Tramp prezidentlikka saylanganidan so’ng sud tomonidan aybdor topilsa, o’zini avf qilishi mumkinmi, yo’q, ayni paytda huquqshunoslar tomonidan keng muhokama etilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG