Breaking News

Blinken Yaqin Sharqdan quruq qaytdi


Hafta boshida Saudiya Arabistoni va Iordaniyaga, chorshanba kuni esa Isroilga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning safari yakunida ham Isroil va XAMAS o’rtasida sulh e’lon qilinmadi.

Xalqaro hayot - 2-may, 2024-yil - Blinken diplomatiyasi-Politsiya-talaba tortishuvi-Ukrain urushi talafotlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:58 0:00

Blinken bilan uchrashuv chog’ida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMASning garovdagi isroilliklarni ozod etish evaziga G’azoda harbiy amaliyotni to’xtatish taklifiga ko’nmasligini, sulh bo’yicha kelishuv bo’lsa-bo’lmasa, Isroil Rafahga qo’shin kiritishini bildirdi.

Bu o’tgan yil oktabrida XAMAS Isroilga hujum qilganidan beri AQSh davlat kotibining mintaqaga yettinchi safari bo’ldi.

Blinken Netanyaxudan G’azoga ko’proq gumanitar yordam o’tishini ta’minlashni so’ragan, XAMASni sulh bo’yicha so’nggi taklifni qabul qilishga da’vat etdi. Blinken harakatni sulhga asosiy to’siq deb atadi.

“XAMAS sulh bo’yicha taklifni qabul qilishga va G’azo ahlining ahvolini yaxshilashga qaror qilishi kerak. Vaqtni ortiq cho’zish mumkin emas”, - dedi Blinken.

XAMAS taklifni o’rganib chiqayotganini bildirarkan, asosiy to’siq Isroil ekanini ta’kidladi.

Misr olg’a surgan hujjatda XAMASdan garovdagi odamlarning 33 nafarini, Isroildan esa qamoqxonalaridan ko’plab falastinliklarni ozod etish ko’zda tutilgan.

Blinkenning tashrifidan so’ng Isroil G’azoning shimoliy qismidagi Eres chegara punktini yuk mashinalari uchun ochdi. Iordaniya hukumati gumanitar yuk ortilgan karvon Eres chegara punktiga ketayotib mahalliy yahudiylar tomonidan hujumga uchraganidan shikoyat qildi.

Blinken Saudiya Arabistoniga safari chog’ida qirollik va Isroil o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatish xususida ham gaplashgan. Uzoq yillar davomida dushman bo’lib kelgan bu ikki davlat o’rtasidagi yaqinlashuv jarayoni XAMASning Isroilga hujumidan so’ng to’xtab qolgan.

Netanyaxu sulh kelishuviga erishilgan taqdirda ham Rafahga qo’shin kiritish rejasidan voz kechmasligini aytadi. Shaharda sektorning turli joylaridan qochgan yuz minglab odam jon saqlamoqda.

Vashingtonlik bir tahlilchi Blinken mintaqadan quruq qo’l bilan qaytganini aytadi.

“Muammo shundaki, Netanyaxu hukumatida Falastin davlatchiligiga qarshi odamlar o’tiribdi. Saudiyaliklar G’azoda otashkesim bo’lishini, Falastin davlatini yaratish va’dasining bajarilishini talab qilmoqda”, - deydi Yaqin Sharq instituti eksperti Brayan Katulis.

Bir necha kun oldin Saudiya Arabistonida bo’lib qaytgan bu mutaxassisning aytishicha, Vashington va Riyod mudofaa shartnomasi va ko’plab boshqa ikki tomonlama bitimlarga kelishishga yaqin turibdi, biroq Isroil bilan kelishuv bo’yicha olg’a siljish yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG