Breaking News

Peyjer xuruji Isroil-Hizbulloh o'rtasida kattaroq urushga turtki beradimi?


Livan matbuotiga ko’ra, “Hizbulloh” harakati a’zolari foydalangan peyjerlar va boshqa turdagi aloqa vositalarining portlashi oqibatida Livanda ayrim xabarlarga ko’ra kamida 50 kishi o’lgan, taxminan 6000 odam jarohat olgan. Isroil bu ish ortida turganini tan olmasa-da, “Hizbulloh” uni hujumlarda ayblab, o’ch olishga do’q-po’pisa qildi.

Xalqaro hayot - 19-sentabr, 2024-yil - Isroil va Hizbulloh katta urush yoqasidami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:05 0:00

Peyjerlardan tashqari quyosh batareyalari, domofonlar, avtomobil magnitofonlari hamda iPhone smartfonlarining portlagani xabar qilinmoqda.

Isroillik xavfsizlik mutaxassislarining aytishicha, portlovchi moddalar peyjerlar ishlab chiqarilayotgan payt ichiga solingan.

“Buning uchun 1-2 gramm portlovchi moddaning bo’lishi kifoya. Bu katta texnologik bilim talab qilmaydi. Peyjerning ichiga siz istamagan paytda portlamaydigan modda, so’ng uni tashqaridan boshqarish uchun kichik operatsion karta solinadi. Aloqa minorasidan yuborilgan xabar barcha peyjerlarga boradi”, - deydi Isroil razvedkasining sobiq agenti Eyal Pinko.

“Hizbulloh” peyjerlarni Tayvanning “Gold Apollo” kompaniyasidan buyurtirgani aytilmoqda. Biroq kompaniya vakili ularni Vengriyaning BAC shirkati ishlab chiqarganini da’vo qildi.

Tayvan Vazirlar mahkamasining so’zlovchisi Li Xui Chi bu mavzuda yolg’on xabarlar tarqalishiga e’tibor berishga chaqirdi.

“Nyu-York Tayms” gazetasi Isroil razvedkasi payjer ishlab chiqaruvchi soxta kompaniya yaratganini bildirmoqda. AQSh razvedkasiga ko’ra, “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh harakat o’z peyjerlarini ishlab chiqarishi uchun sarmoya qilish zaruratiga yillar davomida urg’u berib kelgan.

Isroil sobiq razvedkachisi Pinkoga ko’ra, texnologik tomondan bu kabi murakkab amaliyotlarni rejalashga uzoq vaqt ketadi.

“Bu razvedka xizmatining bir yarim yil davomida rejalangan amaliyoti bo’ldi”, - deydi u.

Isroil “Hizbulloh”ning javob chorasini kutmoqda, aviakompaniyalar esa reyslarini bekor qilyapti. Eron portlashda uning Livandagi elchisi Mujtaba Omoniy jarohat olganidan g’azablanib, Isroilni jazolashga so’z berdi.

Livanda Yaponiyaning radio uskunalar ishlab chiqaruvchi “Icom” kompaniyasiga tegishli ratsiyalarning portlashi haqida xabar tarqalgach, shirkat masalani tergov qilishga kirishdi.

“Icom” mahsulotlarining Livanda sotilganini tasdiqlay olmasligini bildirarkan, ratsiyaning xabarlarda keltirilgan modelini ishlab chiqarish 10 yil oldin to’xtatilganini, unga batareya ham ortiq sotilmayotganini ma’lum qildi.

“Icom” direktori Yoshiki Enomoto Livanda “Icom”niki deya aytilayotgan ratsiyalarning asl emasligini taxmin qiladi.

Isroillik tahlilchilar “Hizbulloh” va Isroil o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri urush mintaqaviy urushga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirarkan, shunday bo’lgan taqdirda AQShning yordamiga umid qilyapti.

“Iroq, xusiylar, hatto Erondan to’g’ridan-to’g’ri hujumlarni ko’rib turamiz deb faraz qilaman. Hatto bu gal Suriyadan ham. To’liq qamrovli urush boshlansa, amerikaliklar yordamiga muhtoj bo’lamiz”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Orna Mizrahi.

AQSh rasmiylari Isroil amaliyoti haqida oldindan bilmaganini, xabardor etilmaganini, Isroil va “Hizbulloh” o’rtasidagi ixtilofni bartaraf etish uchun diplomatik yechim izlash bilan ovoz bo’lganini aytadi.

Shu maqsadda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yana Yaqin Sharqqa yo’l oldi. Payshanba kuni u Qohirada Misr rahbari bilan ko’rishdi.

Blinken, shuningdek, Parijga borib, Fransiya, Italiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi, yaqin Sharqdagi vaziyatni, Ukraina masalasini muhokama qildi.

Isroil matbuotiga ko’ra, yahudiy davlat ko’p sonli qo’shinlarini Livan chegarasiga ko’chirmoqda, yaqin kunlarda Livanga hujum boshlanishi taxmin qilinyapti.

Bu o’rtada BMT Bosh Assambleyasi Isroilni Falastinning noqonuniy ravishda istilo qilingan hududlaridan bir yil ichida chiqib ketishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi. 124 davlat, jumladan O’zbekiston hujjatni qo’llab-quvvatladi, 43 tasi betaraf bo’ldi, AQSh va yana 12 ta mamlakat qarshi ovoz berdi.

Isroil siyosati Bosh Assambleyaning Nyu-Yorkda bo’ladigan yillik sessiyasida ayrim mamlakatlar tarafidan tanqidga olinishi kutilmoqda.

Netanyaxu va Falastin Muxtoriyatining Prezidenti Mahmud Abbos BMTda 26-sentabr kuni ma’ruza qiladi.

Qabul qilingan rezolyutsiya davlatlarni Isroil Falastin hududlarida ishlab chiqargan mahsulotlarni import qilmaslikka, Isroilga qurol va o’q-dori sotmaslikka da’vat etadi.

Bu Falastin Muxtoriyati shu oy BMTda qo’shimcha imtiyoz va huquqlarni qo’lga kiritganidan beri ilgari surgan ilk rezolyutsiya loyihasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG