Breaking News

IShID tahdidi bois AQShning janubiy chegarasida tekshiruvlar kuchaygan


Boshpana izlab kelgan turkiyalik migrantlar, Tixuana, Meksika, 8-iyun, 2024
Boshpana izlab kelgan turkiyalik migrantlar, Tixuana, Meksika, 8-iyun, 2024

AQSh razvedka agentliklari mamlakat janubiy chegarasiga e’tiborni oshirmoqda. Muhojirlarning to’xtovsiz oqimi bu hududga “Islomiy davlat” (IShID) terror guruhini jalb qilmoqda, deydi rasmiylar.

Yaqinda AQShning bir necha shaharlarida o’tkazilgan reydlarda sakkiz tojikistonlik hibsga olingani xavotirlarni oshirdi. Barchasi Meksika orqali Amerikaga kirgan, ayrimlari 2023-yilning bahorida.

Ular dastlabki tekshiruvlardan muammosiz o’tgan bo’lsa-da, keyinchalik AQSh huquq-tartibot idoralari davomiy kuzatuv ortidan tojikistonliklarning IShIDga aloqadorligiga ishora qiluvchi ma’lumotlarni aniqlagan.

“[Rossiyadagi] konsert zalida 150 dan ortiq odamni o’ldirganlar dunyoning o’sha qismidan ekanini unutganimiz yo’q”, - deydi Ken Vaynstin, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi vakili, Moskvada mart oyida ro’y bergan terakt haqida so’zlar ekan.

Vaynstin AQSh Vakillar patalasining terrorizmga qarshi kurash bo’yicha quyi qo’mitasida so’zladi. Uning aytishicha, IShIDning chegaradagi vaziyatdan foydalanish ehtimoli bois AQSh Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori bilan kundalik uchrashuvlar o’tkazilmoqda, Federal tergov byurosi (FTB) bilan hamkorlik kengaygan.

Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, IShID Markaziy Osiyodan Meksika orqali AQShga 400 dan ziyod migrantni olib kirgan bo’lishi mumkin.

“Ammo ushbu shaxslar terrorchi ekani haqida ma’lumot yo’q”, - dedi Vaynstin qonunchilar savollariga javob berar ekan.

IShIDning kontrabanda tarmog’i orqali Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardan 400 dan ortiq shaxs AQShga olib kirilgani haqida ilk bor “NBC” telekanali xabar tarqatgan edi. Ulardan 150 nafari hibsga olingan, yana 50 dan ortiq kishining qayerda ekani noma’lum.

Janubiy chegara yuzasidan xavotirlar tahdid manzarasi o’zgarganidan darak beradi. Yillar davomida AQSh rasmiylari IShID va boshi terror guruhlari Meksika bilan chegara orqali Amerikaga kirishga urinayotgani haqida hech qanday dalil yo’q deb kelayotgan edi.

Ammo iyunda AQSh va Turkiya birgalikda e’lon qilgan sanksiyalar IShIDning odam kontrabandasiga qiziqishi ortib borayotganiga ishoradir.

Sanksiyalar, AQSh Moliya vazirligiga ko’ra, IShIDning Turkiyadagi a’zolariga yordam ko’rsatayotgan Yevrosiyo odam kontrabandasi tarmog’iga qaratilgan.

Vazirlik tarqatgan ma’lumotga qaraganda, qora ro’yxatga qo’shilgan shaxslardan biri Olimxon Ismoilov O’zbekistondan turib ish olib boradi, IShIDning Gruziyadagi rahbari Adam Xamirzayevdan ko’rsatmalar oladi.

AQSh Davlat departamenti bayonotiga ko’ra, IShIDning Gruziyadagi amiri bo’lmish Xamirzayev yuqorida tilga olingan tarmoq faoliyatida ishtirok etadi va uning “AQShga odamlarni yuborish sa’y-harakatilaridan xabardor”.

Sanksiyalangan tarmoq sakkiz tojikistonlikni AQShga olib kirgan IShID guruhiga aloqadorligi to’g’risida hech qanday ma’lumot yo’q.

Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas so’zlariga ko’ra, hibsdagi tojikistonliklarni deportatsiya qilish jarayoni boshlangan.

“Chegarada hushyorlikni oshirdik. Skrining va tekshiruvlar kuchaygan, yangi tahdidlarni, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi migrantlarni aniqlash bo’yicha ish olib borayapmiz”, - deydi Oq uy vakili Jen Daskal.

Ammo u IShID tahdidi saqlanib qolayotganini tan oladi, ayniqsa uning Afg’onistondagi bo’linmasidan.

“IShID va IShID-Xuroson tashqi operatsiyalarni o’tkazish qobiliyati va niyatini namoyish etib kelmoqda”, - deydi Daskal.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG