Breaking News

Yevropa rahbarlari Trampning NATO haqidagi izohidan shokda


AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning NATOga doir izohi Yevropa davlatlarini shokka tushirdi. AQShga soyabon sifatida qarovchi mamlakatlar Tramp Oq uyga qaytgan taqdirda qudratli davlat himoyasidan ayrilishi mumkinligini xavotir bilan tilga olmoqda.

Xalqaro hayot - 13-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:37 0:00

Janubiy Karolina shtatining Konvey shahrida saylov kampaniyasi doirasida tarafdorlari oldida so’zlagan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Yevropa mamlakatlari AQShdan foydalanayotganini, ammo xavfsizlik uchun yetarlicha badal to’lamayotganini aytdi.

“Yirik mamlakatlardan birining prezidenti mendan savol so’rab qoldi: “Janob, agar biz pul to’lamasak va Rossiya bizga hujum qilib qolsa, bizni himoya qilasizmi?”. Men “to’lamadingizmi? Qoidaga amal qilmadingizmi?” deb so’radim. U esa “shunday desa ham bo’ladi” deb javob berdi. Shundan so’ng men “Yo’q, sizlarni himoya qilmayman. Hatto Rossiyadaga xohlagan ishini qilishni maslahat beraman. Badalni to’lash kerak, to’lovlar qolib ketishi kerak emas” dedim”, - dedi Tramp.

Tramp oldin ham NATO davlatlarini mudofaa uchun yetarlicha pul sarflamayotganlikda ayblagan. Biroq Trampning Moskvaga NATO ittifoqchisiga hujum qilish maslahatini bermoqchi ekani Yevropa poytaxtlarida qizg’in muhokama etilmoqda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bayonotida aytilishicha, bu kabi izohlar nafaqat alyansga a’zo davlatlar, balki AQSh xavfsizligiga ham putur yetkazadi, amerikalik va yevropalik askarlarga tahdidlarni kuchaytiradi.

Bir necha kun oldin Oq uyda Prezident Jo Bayden bilan ko’rishgan Germaniya Kansleri Olaf Sholsga ko’ra, NATO Amerika va Yevropa davlatlari tinchligi va xavfsizligi uchun hamisha muhim bo’lgan.

Schols bu haqda artilleriya va tank snaryadlarini ishlab chiqaruvchi “Raynmetal” kompaniyasining yangi zavodiga tashrifi chog’ida so’zladi. 300 million yevrolik zavod kelasi yildan boshlab yiliga 200 ming dona snaryad ishlab chiqarmoqchi. Tramp esa Oq uyga qaytsa, Ukrainadagi urushni bir kunda tugatishga va’da bergan.

Vashingtonlik tahlilchi Maykl Kimmajning aytishicha, Tramp AQSh Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilarni Ukrainaga ortiq harbiy yordam ajratmaslikka chaqirgan.

“Trampni deb Amerika siyosatida o’zgarish kuzatilmoqda. Chunki Tramp Respublikachilar partiyasining yetakchisi. Trampning izohlaridan shu narsani bilish mumkinki, AQShda saylov qanday yakunlanishiga qarab Yevropa Rossiya tahdidi oldida yolg’iz qolishi, Ukrainadagi urush bilan asosan o’zi shug’ullanishiga to’g’ri kelishi mumkin”, - deydi Amerika katolik universiteti professori.

Parijda Fransiya va germaniyalik hamkasblari bilan uchrashgan Polsha Tashqi ishlar vaziri Radek Sikorski ham Trampning NATO haqidagi gaplarini izohlab, Polsha 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so’ng AQShga beg’araz yordam berganini, Vashingtondan buning uchun pul so’ramaganini aytdi.

"Ittifoqimiz xavfsizlik kompaniyasi bilan shartnoma emas”, - dedi u.

Sikorskiga ko’ra, AQSh dunyoda ko’plab muammolar bilan yuzlashmoqda va vaqti kelib Yevropa o’z xavfsizligi bilan o’zi shug’ullanishi kerak bo’ladi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne ham shu haqda so’zladi.

"Barchamiz AQShda respublikachilardan nomzod nima deganini eshitdik. Shunga qaramasdan barcha rahbarlarni hammamiz, jumladan AQSh manfaatiga ham xizmat qiluvchi ittifoqimizning muhim ekaniga ishontirishda davom etaman”, - dedi u.

Niderlandiya Mudofaa vaziri Kaysa Ollongren esa Trampning NATO haqidagi izohi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qulog’iga yoqishini aytdi.

"Kuchimiz birlikda. Agar birlashmasak, zaiflashamiz. Putinga esa aynan shu narsa kerak”, - dedi u.

2014-yilda NATOga a’zo davlatlar 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaa maqsadlariga ajratishga kelishib olgan edi. NATO hisobicha, 2023-yil boshida alyansga a’zo 30 mamlakatdan 10 tasining harbiy sarfiyatlari ikki foiz atrofida bo’lgan.

Vashingtonlik yana bir tahlilchi Lindsi Nyuman AQSh Kongressida NATO birligini himoya qilishga qaratilgan mexanizm borligini aytadi.

“2023-yilda “Milliy mudofaa uchun xarajatlar haqidagi qonun” doirasida prezidentga Kongress roziligisiz NATOdan bir tomonlama chiqmaslik sharti qo’yilgan”, - deydi Yevrosiyo guruhi eksperti.

Biroq ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, NATOni zaiflashtirish uchun AQSh tashkilotni tark etishi shart emas. Buning uchun Germaniyadan qo’shinlarini chiqarishi yoki NATO Nizomining kollektiv mudofaa haqidagi 5-moddasini bajarmasligi haqida og’iz ochishi kifoya, deydi ular.

Mazkur moddaga ko’ra, NATO a’zolaridan biri hujumga uchrasa, qolgan barchasi unga yordam berishi kerak. AQShda 11-sentabr xurujlaridan so’ng NATO Nizomining 5-moddasi ilk bor ishga solingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG