Breaking News

Tramp va Harris ikkilanayotgan shtatlarda targ’ibotni kuchaytirmoqda


AQShda prezident sayloviga bir yarim oy qolganda asosiy nomzodlar Donald Tramp va Kamala Harris muhim bo’lgan ikkilanuvchi shtatlarda saylov kampaniyasini kuchaytirmoqda, iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan siyosati borligini aytib, saylovchilar e’tiborini qozonishga harakat qilmoqda.

AQShda prezident sayloviga bir yarim oy qolganda asosiy nomzodlar muhim hisoblangan ikkilanuvchi shtatlarda saylov kampaniyasini kuchaytirmoqda.

Respublikachilardan nomzod Donald Tramp uning saylovdagi demokrat raqibi Kamala Harrisning yangilanuvchi energiyaga doir siyosatini Michigan shtatida avtomobil sanoati ishchilari kelajagiga tahdid deb atadi.

"Xitoy elektrik avtomobillar sabab, unda buning uchun material borligi sabab barcha bizneslaringizni olib qo’yadi. Biz bunday qilmaymiz. Chunki bizda benzin bor. Shu qadar ko’pki, nima qilishni bilmaymiz. Ularda esa benzin yo’q. Nega endi ular hukmron sohada mahsulot ishlab chiqarishimiz kerak?”, - deydi Tramp.

Aksariyat amerikaliklar iqtisodiyot va inflyatsiyani saylovdagi o’zlari uchun muhim mavzu deb biladi.

Trampning saylovdagi sherigi, vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens iqtisodiyotdagi muammolarni Kamala Harris siyosati bilan bog’lamoqda.

" Portlovchi inflyatsiya. Bunga Kamala Harris sababchi. Bozor-ucharga ortiq pulingiz yetmayapti. Bunga ham u sababchi. Amerikalik yosh oilalar uchun uy-joy qimmatladi. Bunga ham Kamala Harris aybdor”, - deydi Vens.

Harris o’z iqtisodiy dasturida ilk bor uy xarid qilayotgan odamlarga, yangi ota-onalarga va kichik biznes egalariga soliq imtiyozlarini taklif etmoqda.

U ikkilanib turgan yana bir shtat Pensilvaniyada qora tanli jurnalistlar bilan uchrashib, Amerika iqtisodiyotini yaxshilash uchun respublikachilar qo’zg’atayotgan bo’linishga chek qo’yish kerakligini aytdi.

"Bozor-uchar hali ham qimmatga tushyaptimi? Ha. Qilinadigan ishlar ko’pmi hali? Ha. Mamlakatimiz uchun yangi avlod rahbariyatini taklif qilaman deya ishonaman. Davlatimiz yangi davrga qadam qo’yish arafasida ekan, afsuski, ayrim odamlarning qo'rquvni qo'zg'atishga, mamlakatimizda bo'linish yaratishga qaratilgan harakatlariga guvoh bo’lyapmiz”, - dedi Harris.

Tramp prezidentlikka qaytsa, kelajakka umid ham qaytishini aytadi, 2020-yil saylovida g’alaba qozonganida importlarga tariflarni oshirib, iqtisodiyotni yanada kuchaytirgan bo’lishini ta’kidlaydi.

Tramp so’nggi saylovda mag’lubiyatga uchraganini hanuz tan olgani yo’q, saylov soxtalashtirilganini aytishdan charchamayapti.

"Agar 2020-yilda yaxshi natija ko’rsatmaganimda hozir prezidentlik haqida o’ylamagan bo’lardim. Biz o’shanda ajoyib natija ko’rsatdik, ammo yomon ishlar ro’y berdi. Bu safar bunga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Tramp.

Harrisning saylovdagi sherigi Tim Uolz nazarida, Tramp to’rt yil oldingi mag’lubiyatiga ko’nika olmayapti.

“Men o’zimni yaxshi o’qituvchi deb bilaman, o’quvchilarimga saboq olish uchun qo’shimcha imkoniyatlar beraman. Ba’zan birinchi marta saboq olmaysiz. Donald Tramp birinchi marta saboq olgani yo’q. Ammo noyabrda u yaxshi dars oladi”, - deydi Uolz.

Ikkilanib turgan yettita shtatda o’tkazilgan aksariyat ijtimoiy so’rovlarda asosiy raqiblar deyarli teng ketmoqda. Saylov kuni yaqinlashgani sari ular puli va diqqatini saylov natijasini belgilovchi mana shu shtatlarga qaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG