Breaking News

AQShda ukrain oilalar ta'lim-tarbiyada yuzlashayotgan muammolar


AQSh ta’lim tizimiga moslashayotgan ukrainalik qochqinlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Urush ortidan ko‘plab ukrainaliklar “Ukraina uchun birlashing” dasturi ko’magida AQShning Kolorado shtatiga ko’chib kelgan. Qochqin oilalar uchun farzandlariga Qo'shma Shtatlarda ta'lim-tarbiya berish o’ziga xos sinov.

Zoryana German va uning 12 yashar qizi Evelina Ukrainaning Ivano-Frankovsk shahridan. Ular 2022-yil oxirida Kolorado shtatining Denver shahrida yashovchi do’stlari oldiga ko’chib kelishgan. Koloradoda yashaydigan ukrainlar soni 15 mingdan oshgan.

“Duch kelgan birinchi muammomiz til bo’ldi. Boshida odamlarning gapini yarmidan ko’pini tushunolmasdim. Ingliz tilini bilaman deb o’ylaganman, bunday emas ekan!”- deydi Zoryana.

Evelinani maktabga joylashtirish ham oson kechmadi.

“Bu yerda hammasi Ukrainadagidan butkul farq qiladi. Farzandni qanday qilib maktabga joylash, jarayonni nimadan boshlash kerak, bolangiz ingliz tilini bilmasa qanday qilib o’qiydi va o’rganadi, muloqotga kirishadi? Bundan tashqari AQSh maktablarida o’quvchilarni qanday ovqatlantirilishini tushunmasdik”, - deydi Zoryana.

Evelinani oltinchi sinfga olishgan. Uning tezroq moslashishiga o'qituvchilar va maktab xodimlari yordamlashgan.

“Tezroq o’rganishim uchun o'qituvchilardan biri har kuni menga ingliz tilidan dars berardi. Maktab juda katta va bu yerda avvalida do'stlarim yo'q edi, vaqt o'tishi bilan hammasi o'zgardi”,- deya eslaydi Evelina.

"Amerika maktabiga xush kelibsiz" deb nomlangan dastur Evelina va u kabi bolalar oilalari uchun foydali bo’ldi. Tadbirni Kolorado ukrainlar jamiyati notijorat tashkiloti, Litlton jamoat maktablari va Kolorado ta'lim departamenti hamkorlikda tashkil qilgan.

“Tadbirda hammasini batafsil gaplashdik. Amerika Qo'shma Shtatlaridagi mavjud, davlat, charter, xususiy maktablar borligi xususida. Davlat maktablari taqdim eta oladigan asosiy xizmatlar: avtobuslar, tushlik, sport va to’garaklar borasida. Ingliz tilini rivojlantirish. Shuningdek, kollejga qanday hujjat topshirish va o’qishga kirish kerakligi, boshqa davlatdan kelganlar nimalarga e’tibor berishi kerakligini”,- deydi Rayan Olson, mahalliy rasmiy.

Zoryana va Evelina ko'plab yangi narsalarni o’rganishiga to’g’ri keldi.

“O'qituvchingiz sizga elektron xat yuborsa, bu nimani anglatadi? Ota-onalar va o’qituvchilar konferensiyasi - u qanday tadbir? Hammasi o’zgacha. Suhbatni o’tkazishimizdan maqsad ham shu - ukrainalik oilalar kelib, savollarini berishsin”, – Natalya Miller-Forrest, tashkilotchi.

“Juda foydali tadbir bo'ldi. Ukrain tilida o’tkazilgani tushunishimizni yengillashtirdi. Boshlang'ich, o'rta va yuqori sinflarda bola nima qilishi mumkin, qanday qilib hujjat topshirib kollejga kiradi... Kreditlar tizimida baholash biz uchun yangilik, umuman notanish. Eng muhimi, bu tadbirlar bepul - ishtirok etsangiz bo’ldi”,- deydi Zoryana.

“Ukrainadan kelayotgan barcha bolalarga aytadiganim - ingliz tilida gapirishdan qo'rqmang! O’qib o’rganasiz, siz buni uddalaysiz”, - deydi Evelina.

Koloradolik ukrain ko'ngillilar qochqinlarga yangi makonda tezroq moslashishlariga ko’maklashuvchi bunday tadbirlarni davom ettirish niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG