Breaking News

Ukrainaga AQShda prezidentlikka Harris kelgani yaxshimi yoki Tramp?


Ukraina ahli AQShda prezident saylovida g’alaba qozongan nomzod urushga tezroq yakun yasashga yordam berishiga umid qilmoqda.

Xalqaro hayot - 9-sentabr, 2024-yil - Edmundo Gonsales Ispaniyada siyosiy boshpana so’radi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:11 0:00

Ba’zi ukrainaliklar respublikachilardan nomzod Donald Tramp Moskvaga yumshoqroq muomala qilishidan xavotirda, boshqalari esa demokratlardan nomzod Kamala Harris prezidentlikka saylansa, Ukrainaga yordam sekinlashishini taxmin qilmoqda.

“Bo’lajak prezident bizni, siyosatimizni, armiyamizni qo’llab-quvvatlashda davom etadi degan umiddaman”, - deydi Angelina ismli kiyevlik ayol.

Yana kimdir Amerikaning bo’lajak rahbari Rossiya-Ukraina urushiga barham bera olmasligidan xavotir bildirmoqda.

“Saylovda kimning g’alaba qozonishini va mamlakatimizga nisbatan siyosat qanday bo’lishini bilishni istardim. Ikkisi ham bizni qo’llab-quvvatlaydi degan umiddaman”, - deydi Dmitro ismli ukrainalik.

Siyosiy tahlilchi Mikola Davidyuk ukrainaliklarning eng katta qo’rquvi AQShda yangi ma’muriyat Ukrainani unutib, Rossiyaga qarshi kurashda yordamdan voz kechishi ekanini aytadi.

“Bir paytlar demokratik bo’lgan mamlakatni avtokratiyaga aylantirish millionlab odamlarning o’limiga olib keladi. Mana shundan xavotirdamiz”, - deydi ekspert.

Oq uydagi bo’lajak ma’muriyatning qanday siyosat yuritishi bilan bog’liq mavhumlik ikki yarim yildan beri Rossiyaga qarshi jang qilayotgan Ukraina ruhiyatiga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan asosiy omildir.

Tramp urushga tez barham berishni va’da qilmoqda, biroq Ukraina buning uchun hududlaridan voz kechish sharti bilan yuzlashishidan xavotir bildirmoqda.

Ammo shu bilan birga, Tramp birinchi prezidentligi davrida Ukrainaga tankka qarshi “Javelin” qurollari savdosini ma’qullagan va ushbu tizim urushning ilk kunlarida Ukrainaga ancha foyda berdi.

Kiyev bu qurollarni AQShdan 2014-yilda, Rossiya Qrimni tortib olganidan so’ng so’raganida Prezident Barak Obama va uning o’rinbosari Jo Bayden yo’q deb javob bergan edi.

Shu sabab ayrim ukrainaliklar qaysi nomzodni qo’llab-quvvatlashni bilmay hayron.

“Tramp g’alati odam. Fikrlari g’alati”, - deydi Svetlana ismli kiyevlik yana bir ayol.

Uning Ivan ismli hamshahri javobni o’tmishdan oladi.

“Tramp oldin prezident bo’lgan. Uning boshqaruv usuli ayon, xavotir olishga o’rin yo’q deb o’ylayman”, - deydi u.

Bayden ma’muriyati Ukrainani urushning eng boshidan beri qo’llab-quvvatlab keladi, 175 milliard dollar ajratgan. Biroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yordam sekin kelayotganidan shikoyat qiladi.

“Biz hamkorlarimiz, ayniqsa AQShdan qurol kutayotgan bir paytda rus armiyasi vaziyatdan foydalanishga urinmoqda. Ta’minot tezlashsa, frontni barqarorlashtirishga muvaffaq bo’lardik”, - deydi u.

Tahlilchilar Kamala Harris prezidentlikka saylansa, siyosati Baydennikiga o’xshashini aytadi. Ba’zilar bunga ijobiy qarasa, boshqalar urush cho’zilishidan xavotirda.

Kiyevda joylashgan “Razumkov” ijtimoiy fikr markazi o’tkazgan so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ukrainaliklarning 44 foizi Rossiya va Ukraina tezroq tinchlik muzokaralarini boshlashini istaydi, biroq respondentlarning aksariyati Putinning shartlarini qabul qilmasligini aytadi.

Rossiya prezidenti uning mamlakati muzokaraga tayyor ekanini bildirarkan, rus qo’shinlari egallagan ukrain hududlaridan voz kechmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG