Breaking News

O'zbekistonda prezident saylovi 4-dekabrda, kim maydonga chiqadi?


Prezident Islom Karimovning dafn marosimi, Samarqand, 3-sentabr, 2016
Prezident Islom Karimovning dafn marosimi, Samarqand, 3-sentabr, 2016

O'zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi rasman boshlandi. Saylov 4-dekabr kuni bo'lib o'tadi, 30-sentabrdan 20-oktabrga qadar nomzodlar ro'yxatga olinadi. Hozircha prezidentlik uchun nomzod ko'rsatishi mumkin bo'lgan rasmiy partiyalar jim. Saylovda tanlov ham, raqobat ham kutilmayapti. O'zbekiston ahli uchun ilk bor Islom Karimov ishtirokisiz o'tadigan jarayon uning davridagidan farq qilmasligi taxmin qilinmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi 9-sentabr kunidagi yig'ilishida O'zbekiston prezidentligi uchun saylov kuni, nomzodlarni ro'yxatga olish muddati, shuningdek, butun jarayon bilan bog'liq dasturni tasdiqlagan. Komissiya raisi Mirzo-Ulug'bek Abdusalomov saylov demokratik va ochiq ruhda o'tadi degan.

O'zbekiston prezidentligi uchun kimlar kurashishi hozircha aniq emas. Qonunchilikka ko'ra, nomzodlar siyosiy partiyalardan ko'rsatilishi kerak. Mamlakatda to'rtta siyosiy partiya ro'yxatga olingan, ulardan birortasi hukumatga muxoliflik maqomida emas.

Rasmiy partiyalar 27 yil davomida O`zbekistonni boshqargan Islom Karimov uchun saylovlardagi yasama muqobilikni ta'minlab keldi. Ularning roli bu saylovda ham o'zgarmasligi kutilmoqda.

Muxolifatdagi "Muqobil O`zbekiston" guruhi faoli Mo'tabar Tojiboyeva nazarida, Karimov ketdi, ammo tuzum o'sha-o'sha, demokratik qadamlar haqida gapirish juda qiyin.

"Agar Karimovdan keyingi O'zbekiston demokratiya tomonga yo'nalganda edi, inson huquqlari va demokratiya masalasi birinchi o'ringa qo'yilardi. Shundan kelib chiqsak, kutilayotgan saylovlar ham ko'zbo'yamachilik, yolg'on bilan o'tadi. Avval Islom Karimovga tavof qilganlar sekin asta Shavkat Mirziyoyev shaxsini ulug'lashni boshlayapti. Eng achinarlisi bu kampaniya saylov kuniga qadar yanada avj nuqtaga ko'tariladi. Har doimgidek rasmiy partiyalardan qo'g'irchoq nomzodlar ko'rsatiladi, saylovda esa Shavkat Mirziyoyev mutlaq g'oliblikni qo'lga kiritadi. U hozirdanoq o'zini haqiqiy prezidentdek his etayotgani bejiz emas “, - deydi Tojiboyeva.

Xorijdagi muxolifat saylovlar yuzasidan biror bayonot bildirgani yo'q. Mo'tabar Tojiboyeva fikricha, oppozitsiya bu safar ham chetda qolaveradi.

"Gap shundaki, birinchi bo'lib hukumat qadam qo'yishini kutish kerak emas. Biz o'zimiz muloqot boshlashimiz, bunga tayyor ekanligimizni bildirishimiz kerak. Lekin afsuski, bugungi kungacha hozir faqat rejimni qoralash, Karimov murdasi ortidan tosh otish bilan ovora bo'lib qolayapmiz, aslida esa aniq takliflar bilan chiqishning fursati edi. Saylovlarda, mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtirok etish uchun muloqotlarni boshlash kerak edi “, - deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

2-sentabr kuni vafot etgan, O`zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan Isom Karimov davrida o'zbek muxolifati davomli tarzda tazyiqqa olindi. Muxolif partiya liderlari mamlakatda quvg'in qilindi, ko'plab faollar qamoqqa tashlandi. So'z erkinligi, mustaqil fuqarolik jamiyati faoliyati tugatildi. Islom Karimov boshqaruvida yaratilgan tizimga dunyodagi eng repressiv rejimlardan biri sifatida tarif beriladi.

Islom Karimov vafotidan so'ng hukumat ayni paytda vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning qo'liga to'liq o'tishiga ishonch kuchli. Mirziyoyevning o'zi vaqtinchalik prezidentlik vazifasiga kirishar ekan, barcha sohada Islom Karimov siyosatini davom ettirishini ma'lum qildi.

“Bugun biz xalqimizni ishontirib, baland ovoz bilan aytishimiz zarurki, buyuk ustozimizning siyosiy merosi, ya'ni u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillar, ustuvor yo'nalishlar, maqsad vazifalarni to'liq amalga oshirish biz uchun ham farz, ham qarz”, - dedi Mirziyoyev.

U, xususan, tashqi siyosatda ham Karimovdek "muvozanatli" strategeya asosida ish tutishini bildirib, g'arb va sharq bilan birdek sermahsul hamkorlik olib borish niyatida ekanini aytdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG