Breaking News

Mehnat muhojirlari Karimovning gaplarini nafrat bilan qabul qildi


O'tgan yili mehnat mujojirlari O'zbekiston iqtisodiyotiga olti milliard dollarga yaqin hissa qo'shgan
O'tgan yili mehnat mujojirlari O'zbekiston iqtisodiyotiga olti milliard dollarga yaqin hissa qo'shgan
Rossiyada mehnat qilib, vatandagi oilasini boqayotgan o’zbekistonliklar prezident Islom Karimovnining yaqinda ularga nisbatan aytgan gaplaridan norozi. Davlat rahbari o’tgan hafta Jizzax viloyatiga qilgan safari chog’ida migrantlarni dangasaga chiqargan, ularni vatanni sharmanda qilayotganlikda ayblagan edi. Rossiyada yurganlar fikricha, Karimov aslida ishsizlik va qashshoqlik borasida haqiqatni aytmay, o’zining puch siyosatini oqlash bilan ovora.

Karimov - mehnat muhojirlari/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:40 0:00
Yuklab oling

Karimov deydiki, Rossiyada farroshlik qilib pul topayotganlar o’zbeklarni sharmanda qilmoqda. Bu ayblov albatta ko’pchilikni sergak torttirdi.

Kimdir prezidentning bu chiqishini haqorat sifatida qabul qilsa, kimdir prezidentning o’z xalqiga bunday qo’pol munosabatidan g’azabda.

Rossiyadagi “Taraqqiyot” partiyasi, o’zbek muxolifatining bir qismi, rahbari Abdujabbor Ismoilovga ko’ra, Karimovning bu so’zlari mehnat muhojirlariga qattiq botdi.

“Nafratlanib, nafratlanib qabul qilishdi. Endi ular shu darajada nima qilshayaptiki, mana oxirgi uchrashuvimizda ham, shunchalik ko’chada qolibmiz, bu yerda haq-huquqimiz yo’q, ikkinchi sort odam edik, endi o’zimizda uchinchi sortga aylanayapmizmi deb. O’zbekistonga katta pul jo’natiladi. Bu pul mamlakatga foyda bo’layapti. Xullas, muhojirlar munosabatini ikki o’giz gap bilan aytadigan bo’lsam, buni nafrat bilan qabul qilishdi”, - deydi Ismoilov.

O’tgan hafta Jizzax viloyatiga safar qilgan Islom Karimov jumladan shunday degan edi:

“Endi dangasalar hozir O’zbekistonda kamdan kam. Dangasalar deb Moskvaga borib, ko’chalarini, maydonlarini supirayotganlarni hisoblayman. Odam jirkanadi-ki, o’zbek millatidan shunaqa borib, o’ziga bir burda non topish uchun shu yoqqa borish kerak ekan. O’zbekistonni o’zida hech kim ochlikdan o’layotgani yo’q“.

Karimov, shuningdek, O’zbekistonda birorta tilamchi qolmagan, deydi.

Mehnat muhojirlari xususida yana bir aytgan gapi: “Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib sharmanda qiladi hammamizni.

Bu iddao Rossiyada ishlab yurgan minglab o’zbeklar orasida tezlikda tarqalib, nafaqat ular balki ularning vatandagi oilalariga nisbatan ham haqorat sifatida qabul qilindi.

“Muhojirlarini dangasa deyish yomon gap, menga juda yomon tegdi to’g’risi”,- deydi migrantlardan biri.

“Bo’lmagan gap, bu bilan haqorat qilgan. Biz O’zbekistonda ham ishlab yurganmiz, Rossiyada ham ishlayapmiz. Menga o’xshaganlar qancha. Har oy uyga pul jo’natib turishibdi. Oilani boqish kerak-ku, bu dangasalikka kirmaydi”, - deydi u.

Boshqa bir muhojirga ko’ra, yuzlab o’zbeklar qul kabi ishlab, vatanda qolgan oilalarini boqish uchun har kuni tahqirlanib, azob-uqubatlarga bardosh berib yuribdi. Ona yurtda hayot osonroq bo’lganida, kim yurardi shunchalik sarson bo’lib?

O’zbekistonlik mehnat muhojirlari soni norasmiy hisob kitoblarga ko’ra 5 million atrofida, ularning aksariyati Rossiyada. Ular yuborgan mablag’, o’tgan yilgi hisobga ko’ra, 6 millard dollarga yaqin. O’zbekistonda ko’plab oilalarning tirikchiligi mehnat muhojirlari topayotgan shu pulga qarab qolgan.

O’zbekiston prezidentining bu chiqishi nafaqat 5 millionlik muhojirlar qatlami, balki ular orqasidan tirikchilik o’tkazayotgan minglab oilalarga ham tegishlidir.

Abdujabbor Ismoilov tahlilicha, Islom Karimov bu bayonoti bilan mamlakatda keng tarqalgan ishsizlik muammosini tan olmoqchi emas.

“Shaxsiy fikrim shuki, ko’p vaqtdan buyon mehnat muhojirlarini hukumat tan olmadi, endi bu narsani tan olishga majbur bo’layotgandan keyin esa, O’zbekistonda ish bor, hammasi bor, lekin bular ko’proq pul topish maqsadida boshqa joyga ish izlab ketgan, degan narsani yoymoqda. Bu faqat o’zini oqlashga bo’lgan harakatdir. Endi (Karimov) keng jamoatchilik oldida, dunyo davlatlari oldida o’zini oqlashga intilmoqda”.

O’zbekiston prezidentining bu bayonotidan so’ng poytaxt Toshkent ko’chalari tilamchilardan tozalana boshlagan. Ish izlab chetga ketayotgan yoshlar ustidan nazorat choralari kuchaytirilgan.

Hukumat tan olmasa-da, O’zbekistonda tirikchilik juda qiyin. Aholi ish topish maqsadida asosan Rossiya va Qozog’iston kabi mamlakatlarga chiqib ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG