Xitoy qamog'idagi jurnalistlarning deyarli yarmi uyg'urlar

  • Amerika Ovozi

Xitoyda kamida 50 jurnalist panjara ortida, ulardan 22 nafari uyg'urlardir

AQSh Kongressining Vakillar palatasi Xalqaro matbuot erkinligi kunida rezolyuta chiqarib, Xitoy, Rossiya, Belarus va boshqa repressiv tuzumlarni qoraladi.

Qonunchilar va xalqaro tashkilotlar nazarida Xitoy hukumati jurnalistlarga nisbatan eng zolim sistemalardan biridir.

"AQSh bu masalaga ko'proq e'tibor qarataverishi kerak", - deydi Bahrom Sintash, otasi Xitoyda qamoqda o'tirgan uyg'ur.

Qurbon Mamut Shinjonda gazeta bosh muharriri bo'lgan. Bahrom deydiki, otasi haqiqatni olib chiqqani uchun jazolanmoqda.

Qurbon Mamut - Xitoy qamoqxonalaridagi uyg'ur jurnalistlardan biri

Urumchida yashagan Mamut shu yilning fevral oyida 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasiga ko'ra, Xitoyda kamida 50 jurnalist qamoqda, 22 nafari uyg'urlardir va ularning hammasi Shinjondan. Uyg'urlar bu mintaqani Sharqiy Turkiston deb ataydi.

Jahon bo'ylab ayni damda 293 jurnalist jazoni o'tash muassasalarida o'tiribdi.

Uyg'urlarni himoya qiluvchi tashkilot eksperti Piter Irvin qayd etishicha, Pekin azaldan jurnalistlarga zulm o'tkazib o'rgangan.

"Uyg'urlardan ularning borligi uchun qo'rqadigan hukumat ayniqsa jurnalistlardan xavfsiraydi", - deydi mutaxassis.

Irvinning markazi hisobicha, 1 millionda oshiq uyg'ur panjara ortida.

2021-yilda AQSh hukumati Xitoyning uyg'urlarga nisbatan zulmini genotsid, ya'ni etnik qatliom deya baholagan.

Pekinga ko'ra esa Shinjonda ham, butun mamlakatda ham vaziyat joyida, uyg'urlar erkin fuqarolar.

Irvinning tahlilicha, uyg'urlarga tazyiq oxirgi yetti yilda yanayam keskinlashdi.

"Uyghurbiz" deb nomlangan saytning to'qqiz xodimi bir paytda qamalgan. Platformaga ancha yillar oldin olim Ilhom To'xti asos solgan. To'xti 2014-yilda separatizmda ayblanib, bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mahkumning qizi Juhar Ilhomning aytishicha, otasining shogirdlari adolatparvarligi uchun jazolanmoqda va jazo muddati bitsa ham chiqarilmayapti.

Xitoy qamog'idagi uyg'ur jurnalistlarning farzandlari G'arbdan turib, vatandagi ota va onalarining ozodligi uchun kurashmoqda

"2019-2020 yillarda rasman ozod etilgan uyg'ur hamon qamoqda", - deydi Juhar.

Uning ta'kidlashicha, Xitoy hukumati nafaqat matbuotchilarni, balki Pekinga yoqmaydiga har qanday axborotni tarqatgan odamning ovozini o'chirish bilan band.

"Qarindoshim xavfsizlik xodimlariga telefonini bermagani va u yerdan otamning suratini o'chirishdan bosh tortgani uchun 10 yilga qamalgan", - deydi Juhar.

Norvegiyada o'z nohukumat tashkilotini yuritadigan uyg'ur faol Abduvali Ayup aniqlashicha, xalqaro kuzatuvchilar bergan raqam haqiqatni aks ettirmaydi.

"Aslida Xitoyda 40 uyg'ur jurnalist qamoqda", - deydi u.

"O'tgan yillar mobaynida 400 dan ortiq uyg'ur ziyoli tuzumga qarshi chiqqanlikda ayblanib, qamalgan bo'lsa, ulardan kamida 10 foizi OAV xodimlaridir. Agar biz mustaqil blogerlar, radiochilar, teleboshlovchi va media makonda ishlagan boshqalarni qo'shsak, 100 nafardan oshadi".

Abduvali fikricha, Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi singari tashkilotlar faqat o'zlari matbuotchi deb tan olgan odamlarni ro'yxatga kiritgan. Ammo ular bilmaydiganlari qancha, deydi faol.