Nadejda Atayeva: O'zbekiston siyosiy islohotlarga muhtoj

Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva (o'ngda)

Parijda asoslangan inson huquqlari tashkiloti rahbariga ko’ra, Jahon banki O’zbekistonga kredit berishdan oldin dalalarda odamlarning majburiy mehnatga jalb etilmasligi to’g’risida va’da talab qilishi lozim.

Ekspert nazarida O’zbekistondagi muammolarni hal qilish uchun siyosiy islohot zarur.

Nadejda Atayeva Jahon banki, Jorjtaun universiteti, Kongress, Davlat departamenti kabi muassasalarda ekspertlar va rasmiylar bilan uchrashib, O’zbekistonda inson huquqlari bobidagi vaziyat xususida izlanishlari natijasi bilan o’rtoqlashdi.

Uning aytishicha, O’zbekistonda majburiy mehnatga chek qo’yish lozim. 2013-yilgi paxta mavsumida maktab o’quvchilari terimga olib chiqilmadi, biroq bu bilan respublika majburiy mehnat amaliyotidan butunlay voz kechdi degani emas, deydi Atayeva.

"Bu amaliyotni bekor qilish emas, balki unga yangicha ko’rinish berishdir", - deydi u.

Faolga ko’ra, Jahon banki majburiy mehnat, bolalar mehnati aralashgan loyihalar uchun kredit bermasligi kerak.

“Biroq O’zbekistondagi vaziyatga doir xulosa va bahoni Jahon banki uchun hukumat yollagan mutaxassislar tayyorlaydi. Ular esa O’zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirish maqsadida ishga noxolis yondashib, mamlakatda bolalar mehnatidan foydalanilmaydi deya xulosa qiladi”, - deydi Nadejda Atayeva.

Your browser doesn’t support HTML5

Nadejda Atayeva: O'zbekiston siyosiy islohotlarga muhtoj


Unga ko’ra, O’zbekistonda siyosiy tizimni isloh qilish, mulozimlarning ishga munosabatini o’zgartirish kerak.

"Amaldorlar hozirgi sistemaga moslashib olgan. Agrosanoatda islohotlar zarur, qishloq xo’jaligida ishlab chiqarishning yangi formalarini joriy etish kerak. Odamlarni mavsumiy ishga majburlash emas, qiziqtirish lozim. Yevropada bo’lgani kabi", - deydi Nadejda Atayeva.

Inson huquqlari faolining aytishicha, asosiy maqsadi va vazifasi mehnatkashlar manfaatlari va huquqlarini himoya qilish bo’lgan kasaba uyushmalari ham majburiy mehnat amaliyotini qonuniylashtirishga, oqlashga harakat qilmoqda.

Nadejda Atayeva O’zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisasining o’tgan yil yozidagi gapini eslaydi.

"Tanzila Kamolova paxta terimini ko’ngilli kampaniya, hashar deb atab, uni milliy an’anamizga bog’ladi. To’g’ri, hashar yaxshi an’ana, lekin u bir yilda 60 kun davom etmasligi kerak", - deydi faol.

Uning aytishicha, bunday hashar natijasida oliy o’quv yurtlari, byudjet tashkilotlar yopiladi, ammo bu ishning hukumat ruxsatisiz bo’lmasligi ayon.

Nadejda Atayeva huquq-tartibot organlari, adliya, sud tizimi ishini ham tanqid qiladi. Unga ko’ra, fuqaro uni majburlab paxta dalasiga chiqargan amaldor ustidan sudga shikoyat qilmoqchi bo’lsa, uning ishi ko’rilmaydi, ijobiy hal bo’lmaydi, chunki kasaba uyushmalari bu fuqaro da’vosini qo’llab-quvvatlamaydi, matbuot esa muammoni yoritishga, jamoatchilik muhokamasiga havola qilishga jur’at eta olmaydi. Bu fuqaroni muxolifatchi sifatida ko’ra boshlashadi, deydi huquq faoli.

"Sud xodimlari ham amaldor mentalitetini o’zlashtirib olgan. Matbuot sukut saqlaydi. Qonunlar ishlamaydi, hammasi amaldorning kayfiyati va fikriga bog’liq", - deydi Atayeva.

Huquq faoliga ko’ra, o’tgan yilgi paxta mavsumida 11 odam nobud bo’lgan. Aksariyati yo’l-transport hodisasida, boshqalari esa tan jarohati va zo’ravonlik oqibatida hamda vaqtida tibbiy yordam ko’rsatilmaganidan.

"Agar qadr-qimmatimizni, ma’naviyatimizni tiklashni istasak, Konstitutsiyaga amal qilishni o’rganishimiz, qonunni buzgan, odamlarni menhatga majburlagan amaldorlarni tartibga solish, jazolash kerak", - deydi Atayeva.

Faol Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz va ombudsman idorasi ishini ham tanqid qiladi.

"Akmal Saidov rahbarligidagi markaz hukumatning bu boradagi siyosatini oqlash bilan shug’ullanadi. Qullikning bu turi, inson ekspluatatsiyasi, huquq-tartibot organlari va xavfsizlik idoralarida qiynoqqa solish amaliyotiga markaz ham, ombudsman idorasi ham ko’z yumib keladi", - deydi ekspert.