Qirg’izistonning O’sh shahrida jonkuyar jurnalist Alisher Soipovni xotirlash tadbirlari bo’lib o’tmoqda. O’z kasbining fidoyisi, mahalliy “Siyosat” gazetasining muharriri, “Amerika Ovozi”ning faol hamkori 2007-yil 24-oktyabr kuni 26 yoshida qotil o’qiga duchor bo’lgan edi.
U xolis so’z va haqiqat uchun jon fido qilishga qodir inson sifatida qalblarda qoldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Fojiadan 10 yil o’tib, Soipovlar oilasi, hamkasb va do'stlar Alisherning xona-muzeyini tashkil etishdi, uning hayoti hamda ijodiga bag’ishlangan kitob, shuningdek, videotasma taqdim qilinmoqda. Soipov nomida sayt ochilishi, “Siyosat” gazetasining qayta tiklanishi ham u boshlagan xayrli ishlar bardavom ekanidan dalolat beradi.
“Amerika Ovozi” Alisher Soipovning yaqin do’sti, maslakdoshi, hozirda “Intimoq” teleradiokompaniyasi O’zbek tahririyatining rahbari Davron Nasipxonovni suhbatga chorladi.
Bizni adabiyot do’stlashtirgan edi
“Birga o’tkazgan deyarli har bir kunimiz yodimda", - deydi Davron Nasipxonov. - Qanday tanishganimiz, birga o’qiganimiz, ishlaganimiz - bularning hammasi mening hayotimdagiburilishlardan biri. 1999-yil O’sh Davlat universitetiga kirganimizda tanishganmiz. She’riyatga havasi bor edi Alisherni. Men ham mashq qilib turardim. Bizni adabiyot tanishtirdi, do’stlashtirdi.
2000-2001 yillarda birga “Demos times” gazetasida ishladik. Alisher har narsani tez o’zlashtiradigan inson edi. Bir narsani ko’rdimi - tezda o’rganardi. Tortinmasdi, hech narsadan tap tortmasdi. Yangi sharoitga tez ko’nika olardi. Juda ko’p o’qirdi.
Jur’at, qo’rqmaslik, qaytmaslik, jasurlik uning yonidagilarga ham o’tardi. Har holda o’z haq-huquqlarimizni himoya qilishda undan kuch-quvvat, o’rnak olardik.
Keyinchalik “Fergana” saytida faoliyat yuritdi, “Amerika Ovozi” radiosi uchun ishladi. “Siyosat” gazetasini chiqardi. Oxirgi birga ishlagan joyimiz shu ro’znoma bo’ldi. Ko’pdan beri o’ylab yurgan g’oyasi edi bu gazeta. Boshqacha muhabbat qo’ydi unga Alisher.
Hammaga ham yoqavermasdi - ommaboplikdan uzoq edi
“Alisherni yoqtiradiganlar juda ko’p edi, deb aytolmayman. Xarakteri murakkab edi. Deylik, o’zini bilag’on qilib ko’rsatayotgan odamning yuziga qarab, qahqaha otib kulishi mimkin edi. Ba’zan andishani unutardi. Lekin Alisherning ichki dunyosini tushungan, unga yaqinlashganodam uning butunlay boshqasha inson ekanini bilardi.
Yaxshi jurnalist, o’qimishli inson, deya hamma tan olardi. Lekin oddiygina, hamma bilan chiqishib ketadigan ommabop yigit emasdi. O’ziga xosligi bor edi. Bunaqa iste’dod, bunday xarakter har doim ham omma tomonidan to’g’ri qabul qilingan emas. Nega manmansiraydi, mashhurlikdanmi, puli ko’payib qoldimi, deganlar bo’lgan. Yo’q, u o’zgarmagan, talabalik davrida ham bir xil edi. Ulkan iste’dod, u o’zligicha qoldi”.
Alisherning halokati yosh qalamkashlarni karaxt qildi
Alisher Soipov fojiasi mahalliy axborot vositalarining xodimlari uchun katta saboq bo’ldi, degan fikrlar yuradi. Qay ma’noda saboq bo’ldi?
“Bilmadim, kim nimani nazarda tutadi. Men bunday degan bo’lardim: Alisherning o’limi Qirg’izistonda yetishib kelayotgan jur’atli jurnalistlarni, qalamkashlarning yangi avlodini qo’rqitdi va bir necha qadam orqada jildirdi”, - deydi Davron Nasipxonov.
U hayot bo’lganda…
“Faraz qilib ko’ring, o'sha paytlardagi kamtarona sharoitda qandayin ilg’or g’oyalar, egzu ishlarni amalga oshira boshlagan inson nimalar qilishga qodir edi. O’ylaymanki, juda ko’p tomonlar boshqacha bo’lardi. Hech bo’lmaganda, O’shning ijtimoiy hayotida, jurnalistika sohasida o’z o’rni bo’lardi. Ayniqsa, fojiali 2010-yilda yolg’on xabarlar tarqatilmasligiga, ularning oldini olishga, xolis ma’lumot kerakli joyga yetib borishiga umid bo’lardi. Ehtimolki, oqibatda ziddiyat u qadar chuqurlashmasdi.
Alisher millatparvar bo’lgan, ammo noxolislik unga yot edi.
Jinoyat nega ochilmadi?
“Bu borada biron narsa deyolmayman, chunki hech qanday dalilim, isbotim yo’q. Bir narsani ayta olamanki, dunyoda hech narsa sir qolmaydi, oshkor bo’ladi. Tarixda, o’z vaqtida,bunday voqealar ko’p bo’lgan.
Demak, kerak emaski, jinoyat ochilmayapti. Lekin vaqtlar keladi, hammasi oshkor bo’ladi. Vaqti kelib, adolat albatta qaror topadi.
Xotira tadbirlarining mohiyati
“Bu nafaqat Soipovlar xonadonining, do’st-birodarlarning o’z yaqinlari xotirasini abadiylashtirish harakati. Yoshlarga shunday bir yigit bo’lganini eslatish muhim. Mayli, bo’lib o’tgan ishlardan, Alisherning hayotidan kim qanday saboq oladi. Kimdir, balki, hech narsaga aralashmay tinch yurish kerak, degan saboq olar. Kimdir biron ishga kirishishdan oldinehtiyot tadbirlarini ko’rish lozim ekan, desin. Balki bizda hamma bir o’lik jonlar emas ekan, qo’lidan hech narsa kelmay yuraveradigan xalq emaskanmiz, deyishar.
Bo’lgan ekan shunday insonlar, bor ekan va bo’laveradi. Oqqan daryo oqaveradi. Alisher bilimli, ongli, faol yashagan inson sifatida yodimizda qolaveradi".