Britaniyaning Qirollik birlashgan xizmatlar institutiga (Royal United Services Institute) ko’ra, Ukrainada urush boshlanganidan so’ng G’arb Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni to’xtatganiga qaramay, ko’p davlatlar hanuz Rossiya yadro yoqilg’isidan foydalanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ulardan biri Fransiya. Bu mamlakatdagi 56 ta atom reaktori elektr quvvatining uchdan ikki qismini ishlab chiqaradi. Reaktorlar uchun boyitilgan uranning bir qismini esa Fransiya Rossiyadan olishda davom etmoqda.
“2022-yil boshidan beri Fransiya rus boyitilgan urani importini keskin oshirgan 184 foizga”, - deydi britan siyosiy tahlil markazi eksperti Darya Doljikova.
Fransiyaning kommunal xizmatlar taklif etuvchi EDF kompaniyasi hatto Rossiya bilan Germaniyada uranni qayta ishlovchi qo’shma korxona ochmoqchi.
AQSh, Germaniya, Niderlandiya ham Rossiyadan uran xarid qiladi.
“Rossiya hali ham boyitilgan uran va boyitilgan xizmatlar bobida dunyoda eng yirik eksportchidir. Dunyo eksportining 44 foizi Rossiya hissasiga to’g’ri keladi”, - deydi Doljikova.
2011-yilda Yaponiyaning Fukushima atom elektrostansiyasida reaktor eriganidan so’ng dunyoda yadro yoqilg’isiga qiziqish pasaydi. Biroq zaharli gazlar miqdorini kamaytirish maqsadida qazib olinuvchi yoqilg’idan voz kechishga intilayotgan davlatlar yadro yoqilg’isiga yangidan qiziqish bildirmoqda.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikning o’tgan hafta Bryusseldagi majlisida ayrim davlat rahbarlari ushbu sanoatga sarmoyani oshirishga chaqirdi.
“Bu ta’minot zanjirlarini tiklash va Rossiya mahsulotidan voz kechish uchun muhimdir. Biroq muvozanatni hisobga olish kerak. Agar dekarbonizatsiya yo’lidan borishni istasangiz, karbonat angidrid miqdorini kamaytirishni istasangiz, atom elektrostansiyalarimiz faoliyatini davom ettirish kerak”, - dedi Belgiya Bosh vaziri Aleksandr De Kru.
Britan instituti hisobicha, 2023-yilda Rossiya boyitilgan uran eksportidan 2,7 milliard dollar daromad ko’rgan.
Tashkilot hisobotida aytilishicha, Xitoy o’zining boyitilgan urani eksportini oshirish maqsadida Rossiyadan ko’proq uran sotib ola boshlagan.
“Sanksiyalar va har qanday cheklovlar ko’p tomonlama bo’lishi kerak. Aks holda boyitilgan uran ta’minot zanjirlari va yoqilg’i ta’minot zanjirlarining murakkabligi sabab Rossiya cheklovlar devoridan oshib o’tish yo’llarini topib, G’arb bozorlaridan foydalanishda davom etadi”, - deydi Darya Doljikova.
G’arb davlatlari yadroviy mustaqillikka erishishga intilmoqda. Masalan, Fransiya, ayrim hujjatlarga ko’ra, Trikastin atom elektrostansiyasida uran boyitish salohiyatini 30 foizdan ko’p miqdorda oshirishga erishmoqda.
AQShning “Westinghouse” va Ukrainaning “Energoatom” kompaniyalari Shvetsiyadagi inshootda Sharqiy Yevropada joylashgan sobiq sovet reaktorlari uchun yadro yoqilg’isini ishlab chiqarishga kirishgan.
Doljikovaning taxmin qilishicha, yana salkam ikki yil ichida G’arb Rossiya yadro yoqilg’isiga tobeligini tugatishga muvaffaq bo’ladi.