Breaking News

AQSh narkokartel a’zolarini Ukrainaga urushga jo’natyaptimi?


Uchinchi yil davom etayotgan urushda Ukraina bor kuchi bilan kamayib borayotgan askarlari sonini ko’paytirish harakatida. Rossiya harbiylari bilan solishtirganda Ukraina fronti tarkibi biroz ayanchli.

Ukraina qo’shinlari tarkibidagi tanqislik Moskva uchun qo’l kelyapti. Shu bilan birga, rossiyaliklar Ukraina va uning ittifoqchilari munosabatiga putur yetkazish uchun turli uydirmalar tarqatib, fitna uyushtirish bilan band. AQSh eng ko’p nishonga olinayotganlardan biri

Bunday uydirmalardan biri, so’nggi kunlarda Rossiya tashqi razvedkasi tarafidan tarqatilgan – AQSh huquq-tartibot idoralari Meksika va Kolumbiya narkokartellarining qamoqdagi a’zolarini Ukrainaga jang qilish uchun jo’natayotgani haqidagi xabardir.

“Amerika xususiy harbiy kompaniyalari Giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasi va Federal Qidiruv Byurosi rahbarligida Amerika qamoqxonalarida jazo oʻtayotgan Meksika va Kolumbiya narkokartellari aʼzolarini Ukrainadagi urushda ukrainaliklar uchun qatnashishga jalb qilmoqda”, - deya xabar beradi razvedka xizmati.

Bu da’voga ko’ra, “kallakesarlarning ilk guruhi” shu yilning yozida Ukrainaga jo’natiladi. Urushdan qaytganlarga esa to’liq amnistiya va’da qilingani aytiladi.

Bu jarayon AQSh uchun oson kechmayapti, chunki narkokartel a’zolarini yollash uchun avval ularning “narkobaronlari”dan Amerika bilan hamkorlik qilish uchun ruxsat olinishi kerak, deyiladi bu xabarda.

Bu da’volar asossiz.

Rossiya ixtiyorida bu ayblovlarning isboti sifatida hech qanday dalil yo’q.

“Poligraf.info” nashri tahliliga ko’ra, Rossiya va G’arb ommaviy axborot vositalarida yoki inson huquqlarini himoya qiluvchi va giyohvand moddalar savdosini nazorat qiluvchi guruhlar hisobotida Rossiya razvedkasi da’vosiga doir hech qanaqa ma’lumot topilmagan. Shuningdek, AQSh hukumati va narkobaronlar o’rtasida Ukrainaga jangchilarni yuborish haqida ham hech qanday muzokaralar kuzatilmagan.

FQB va Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi bu ayblovlarga izoh bermadi.

Rossiyaning Meksikadagi elchixonasidan chiqqan ushbu asossiz xabarga AQShning Meksikadagi elchixonasi shunday javob berdi:

“Como dicen por ahí, la calumnia cuando no mancha, tizna,”, ya’ni “Tuhmat izsiz ketmaydi, asoratini qoldiradi”.

Bu iboradan Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador ham mansabidan foydalanganlikda ayblanib, unga qo’yilgan tuhmatlardan o’zini oqlash uchun foydalangan.

AQShga qarshi bu asossiz da’volardan farqli o’laroq, Rossiyaning jinoyatchilarni va chet ellik jangchilarni urushga qatnashishga jalb qilinayotgani Ukraina tomonidan hujjatlashtirilgan.

Bunga misol sifatida xususiy harbiy kampaniya “Vagner” guruhining hozirda marhum rahbari Yevgeniy Prigojinga o’n minglab rossiyalik mahbuslarni Ukrainaga yollanma askar sifatida safarbar qilishga ruxsat berilganini aytish mumkin.

Olti oy o’tgach, jang maydonidan tirik qaytganlarga amnistiya berildi; ayrim jinoyatchilar Rossiyadagi uyiga qaytib zo’ravonlikni, jinoyatni qayta qilayotgani ehtimoldan holi emas.

2022-yil sentyabr oyida, garchi Rossiya qonunchiligi yollanma xizmat evaziga qamoq jazosini yengillashtirishga ruxsat bermasa ham, Prigojinning shaxsan o’zi Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslarni amnistiya evasiga urushga safarbar qilayotgani aks etgan videolar paydo bo’ldi.

Giyohvand moddalar bilan ayblanib qamalgan chet elliklar ham Vagner tomonidan urush uchun yollangan.

2023-yil iyun oyida “Reyter” agentligi Ukrainadagi olti oylik xizmat evaziga Vagnerning avf etish taklifini qabul qilgan uchta afrikalik mahbus haqida xabar berdi. Uch kishidan ikkitasi jangda halok bo'lgan.

Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi ham qamoqdagi mahbuslarni “Shtorm-Z otryadlari” deb nomlangan janпovor guruhlarga yollayotgani ma’lum. Bu guruhlarda mahbuslarga “qurbonlikdagi qo’y”dek muomala qilishadi.

Prigojin uchun rus qamoqxonalari yollanma jangchilar olishda “tubi yo’q manba” hisoblanadi, degan edi “Rossiya panjara ortidan” mahbuslar huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Olga Romanova 2023-yil sentabr oyida “Ozodlik” bilan suhbatda. Chunki rus qamoqxonalari yer yuzidagi eng qo’rqinchli joylardan biridir, deydi u.

Romanovaning aytishicha, yanvar oyida Rossiya qamoqxona ma’muriyati mahbuslarni Ukrainada jang qilishga majburlash uchun qamoqxonalarda issiqlik manbaini o’chirib qo’ygan. Ammo Rossiya hukumati bu da’voni rad etdi.

Hisobotlarga ko’ra, Rossiya yuz mingdan oshiq mahbuslarni amnistiya evaziga urushga safarbar qilgan. Avvaliga olti oydan keyin rus hukumati tomonidan uyiga jo’natilayotgan mahbuslar, endilikda urushning so’nggi kuniga qadar jang maydonida qolishga majburlanayotgani haqida xabar berilmoqda.

Shuningdek, Rossiya markaziy osiyolik muhojirlarni ham urushga jo’natish maqsadida harbiy xizmatga chaqirayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya Kuba, Nepal, Hindiston va Afrikadan kelgan muhojirlarni ham aldov yo’li bilan jangga yollagan.

Ba’zilariga to’kin va tinch hayot va’da qilingan.

Masalan, urushda Rossiya tomonida jang qilish uchun yollangan minglab nepallik jangchilarning ko'pchiligiga pul va tezkor yo’l bilan Rossiya fuqaroligini olish taklif qilingan.

“CNN” bilan suhbatda ba’zi yangi yollanganlar Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo’llab-quvvatlamasligini aytgan.

Ukrainada jang qilayotgan amerikalik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:02 0:00

Boshqalari esa jang qilishga rozi bo’lmaganini ta’kidlaydi.

So’nngi bir nechta xabarlarga ko’ra, hindistonlik muhojirlar ham Ukrainada Rossiya tarafida turib jang qilishga majburlangan; rad javobini berganlar esa turli tazyiqlarga uchragan.

“Sky News”ning xabar berishicha, Hindistondan Rossiyaga turist vizasi orqali ishlashga kelgan hindistonliklarni Rossiya rasmiylari viza qonunlarini buzganlikda ayblab, hibsga olgan va 10 yillik qamoq jazosi bilan tahdid qilgan. Qamoqqa tushmaslik uchun esa rus armiyasida bir yillik xizmat qilish taklif qilingan.

“BBC” bilan suhbatlashgan yana boshqa hindistonliklarning aytishicha, ular Rossiyada qo’riqchi bo’lib ishga kirishgan, ammo jangga jo’natilgan.

Ular frontdagi og'ir sharoitlar haqida gapirgan.

“Poligraf.info” nashri AQSh va boshqa NATO ittifoqchilari Ukrainaga yollanma askarlar jo’natayotgani haqida Rossiya va unga xayrixoh ijtimoiy tarmoqlar tarafidan tarqatilgan da’volar asossiz ekanini aniqladi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG