Breaking News

O'zbekiston intellektual mulk bilan bog'liq qora ro'yxatdan chiqarildi


AQSh Savdo vakili Oq uy qoshida o'z idorasiga ega
AQSh Savdo vakili Oq uy qoshida o'z idorasiga ega

Oq uy qoshidagi AQSh Savdo vakili idorasining yillik hisobotiga ko'ra, O'zbekiston intellektual mulkni himoya qilish uchun salmoqli qadamlar tashlayotgan davlatdir.

Idora dunyo bo'ylab vaziyatni monitoring qilib boradi va yillardan beri O'zbekiston va qo'shni davlatlarni mualliflikka doir huquqlarni himoya qilmayotganlikda, tartibga solmaganlikda tanqid qilib keladi.

“Ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz, 301-maxsus hisobotimizda ko'rsatilganidek, biz bilan yaqindan ishlamoqda va ahvolni tuzatmoqda”, - deydi Ketrin Tay, AQSh savdo vakili.

Uning so'zlariga ko'ra, hamkor davlatlar fuqarolarning bu huquqlarini e'zozlashga bel bog'lagan va ayniqsa salomatlik va xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo'lgan jinoyatlarga qarshi choralarni kuchaytirish zarurligini tushunadi.

Soxta mahsulotlar, o'g'irlangan nomlar ostida tovarlarni bozorga chiqarish va pullash holatlari ko'proq fosh etilmoqda, tergov qilinmoqda, javobgarlar jazolanmoqda, deya xulosa qiladi AQSh savdo vakili.

Yillik tahlilnomada Amerikaning 100 dan ortiq savdo hamkori ko'rib chiqilgan. O'zbekiston progress kuzatilgan davlatlardan biri sifatida taqdim etiladi.

Shu kungacha respublika "kuzatuvdagi mamlakatlar" ro'yxatida edi. Vashington nazarida Mirziyoyev ma'muriyati intellektual mulk himoyasini ta'minlashni sistematik mustahkamlamoqda. Xususan, import yoki eksport qilingan soxta mollarni musodara qilish va bekor qilish vakolatini oshirgan.

"O'zbekistonda intellektual mulk himoyasiga e'tibor yuqori darajada, shuningdek, respublika AQSh-Markaziy Osiyo Savdo va sarmoya kelishuvi bo'yicha ishchi guruhda ham faol", - deya bildiradi Savdo vakili idorasi.

O‘zbekiston Adliya vazirligining tan olishicha, mamlakat 2000-yilda ushbu ro‘yxatga kiritilgan va shundan beri unda qolayotgan edi.

"Muayyan davlatning “kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati”ga kiritilishi unda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha jiddiy muammolar mavjud ekanligini ko‘rsatadi hamda bevosita xorijiy korxonalar tomonidan investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirishda alohida e’tibor qaratiladi", - deya yozadi vazirlikning Telegramdagi kanali.

"Mana bugun oxirgi besh yilda intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirish, ular bo‘lgan huquqlarni samarali himoya qilish, xalqaro shartnomalarga a’zo bo‘lish va tashqi aloqalarni rivojlantirish hamda JSTning TRIPS bitimi talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida shunday natijaga erishdik".

Xitoydan Amerikaga hamon katta miqdorda soxta mollar kirib keladi
Xitoydan Amerikaga hamon katta miqdorda soxta mollar kirib keladi

Urush sabab Ukrainadagi vaziyat o'rganilmayapti. Xitoy, Hindiston, Vyetnam va Meksika intellektual mulk bilan bog'liq huquqlar hurmat qilinmaydigan mamlakatlar qatorida.

Qalbaki dori-darmon savdosi global miqyosda keng qanot yozgan. Savdo vakiliga ko'ra, xalqaro tashkilotlar doirasida bu muammoga qarshi kurashni jadallashtirish kerak.

Onlayn va teleradio kontent o'g'irlanishi va mualliflik huquqi chetga surilgan holda tarqatilishi hollari ham hamon ko'p uchraydi. Multimedia mahsulotlarni noqonuniy ravishda joylash va ulashish, buning ustidan daromad olish jinoyat ekani ta'kidlanadi.

Rasmiylarning aytishicha, Amerika hukumati Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda har bir sohada intellektual mulkni himoya qilish yo'lida ishlashda davom etadi.

AQSh ikki tomonlama kelishuvlar orqali va doimiy dialog bilan Armaniston, Hindiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Paragvay, Peru, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Ukraina, O'zbekiston va Vyetnam bilan mushtarak choralarni joriy etish harakatida.

Savdo vakilining qora ro'yxatida ikki guruh bor. Birinchisi - favqulodda kuzatuvdagi davlatlar, ikkinchisi - kuzatuvdagi davlatlar.

Favqulodda kuzatuvdagi davlatlar ayni damda: Argentina, Chili, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Rossiya va Venesuela.

20 davlat kuzatuvda: Jazoir, Barbados, Belarus, Boliviya, Braziliya, Bolgariya, Kanada, Kolumbiya, Ekvador, Misr, Gvatemala, Meksika, Pokiston, Paragvay, Peru, Tailand, Trinidad va Tobago, Turkiya, Turkmaniston va Vyetnam.

AQSh savdo vakili bu hukumatlar bilan muloqotda, deydi mutasaddilar.

Shuningdek, vaziyat haqida ishonchli ma'lumotga ega bo'lish uchun idora nohukumat tashkilotlar, xalqaro muassasalar, tadqiqot markazlari va ekspertlar bilan ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG