Breaking News

Tramp va Baydenning Ukraina siyosatida qanday farq bor?


Tashqi siyosat bo'yicha mutaxassislar Donald Trump Oq uyga qaytgan taqdirda AQShning Ukraina bo'yicha siyosati qanday rivojlanishi borasida turlicha fikr yuritmoqda. Ba'zilar AQShning faolroq qo'llab-quvvatlashini bashorat qilsa, boshqalar esa Kiyevga allaqachon yo'qotilgan hududlarni topshirish uchun kuchli bosim bo'lishini taxmin qilmoqda.

Ko’pchilikning fikricha, agar Bayden saylovda g'alaba qozonsa, Ukrainaga nisbatan siyosat o'zgarishsiz qoladi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar esa yanada qattiqroq bo'ladi.

Noaniq bayonotlar va shaxsiy his-tuyg'ular

Trampning Ukraina va Rossiya urushiga nisbatan pozitsiyasi noaniq, ziddiyatli va ehtimol o'zgaruvchan bo’lib kelgan.

2022-yil 22-fevralda, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko'lamli bosqinni boshlashidan ikki kun oldin, Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi harakatlarini "aqlli" va "ajoyib" deb atagan edi.

2023-yil may oyida bo'lib o'tgan “CNN” yig’inida Tramp Ukraina urushida qaysi tomonning g'alaba qozonishini xohlayotganini aytishni va Ukrainaga qo'shimcha harbiy yordam ko'rsatish majburiyatini olishni rad etdi.

"Biz shunchalik ko'p qurol tarqatmoqdamizki, hozir o'zimiz uchun o'q-dorilarimiz yo'q", — degan edi u.

Tramp 2023-yil iyul oyida “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga: “Yetar. Kelishuvga kirishishingiz kerak”; Putinga esa: “Agar kelishuv tuzmasangiz, biz ularga yana yordam beramiz. Agar kerak bo'lsa, biz ularga har qachongidan ham ko'proq ko’mak beramiz”, - deb aytishini ta’kidlagan.

Joriy yil aprel oyida Tramp o‘zining “Truth Social” platformasida shunday yozgan edi: “Nega Yevropa Ukrainaga ko‘proq yordam puli ajratmayapti? Nega Yevropa Qo‘shma Shtatlar tomonidan Ukrainaga yordam berish uchun kiritilgan mablag‘larga teng yoki yaqin bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratmaydi? Ukrainaning g’alabasi va kuchi biz uchun emas, balki Yevropa uchun ancha muhimroq bo‘lishi kerak, lekin hozirda bu AQSh uchun muhimdek! UYG’ON, YEVROPA!”

Shuningdek, “Washington Post” nashri Trampning “Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha yashirin, uzoqni ko‘zlagan rejasi” deb atalgan maqolani batafsil bayon qilib, u Ukrainaning Qrim va Donbas mintaqasini Rossiyaga berishga undaganini xabar qilgan edi.

Biroq, keyinroq gazetaning xabar berishicha, Tramp mablag‘ yig‘ish tadbirida “agar Rossiya Ukrainaga yoki Xitoy Tayvanga hujum qilsa, u Moskva va Pekinga bomba tashlashini aytgan”.

Shunday bo‘lsa-da, “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ekspertlar Trampning Ukraina bilan shaxsiy aloqalari yaxshi emasligini ta’kidlaydi.

Trampning 2019-yil iyul oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti va qayta saylanish imkoniyatini oshirish uchun chet el davlatidan noto‘g‘ri yordam so‘ragani birinchi impichmentga sabab bo‘lgan va 2020-yil fevralida respublikachilar yetakchiligidagi Senatning ko‘pchilik ovozi bilan oqlangan edi.

Ba'zi ekspertlar Tramp o’zini urushda mag'lub bo'lgan prezident sifatida ko'rishni istamaydi, deb hisoblaydi.

“Biz bilamizki, Tramp o‘zini kuchli shaxs deb hisoblaydi va tashqi siyosatda muvaffaqiyatsizlikka uchrashni xohlamaydi, - deydi AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi, hozirda Atlantika kengashining Yevrosiyo markazi katta direktori Jon Herbst. - Agar Tramp prezident bo‘lsa, Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasini tashqi siyosatning muvaffaqiyatsizligi deb biladi”.

Respublikachilar partiyasining ikki qanoti

Respublikachilar partiyasi Rossiyaning Ukraina bilan urushi va kurashayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ikkiga bo‘lingan.

Norasmiy ravishda MAGA (Make Amerika Great Again) qanoti deb atalgan Tramp tarafdorlarining bir qismi Rossiyani “qulayotgan kuch” deb biladi va shu sababli urush “mamlakat xavfsizlik resurslariga putur yetkazmasligi uchun imkon qadar tezroq hal qilinishi kerak” deb hisoblaydi” - deydi Texasdagi Baylor universiteti Siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Sergey Kudeliya.

Yana bir respublikachi fraksiya esa Rossiyani mag‘lub etish uchun Ukrainaga kuchliroq yordam berish tarafdori.

“Agar bu qanot ustun kelsa, - deydi Kudelia, - Trampning ikkinchi ma'muriyati hatto Bayden ma'muriyatidan ham ko'proq Ukrainaga yordam ko'rsatishi mumkin”.

Trampning yangi ma'muriyati Rossiya-Ukraina siyosatiga qanday yondashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni Trampni qo'llab-quvvatlaydigan ikkita siyosiy loyiha tomonidan ilgari surilgan rejalarda ko’rish mumkin. Ulardan biri Vashingtondagi “Heritage Foundation” tomonidan ishlab chiqilgan "Proyekt - 25", shuningdek, "Prezidentni almashtirish loyihasi" deb ham ataladi.

2025 loyihasi "Yetakchilik mandati"da "izolyatsiya va intervensionizm" o'rtasidagi yondashuvni yoqlaydi:

“Har bir tashqi siyosat qarori avvalida Amerika xalqining manfaatlariga mos keladimi, degan savol berilishi kerak. AQShning harbiy ishtiroki AQSh manfaatlariga aniq mos kelishi, moliyaviy jihatdan javobgar bo'lishi va amerikaliklarning erkinligi, mustaqilligi va suverenitetini himoya qilishi kerak, shu bilan birga kommunistik Xitoyni AQSh manfaatlariga eng katta tahdid deb tan olishi kerak. Shunday qilib, Ukraina bo'yicha AQShning keyingi ishtiroki to'liq moliyalashtirilishi, harbiy yordam bilan cheklangan bo'lishi (Ukrainaning iqtisodiy ehtiyojlarini Yevropa ittifoqchilari hal qilishi) va amerikaliklarning hayotini xavf ostiga qo'ymasdan aniq belgilangan milliy xavfsizlik strategiyasiga ega bo'lishi kerak".

Yevroparlament saylovlari Ukraina uchun nimani anglatadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:52 0:00

“Avval Amerika” siyosiy instituti tomonidan ilgari surilgan yana bir rejaga ko’ra, AQShning Ukrainaga kelajakdagi harbiy yordami uning rahbarlari Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi bilan bog’liq.

“Aniqrogʻi, bu AQShning Ukrainaga o’t ochishni toʻxtatish va muzokaralar yoʻli bilan hal qilishga qaratilgan rasmiy siyosatini anglatadi. Qo'shma Shtatlar tinchlik shartnomasidan keyin Rossiyaning qayta hujum qilmasligini ta’minlash uchun Ukrainani qurollantirish va mudofaasini kuchaytirishda davom etadi. Amerikaning kelajakdagi harbiy yordami esa Ukrainadan Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etishini talab qiladi”, deyiladi unda.

O‘z navbatida, Vashingtondagi Amerika katolik universitetining tarix professori va kafedra mudiri Maykl Kimmaj “Amerika Ovozi” bilan suhbatda qayta saylangan Tramp Rossiya va Ukrainaga nisbatan qanday siyosat yuritishini oldindan aytish qiyin, deydi:

"U fikrini tez-tez o'zgartiradigan, ba'zan shaxsiy hayotida, ba'zan ichki siyosatda, ba'zan xalqaro munosabatlarda bo'ladigan hodisalarga juda hissiyot bilan javob beradigan odam. Shuning uchun, menimcha, Trump prezidentligi ko’p qirrali bo'ladi, deb aytish to'g'ri bo'ladi".

Baydenning ikkinchi muddati haqida

Rossiya 2022-yil fevralida keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri AQSh Kongressi Bayden ma’muriyatining iltimosiga binoan Ukrainaga 175 milliard dollar yordam ajratdi. Vashington Rossiyaga qarshi koʻplab sanksiyalar kiritdi va harbiy yordamni muvofiqlashtiruvchi 50 ga yaqin davlatdan iborat Ukraina mudofaasi boʻyicha aloqa guruhiga rahbarlik qildi.

6-iyun kuni ittifoqchilarning Normandiyaga bostirib kirganining 80 yilligi munosabati bilan qilgan murojaatida Bayden Putinga qarshi kurashni Ikkinchi jahon urushidagi Gitlerga qarshi kurashga qiyosladi.

Shveysariyadagi Ukraina tinchlik sammitidan nimalar kutilmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:24 0:00

O‘tgan yilning dekabr oyida Bayden Kongressni Ukrainani moliyaviy tarafdan qo‘llab-quvvatlashga chaqirar ekan, agar AQSh Ukrainani quvvatlamasa, bu boshqa yovuz niyatdagi tajovuzkorlarni rag‘batlantirishi va Putinni AQSh himoya qilishga sodiq bo‘lgan NATO davlatiga hujum qilishga undashini aytdi:

"Aks holda, Amerika kelajakda rus qo’shinlariga qarshi jang qilishiga to’g’ri keladi”.

Bayden ma'muriyati yaqinda Ukrainaning Rossiyadagi harbiy nishonlarga qarshi AQSh tomonidan taqdim etilgan qurollardan foydalanishiga qo'yilgan cheklovlarni qisman olib tashladi.

Kimmajning ta'kidlashicha, Bayden ma'muriyati ikkinchi muddatda Ukrainaga harbiy yordam ko'rsatish bo'yicha hozirgi siyosatini saqlab qoladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi muddatda siyosiy mulohazalar kamroq bo‘lishini inobatga olsak, Bayden ma’muriyati Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashda yanada shafqatsiz bo‘lishi mumkin.

“Bayden ma’muriyati tashqi siyosatni saylov asosida qurayotgandek bo’lsa-da, bunda ma’lum chegaralar va cheklovlar bor. Cheklovlar esa Baydenning ikkinchi muddatida oldingisidan farqli bo’ladi. Bayden 2028-yil saylovlarida qatnasha olmagani sababli, u Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo’llashda yana-da shafqatsiz bo’ladi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG