Breaking News

"Saltanatning qonunlari" Qozog'iston xotin-qizlarini qanchalik himoya qila oladi?


Amerikalik va qozog'istonlik mutaxassislar davra suhbati, Jeymstaun fondi, Vashington, 20-iyun, 2024
Amerikalik va qozog'istonlik mutaxassislar davra suhbati, Jeymstaun fondi, Vashington, 20-iyun, 2024

Yaqinda Qozog'istonda qabul qilingan qonun xalqaro maydonda olqishlanmoqda, hukumat uni huquqiy progress, deya ko'z-ko'z qilmoqda.

Vashingtondagi Jeymstaun fondida kechgan forumda so'zlaganlar nazarida, Qozog'istonda bugunga qadar oilaviy va jinsiy zo'ravonlik va umuman, xotin-qizlar manfaatlari hozirgidek ko'lamda muhokama qilinmagan.

2017-yilda korrupsiyada ayblanib, 10 yilga qamalgan sobiq iqtisod vaziri Kuandik Bishimbayev uch yil ichida ozodlikka chiqib, Saltanat Nukenova ismli ayolga uylanadi. Oradan bir yil ham o'tmay Nukenovani u restoranda do'pposlab va bo'g'ib o'ldiradi.

13-may kuni Qozog'iston Oliy sudi 44 yoshli Bishimbayevni 31 yoshli xotinining qotili deb topib, uni 24 yillik qamoqqa hukm qildi.

Aksariyat qismi ochiq o'tgan sud jarayoni oilaviy zo'ravonlik bu jamiyatda azaldan keng tarqalgan holat ekanini oydinlashtirdi.

Hukumat va parlament chora ko'rayotganini namoyish etib, aprel oyida qator qonunlarni yangiladi, jumladan ayollar va bolalar himoyasi hujjatlarda yana bir bor kafolatlandi.

Mana shu tuzatishlar endilikda "Saltanat qonunlari" deya tilda ekan, ekspertlar deydiki, buning o'zi yetmaydi. Xotin-qizlarga nisbatan adolatsizlik va zo'ravonlikni kamaytirish uchun bu jins vakillari siyosiy organlarda va har bir jabhada faollashishi, ular ko'proq gapira olishi va tinglanishi zarur.

Saltanat Nukenova
Saltanat Nukenova

Qo'shni davlatlarda, jumladan O'zbekistonda ham oxirgi yillarda aynan shu mavzular bahs-munozaraga sabab bo'lmoqda va qonunchilik yangilangan.

O'zbekistonda yangrayotgan nolalarni Jeymstaunda yig'ilgan ekspertlar ham takrorlashdi: qonunlar qanchalik o'zgarmasin, qonun ustuvorligi amalda ta'minlanmasa, har qanday yo'nalishda bo'lgani kabi oilaviy zo'ravonlik va jinsiy tahqirlash ko'lamini pasaytira olmaymiz.

BMT hisobotlari va inson huquqlari tashkilotlarining tahlilnomalariga ko'ra, bunday jinoyatlar sodir bo'lmaydigan jamiyat yo'q, biroq xususan Markaziy Osiyoda bu muammolarga yaqingacha deyarli e'tibor qaratilmagan, rasmiyatchilik uchun qayd etilgan xolos va muammolar urf-odatlar bahonasi bilan yopdi-yopdi qilingan.

AQSh poytaxtida Uilson siyosiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Jennifer Uistrand gender zo'ravonlikni chuqur o'rgangan olimalardan. Har bir qit'a va har bir davlat xotin-qizlar himoyasi uchun muntazam va kuchli choralar ko'rilishi kerak, deydi u.

"Dunyo bo'ylab, oilalar qiz bola tug'ilishiga hamon salbiy holat deb qaraydi va ko'plab jamiyatlarda homilaning jinsiga qarab oldirib tashlashadi, ya'ni gender tahqirlash aslida shu zayilda boshlanadi", - deydi Uistrand.

"Saltanatning qonunlari" - muhim o'zgarish, lekin Qozog'istonda ayollarni azoblagan insonlar hamon yengil qutulib ketishi mumkin. Masalan, jinsiy tajovuz tergov qilinganida ayol jinsiy aloqa xohlamagani inobatga olinmaydi."

2017-yilda korrupsiyada ayblanib, 10 yilga qamalgan sobiq iqtisod vaziri Kuandik Bishimbayev uch yil ichida ozodlikka chiqadi. Rafiqasi Saltanat Nukenovani u restoranda do'pposlab va bo'g'ib o'ldirgan.
2017-yilda korrupsiyada ayblanib, 10 yilga qamalgan sobiq iqtisod vaziri Kuandik Bishimbayev uch yil ichida ozodlikka chiqadi. Rafiqasi Saltanat Nukenovani u restoranda do'pposlab va bo'g'ib o'ldirgan.

Uistrand BMT ma'lumotlariga urg'u beradi: Tojikiston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmanistonda aksariyat xotin-qizlar jinsiy xo'rlanadi va/yoki o'zi istamagan harakatlarga majbur qilinadi. Ular nafaqat erkaklar, balki ayollar tomonidan ham zo'ravonlik ostida yashaydi.

"Bu hukumat vaziyat yaxshilanishini xohlasa, buning uchun irodasi yetsa, qonunlarni ham ko'paytirishi va konkretlashtirishi, aniq jazolar belgilashi va ularni real hayotda ijrosini ta'minlashi kerak", - deydi Uistrand.

BMTning Ayollarga qarshi diskriminatsiyani kamaytirish qo'mitasining qozog'istonlik a'zosi Madina Jarbussinova bu vazifada BMT Inson huquqlari kengashi va boshqa tegishli organlar bilan ishlaydi.

Jarbussinova deydiki, Qozog'iston hukumati va jamoatchiligi vaziyat naqadar og'ir ekani yuzasidan yakdil. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev bu borada bejiz dadil qadamlar tashlayotgani yo'q, deydi u.

"Xotin-qizlar rolini oshirishimiz zarurligi aniq. Jinsiy tengsizlik va diskriminatsiya tabiiy, normal holatdek qaraladi, nafaqat bizda, balki atrofdagi davlatlarda ham", - deydi Jarbussinova.

Xotin-qizlar moliyaviy jihatdan erkaklarga qaramligi, maoshlardagi farqlar va boshqa adolatsizliklar har yerda ko'zga tashlanadi, deydi rasmiy. Qaror qilish vakolatiga ega mansablarda ayollar sonini oshirish kerak va bu oson emas, deya qo'shadi u.

Dina Daniyarova - Qozog'iston Tadbirkor ayollar akademiyasi koordinatori. Uning fikricha, iqtisodiy sharoitni yaxshilash, xotin-qizlar uchun ilm olish, ishlash va o'zlarini himoya qilish imkoniyatlarini mustahkamlash kamsitilish va zo'ravonlikni ozaytiradi.

Gender tenglik sari salmoqli yutuqlarga erishgan davlatlar bor, ulardan o'rganish zarur, deydi Daniyarova.

"Hozirda Qozog'istonda kichik va o'rta hajmdagi bizneslarning 43 foizdan oshig'i ayol tadbirkorlar qo'lida. Lekin yirik kompaniya va firmalarning rahbarlari orasidan ayollarni topish qiyin, ular juda oz".

Daniyarova ham amaliy ishlarga zo'r berish kerak, deb hisoblaydi. Choralar qog'ozdan reallikka aylanishi lozim.

Amerikalik tadqiqotchi Joy Nyumayer kuzatishicha, Saltanat Nukenova taqdiri va uning qanday o'ldirilgani jamiyatda ochiq muhokama qilingani Qozog'iston ahlini qaysidir darajada uyg'otgan.

"Qozog'iston oilaviy zo'ravonlikka qarshi kurashda Rossiyadan o'rnak olib keladi va hozirgi qonunchilik ham Moskva modeliga asoslangan", - deydi Nyumayer.

Qozog'istonda xotin-qizlarni xo'rlashni madaniyat va mentalitetga bog'laydigan, an'ana va qadriyatlarni ro'kach qilib, hukumatni liberal qarorlar qilmaslikka undab keladigan doiralarning ta'siri kuchli, deydi mutaxassis.

Bu tomonlar, xuddi Rossiya va boshqa qo'shni davlatlarda bo'lgani kabi ayollarni ayblaydi, ya'ni ular nazarida, tahqirlanishga ularning o'zi sabab bo'ladi.

Shunday muhitda, deydi Nyumayer va boshqa ekspertlar, "Saltanat qonunlari" Qozog'iston xotin-qizlari uchun holatni ijobiylashtira olishi zarur.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG