Breaking News

Xalqaro tashkilotlar Mirziyoyevni O'zbekiston ochiq turishini ta'minlashga undamoqda


Xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlarni targ'ib qiluvchi Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostonada o'tgan sammitida a'zo davlatlarning rahbarlari birga suratga tushdi, 4-iyul, 2024
Xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlarni targ'ib qiluvchi Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostonada o'tgan sammitida a'zo davlatlarning rahbarlari birga suratga tushdi, 4-iyul, 2024

Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yevrosiyodan turib, inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilingan hujjat qonunga aylanmasligini ta'minlashga chaqirmoqda.

Norvegiya Xelsinki qo'mitasi, Fuqaro huquqlari himoyachilari, Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik, "Freedom Now", "Chegara bilmas muxbirlar" kabi 29 tashkilot 5-iyul kuni ochiq murojaat bilan chiqib, Mirziyoyevdan xorijliklar va biror davlatning fuqarosi bo'lmagan shaxslarni O'zbekistonni tanqid qilgani uchun jazolamaslikka undadi.

Bu tashkilotlarga ko'ra, prezident hujjatni veto qilib, fundamental erkinliklar e'zozlanishi uchun imkoniyatni kengaytirishi kerak.

25-iyun kuni Qonunchilik palatasida ma'qullangan qonun loyihasi O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxtlitligi, sha'ni, nufuzi, tarixi va madaniyatiga tahdid sifatida ko'rilgan harakatni taqiqlab, uni sodir etganlarni jazolashni nazarda tutadi. Unda aynan chet el fuqarolari va pasportsiz odamlar shunday ishlarga berilishi mumkinligi haqida gap ketadi. Bunday qadamlarda ayblanganlar O'zbekistonga besh yilgacha kiritilmasligi, undan haydalishi va man etilgan shaxsga aylanishi mumkin.

Prezident Mirziyoyev va'da qilgan islohotlar amalga oshishi uchun O'zbekiston xalqaro mutaxassislarga ochiq turishi kerak, deydi huquq himoyachilari.
Prezident Mirziyoyev va'da qilgan islohotlar amalga oshishi uchun O'zbekiston xalqaro mutaxassislarga ochiq turishi kerak, deydi huquq himoyachilari.

Hujjat Senatda ko'rib chiqilishi kutilmoqda. U yerda ham ma'qullansa, imzo uchun prezident stoliga boradi.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan qonunchilar va rasmiylar deydiki, bu taklifdan maqsad O'zbekistonni "konstruktiv tanqid" qiluvchilarni taqiqlash yoki ularga eshikni yopish emas. Chet elda o'tirib, O'zbekiston davlatchiligini yerga urayotganlar, uni hurmatsizlayotganlarga nisbatan chora ko'rish lozim, deydi ular.

Mirziyoyevdan bu taklifni chetga surishni so'rayotgan xalqaro faollar nazarida esa bunday qonunlar har qanday odamga nisbatan asossiz qo'llanishi, har qanday tanqidiy ovozni o'chirish uchun ishga solinishi mumkin.

Bunday ishlar O'zbekistonga nisbatan o'tgan yillar davomida astalik bilan shakllangan ishonchni yemirishi mumkin, aslida qonun ustuvorligini ta'minlash sust kechmoqda, deydi xalqaro tashkilotlarning vakillari.

Parlament tashabbusi O'zbekiston ahli tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ham qoralanib, matbuot va so'z erkinligi, e'tiqod va gender bilan bog'liq huquqlarga ham zarba bo'ladi, degan xavotir kuchli.

Bugungi murojaatda xalqaro hamjamiyat vakillari O'zbekistonga uning BMT doirasidagi majburiyatlarini ham eslatmoqda.

Bu tashabbus qonunga aylansa, O'zbekiston bilan ekspert muloqot, mutaxassislar orasidagi professional hamkorlik, media va ilm ahlining mamlakat bilan bog'liq faoliyati ham cheklanib qoladi va Mirziyoyev va'da qilgan islohotlar sekinlashib, ezgu maqsadlar amalga oshmaydi, deyiladi ochiq xatda.

Hozir ham O'zbekistonga kirib-chiqish oson emas va qator jurnalistlar va aktivistlar uchun darvoza yopiq, deya noliydi guruh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG