Breaking News

Pentagon Ukrainaga ajratilgan yordam qanday ishlatilayotganini yaqindan kuzatmoqda


Rossiya 2022-yilning fevralida Ukrainaga to‘liq bosqin hujumini boshlaganidan beri AQSh Kongressi ushbu inqirozga javob berish va Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi o‘zini himoya qilishda yordam berish uchun 174 milliard dollar, jumladan, AQSh qurollari va harbiy materiallarini yetkazib berdi.

AQSh Mudofaa vazirligi Bosh inspektori Robert Storch Ukrainaga ko‘rsatilayotgan AQSh xavfsizlik yordamini nazorat qilishni o‘z idorasining “birinchi vazifasi” deb atadi. Bu vazifa uchun 200 dan xodim jalb qilingan.

“Amerika Ovozi”ning Ukraina xizmati bilan suhbatda Storch urush olib borayotgan, tizimli korrupsiyadan aziyat chekayotgan va katta miqyosda AQSh harbiylari mavjud bo‘lmagan mamlakatda bunday nazorat uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish oson emas.

2024-yilning iyun oyi oxirida, AQSh Kongressiga Atlantika Rezolyutsiya operatsiyasi (AQShning Ukrainadagi Rossiya operatsiyasiga javobi) bo‘yicha maxsus bosh inspector tomonidan berilgan so‘nggi chorak hisobotiga ko‘ra, Ukrainaga yordam dasturi bo’yicha 57 ta ochiq tergov bo’lgan. Ular “grantlar va xarid firibgarligi, korrupsiya, o‘g‘irlik, dasturdagi tartibsizliklar, qurol tizimlari komponentlari texnologiyasining o‘zlashtirilishi va tarqalishining oldini olish” kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Yanvar oyida Ukraina SBU xavfsizlik xizmati 100 ming minomyot snaryadlarini sotib olish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan 40 million dollarlik korrupsiya sxemasini fosh qildi. Jinoyatda Mudofaa vazirligi rasmiylari va qurol yetkazib beruvchi menejerlar ishtirok etgan.

Bu ish AQSh tomonidan taqdim etilgan harbiy materiallarga aloqador emasligi aytilgan.

“2023-yil sentabr oyida Oleksiy Reznikov G‘arb ittifoqchilari bilan muzokaralarda Ukrainani muvaffaqiyatli himoya qilganiga qaramay, “bir nechta korrupsiya ishlariga aloqadorligi” sababli Ukraina mudofaa vaziri lavozimidan chetlatildi”, - deb xabar qildi “Reuters”.

Storch “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Pentagon Ukrainaga o‘z vaqtida va aniq ma’lumotlarni taqdim etishini ta’minlash uchun mamlakat harbiylari bilan hamkorlik qilayotganini va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hukumati bilan korrupsiyaga qarshi kurash olib borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning to‘liq hajmdagi bosqinidan keyingi dastlabki kunlarda Ukraina qurolli kuchlari ma'lumotlarni taqdim etishda sustkashlik qilgan, ammo hozirda vaziyat nazorat tufayli yaxshilangan.

Ukrainada korrupsiya hali ham keng tarqalgan bo‘lsa-da, Storchning aytishicha, Ukrainadagi korrupsiyaga qarshi institutlar rivojlanmoqda va nazorat organlari bu taraqqiyotning davom etishini ta’minlash ustida ishlamoqda. Quyida Pentagon Bosh inspektori Robert Storch bilan bo’lib o’tgan intervyu qisqartirilgan holda havola etiladi:

“Amerika Ovozi”: Siz Pentagonning ko‘plab dasturlarini nazorat qilmoqdasiz. Ukrainaga qurol yetkazib berish jarayonini nazorat qilish qay darajada mustahkam deb o’ylaysiz?

Storch: Biz haqiqatan ham Ukrainaga AQSh yordamining barcha jihatlarini qamrab oluvchi mustahkam, keng qamrovli nazorat ishlarini olib bormoqdamiz. Men taqdim etilayotgan xavfsizlik yordami uchun mas’ulman va biz Davlat departamenti Bosh inspektori idorasi hamda Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha AQSh agentligi (USAID) Bosh inspektori idorasi bilan yaqin hamkorlikda, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan gumanitar yoki boshqa yordamlarning barcha jihatlarini to‘liq qamrab olishni ta’minlaymiz.

“Amerika Ovozi”: Ukraina dasturini nazorat qilayotgan jamoangiz qanchalik katta?

Storch: Bizni chalg‘itadigan, dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan ko‘plab jarayonlar bor. Ammo Ukraina birinchi darajadagi vazifa hisoblanadi. Men doim bu mening va hamkasblarimning idoralari uchun eng yuqori ustuvor masala deyman.

Mudofaa vazirligi Bosh inspektori idorasida Ukrainaga ko‘rsatilayotgan AQSh xavfsizlik yordamini nazorat qilish bilan shug‘ullanayotgan 200 dan ortiq odam bor. Bu hududga safarbar etilgan 30 ga yaqin kishini ham o‘z ichiga oladi. Bizning Germaniyada ham bir nechta idoralarimiz bor. Polshada ham odamlarimiz bor. Shuningdek, AQShning Kiyevdagi elchixonasida ham tergovchilar, ham dasturlarni nazorat qiluvchi xodimlarimiz bor. Agar nazorat qiluvchi tashkilotlardagi Davlat departamenti va USAID hamkorlarimizni ham qo‘shsak, bu hukumatning butun sa’y-harakatlarida 300 dan 400 tagacha odam nazorat bilan shug‘ullanmoqda.

“Amerika Ovozi”: Ukraina rasmiylari hisobot berishning muhimligini tushunadimi?

Storch: Ular istisnosiz bizga nazoratni amalga oshirish uchun kerakli ma’lumotlarni olishning va mas’uliyatli bo‘lishning muhimligini tan olishadi va ochig‘ini aytganda, Vashingtondagi qaror qabul qiluvchilarga bu jarayon haqida ma’lumot bera olishimiz uchun bu juda muhimdir.

Men tez-tez Kapitoliyga (AQSh Kongressi joylashgan yer) boraman. Bilasiz, men siyosatchi emasman. Siyosatni belgilash ma’muriyat va Kongressning vakolatiga kiradi. Ammo mendan doim so‘raladigan narsalardan biri: “Ishimizni bajarish uchun kerakli ma’lumotlarni olyapmizmi?”, - bo‘ladi. Biz bu ma’lumotlarni olayapmiz va bu jarayonni davom ettirishimizga ishonch hosil qilish uchun ishlaymiz.

“Amerika Ovozi”: Pentagon Ukrainaga harbiy materiallar yetkazib beradi. Ukraina qurolli kuchlari nazoratning ahamiyatini tushunib, o‘z vaqtida hisobot beradimi?

Storch: Biz bu jarayon to‘g‘ri amalga oshirilishini ta'minlash uchun juda yaqindan ishlaymiz. Bu nazoratimizning katta yo‘nalishlaridan biridir. Biz kuzatuv va hisobot berish bo‘yicha bir nechta hisobotlar tayyorladik. Ukraina qurolli kuchlari uskunalar holati bo‘yicha hisobot berish majburiyatiga ega va AQSh xodimlari bu jarayonni kuzatib boradi, shuningdek, ma'lumotlar bazasi mavjud. Agar nimadir yo‘qolsa yoki vayron qilinsa, ularni ma'lum bir tarzda hisobotda ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Menimcha, bizning nazoratimiz bu sohada katta o‘zgarishlarga erishgan. Dastlab bu jarayonni boshlaganimizda, hisobot berishda sustkashlik darajasi juda yuqori edi, buning sabablaridan biri urush boshlanganda AQSh xodimlari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganliklari bilan bog‘liq.

Uskunalar yetkazib berilayotgan edi, ammo nazorat va inventarizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan hech kim yo‘q edi. Va bu ko’p yo’qotishlarga sabab bo’ldi. Shu bilan birga, urush davridagi muhitda bunday uskunalar oldingi chiziqlarda, juda qiyin va qayg‘uli vaziyatlarda ishlatilmoqda. Shuning uchun nazoratni saqlab qolish qiyin, ammo biz xatolar ustida ishlayapmiz.

“Amerika Ovozi”: Hisobotlaringizdan birida Ukrainada keng tarqalgan korrupsiya haqida gapirgan edingiz. Siz 2007-2009-yillarda Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurashda yordam berish uchun ishlagansiz. Ukrainadagi hozirgi vaziyatni o‘sha paytdagi vaziyat bilan solishtira olasizmi?"

Storch: 2007-2009-yillarda Ukrainada yashash va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganman, ukrainaliklar bilan Adliya vazirligida bo'lib, ularga rasmiy korrupsiyani bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda yordam berganman. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi qonunchilikni tayyorlashda yordam berdim, natijada Milliy Korrupsiyaga Qarshi Byuro va Maxsus Korrupsiyaga Qarshi Prokuror Idorasi yuzaga keldi. Men u yerda ko‘p tajriba to‘pladim va bu institutlarning qanday rivojlanganini ko‘rdim. Ukrainaliklar buni amalga oshirishdi.

Lekin Ukrainada uzoq vaqtdan beri davom etayotgan korrupsiya muammolari bor. Bu aniq va odamlar bu masalani hal qilish ustida ishlamoqda. Bu har choraklik hisobotlarimizda ko’riladigan masala. Ukrainaliklar bu muammoni hal qilish uchun harakatlarni davom ettirmoqda. AQSh esa bu yo’lda yordam ko‘rsatishda davom etadi. Shuningdek, nazorat hamjamiyati sifatida, taraqqiyot bo‘layotganiga ishonch hosil qilish uchun buni nazorat qilib boramiz.

“Amerika Ovozi”: Hisobotingizda xaridlardagi tartibsizliklardan tortib, korrupsiya, mablag‘larning yo‘naltirilishi va o‘g‘irlikka oid ayblovlar bo‘yicha 57 ta tergov olib borilayotgani aytilgan. Ushbu ayblovlardan birortasi tasdiqlandimi?

Storch: Ayni paytda, tugallangan ishimizga asoslanib, biz bu da'volarni tasdiqlamadik, ammo tergovlar davom etmoqda.

“Amerika Ovozi”: Ayblovlarning taxminan yarmi qurollarning tarqalishi bilan bog‘liq. Moliyaviy mablag‘larning noto’g’ri yo‘naltirilishi xavfi qanchalik yuqori?

Storch: Albatta, bu yerda sezilarli xavf mavjud, lekin biz har doim bu masalani hal qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘rishimiz kerak, shuning uchun men dasturiy nazoratni tilga oldim.

Bizda mening idoram va hamkorlarimiz boshqaradigan ishonch telefonlariga havolalar joylashtirilgan veb-sayt mavjud. Men barchani ushbu imkoniyatdan foydalanishga va ma’lumotlarni xabar qilishga chaqiraman. Shunda odamlar bundan koproq xabardor bo’lishadi.

“Amerika Ovozi”: Pentagon Ukrainaga jo‘natiladigan ayrim AQSh uskunalarining qiymatini ortiqcha baholagani haqida xabarlar bor. Sizningcha, bu hisob-kitob xatosi davom etadimi yoki tuzatilmoqdami?

Storch: Biz Mudofaa vazirligiga bu masalani hal qilishda yordam berish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz. Biz bunga juda erta munosabat bildirganmiz va bu masalada vazirlik bilan maslahatlashganmiz. Qisqa qilib aytganda, vazirlikning taqdim etilgan materiallarni baholashda ma’lum bir metodologiyadan foydalanishi uning ortiqcha baholanishiga olib kelgan. Agar siz mashinangizni hadya qilayotgan bo‘lsangiz, yangi mashina sotib olish qiymatini hadya qilolmaysiz, to‘g‘rimi? Bu bundan bir oz murakkabroq, lekin asosan shu ortiqcha baholanishga olib kelgan. Vazirlik dastlab bu masalani o‘rganib, taxminan 6,2 milliard dollar ortiqcha baholanganini aniqladi. Biz qo‘shimcha nazorat o‘tkazdik, bu bizning hisobotlarimizda aks etgan va qo‘shimcha 1,9 milliard dollar ortiqcha baholanganini aniqladik.

Shunday qilib, savolingizga javob shuki, biz vazirlikka bu masalalarni hal qilishda yordam berish uchun tavsiyalar berdik va bu tavsiyalar amalga oshirilishi va muammolar hal qilinishini ta'minlash uchun ishlashda davom etamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG