Amerika sportchilari Londonda bu yoz o’tadigan Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik ko’rmoqda. Oltin medaldan boshqasi kerak emas, deydi AQSh ayollar basketbol komandasi a’zolari. So’nggi to’rt Olimpiadada jamoa faqat shu medalni qo’lga kiritgan. “Amerika Ovozi” komanda bilan muloqotda bo’ldi.
Maya Mur – taniqli o’yinchilardan. Bo’yi 183 santimetr. O’tgan yili AQSh ayollar basketbol uyushmasi chempionatida o’z jamoasi, “Minnesota Links”, g’alaba qozonishida muhim rol o’ynadi. Ispaniyaning “Ros Kasares” jamoasida ham o’ynaydi. Yevropa birinchiligini qo’lga kiritgan komanda.
Professional basketbolchi bo’lishdan oldin Maya Mur Konnektikut Universiteti jamoasi a’zosi bo’lgan. “UConn” nomi ostida tanilgan bu guruh oliy o’quv yurtlari orasida eng kuchlisi hisoblanadi. Endi esa Maya va “UConn” ning yana besh a’zosi Londonda Olimpiya o’yinlarida yurti sha’nini himoya qiladi.
“Oltin medalni qo’lga kiritishni har yili orzu qilsak va bunga intilsak arziydi, chunki g’ayratimiz bunga yetadi. Iqtidor, tajriba yetarli. Kuchli o’yinchilarimiz bor. Basketbol tarixida qoladigan, jahonning eng yetakchi sportchilari bizning jamoamizda”.
Jamoaning bugungi rahbari ham Konnektikut Universitetidan - Jino Arimma.
"Fikrimcha, u dunyodagi eng yaxshi trener. “UConn” jamoasida o’ynaganimda katta tajriba orttirdim... Universitetni bitirdim, endi yana uning murabbiyligi ostidaman. Bu faxr men uchun,” - deydi Mur.
Basketbolchilar Prezident Barak Obama bilan Oq Uyda Jino Arimma “UConn” treneri etib 1985-yilda tayinlangan. O’shandan beri jamoa AQShda chempionlikni yetti marta qo’lga kiritgan. To’rt mavsumda g’oliblikni boy bermagan. AQSh prezidenti hatto ularni Oq Uyga taklif qilgan.
AQSh ayol basketbolchilari Olimpiya o’yinlaridan faqat oltin medal bilan qaytishga o’rgangan, deydi trener. Shunday ekan, komandaning o’ziga ishonchi baland. Lekin bu ishonch ortida qattiq mehnat, shijoat bor.
“Eng zo’r o’yinchilarga murabbiylik qilyapman. Maqsad – faqat oltin medal. Kumush medalni biz g’alaba demaymiz. Ikkinchi o’rinni egallasak, uyga qaytganimizda tantana qilishga arzimaydi,” - deydi Arimma.
Maya Mur singari o’yinchilar musobaqalarga tayyor. Raqobat va qiyinchilikdan qo’rqmaydi. Umid ham sportning ajralmas qismi. Doimiy sinovga o’rgangan ayollar. Olimpiya inson qudratini sinaydi, deydi ular.