Yevropa Ittifoqi Gretsiyaga moliyaviy yordamni muhokama qilishga qaratilgan majlisni bekor qildi. Unda tashkilotga a'zo barcha 28 mamlakat vakillari qatnashishi kerak edi. Buning o'rniga yevrozonaga kirgan 19 davlat moliya vazirlari majlis qildi. Kecha sakkiz soatlik majlisdan so'ng tomonlar bir to'xtamga kela olmagan.
"Gretsiya masalasi hal etilmaguncha majlis to'xtamaydi", - degan edi Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk.
Gretsiya oy boshida qarzni ($1,8 mlrd.) vaqtida to'lolmay Yevropa Ittifoqidan kredit olishga umid qilyapti. Biroq Yevropa rasmiylari Afina bilan imzolanadigan shartnomada kafolatlar talab qilmoqda.
"Majlisda ishonch masalasi ko'tarildi", - deydi rasmiylardan biri.
Manbalarga ko'ra, yangi kredit haqida muzokara boshlashdan oldin Gretsiyaga byudjet va siyosiy islohotlar yuzasidan qo'shimcha talablar qo'yilmoqda.
Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras uch yilga 60 milliard dollar so'ragan. Evaziga nafaqalarni kesish, soliqlarni ko'tarish, harbiy xarajatlarni kamaytirish hisobiga 12 milliard dollar tejash va'da qilingan.
5-iyulda o'tgan referendumda xalq bu kabi talablarga "yo'q" deb javob bergan edi.
Yevroguruh majlisida Xalqaro valyuta jamg'armasi rahbari Kristin Lagard ham qatnashgan.
"Murosaga erishamiz deb o'ylayman", - dedi u.
Biroq Gretsiyaning eng yirik kreditori Germaniya Moliya vaziri Volfgang Shoyblning aytishicha, quruq va'dalarga ishonch yo'q.
Italiya Moliya vaziri Pyer Karlo Padoanning aytishicha, ishonchni tiklash uchun Afina dushanbadan boshlab islohotlarni joriy etishni boshlashi kerak.
Germaniya kansleri Angela Merkel nima qilib bo'lsa ham kelishuvga erishishni maqsad qilmaganmiz, dedi.