Iroq rahbarlari "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi samarali kurashish maqsadida yangi qo'mondonni tayinlash ustida o'ylanmoqda.
Kecha Bag'dodga borgan AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Jozef Denfordning aytishicha, Iroqda jangarilarni havodan nishonga olayotgan Amerika yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy harakatlarini quruqlikdagi mahalliy kuchlar bilan muvofiqlashtirish uchun Iroqda obro'li qo'mondon bo'lishi lozim.
Ayni damda "Islomiy davlat"ga qarshi turli guruhlar jang qilmoqda. Shia jangchilari, sunniy qabilaviy kuchlar, kurd qo'shinlari mamlakatning turli qismlarida harakatlanmoqda.
Yaqinda jangarilardan Beyji shahridagi neftni qayta ishlash zavodi tortib olindi. "Islomiy davlat" o'tgan yil iyun oyida shaharga kirgan edi.
General Denfordning Bosh vazir Haydar Abadiy va Mudofaa vaziri Xolid Ubaydiy bilan muloqotidan so'ng aytishicha, Iroq "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Rossiya yordamiga muhtoj emas. Oy boshida Abadiy Rossiyadan bu borada yordam so'rashi mumkinligi haqida gapirgan edi.
“Agar Rossiya ham Iroqda amaliyotlarga qo'l ursa, AQShning Iroqqa madad berishi qiyinlashardi", - deydi Amerika generali.
Iroqda hukmron shia koalitsiya va qurollangan shia guruhlari Abadiyni Rossiyadan Iroqda "Islomiy davlat"ni nishonga olishni so'rashga chaqirib keladi.
General Denford Iroq Kurdistoni Prezidenti Ma'sud Barzaniy bilan ham uchrashdi.