Breaking News

Kerri Xirosimada "Katta Yettilik" vazirlari majlisida qatnashmoqda


"Katta Yettilik"ka a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vaziri Xirosimada, Yaponiya, 10-aprel, 2016-yil
"Katta Yettilik"ka a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vaziri Xirosimada, Yaponiya, 10-aprel, 2016-yil

Yaponiyaning Xirosima shahrida "Katta Yettilik"ka a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining ikki kunlik majlisi boshlandi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamkasblari bilan global xavfsizlikka tahdidlar haqida gaplashadi.

Kerri Xirosimadan oldin Afg'onistonda bo'lib, Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan uchrashdi.

AQSh Ikkinchi jahon urushi yakunida Xirosimani atom bombasi bilan vayron qilgan edi. O'shanda 140 ming odam nobud bo'lgan. Kerri bu shaharga borgan ilk AQSh davlat kotibi bo'ldi.

Uning "Chugoku Shimbun" mahally gazetasiga bergan intervyusida aytilishicha, xalqaro tinchlikka tahdidlarga javob berish uchun hamkorlik zarur.

“Katta Yettilik" majlislariga o'xshash yig'inlar xalqaro siyosiy va xavfsizlik muammolarini birgalikda hal etish uchun muhim imkoniyatdir", - dedi Kerri yapon gazetasiga.

Guruhga Britaniya, Kanada, AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya kiradi. Ilgari "Katta Sakkizlik" formatida ishlagan bu guruhdan Rossiya chiqib yuborilgan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayerning aytishicha, Moskva Ukrainadagi mojaroni bartaraf etishga hissa qo'shsa, guruhga qaytarilishi mumkin.

Vazirlar Xirosimadagi majlisda terrorizm, Janubiy Xitoy dengizi xavfsizligi, Yevropada qochqinlar muammosi va Yaqin Sharqdagi vaziyat xususida fikr almashmoqda.

Vazirlar, shuningdek, Ikkinchi jahon urushiga bag'ishlangan Tinchlik xotira bog'ini ziyorat qilishi kutilmoqda.

Bog' yadroviy qurolsizlanish siymosiga aylangan.

Kelasi oy Yaponiyada "Katta Yettilik"ka a'zo davlatlar rahbarlari ham majlis qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG