Osiyoliklar AQSh aholisining 6 foizini tashkil etadi. Eng katta jamoa Kaliforniya va Nyu-York shtatlarida. Ular o’ziga to’q, o’qimishli va faol fuqarolar qatorida.
San-Fransisko shahridamiz. Bu yerda osiyoliklar ikkiga bo’linadi: keksalar va yoshlar. Keksalar – muhojirlar. Yoshlar esa butkul amerikaliklar.
“Biz jamiyatning ajralmas qismimiz, qorishib ketganmiz. Bizni boshqa amerikaliklardan ajratish qiyin bo’lib qoldi degan shikoyatlarni eshitamiz”, - deydi mahalliy rasmiy Fiona Ma.
Koreys-amerikaliklar, vyetnam-amerikalik, xitoy-amerikaliklar…
Xitoy kuchayib borayotgani ayrim osiyoliklar uchun xush xabar emas, xavotir manbai.
“Ish topish, oyoqqa turish, oila boshlash… Hammamiz shu haqda o’ylaymiz”, - deydi Filip Ngyuen.
Prezident saylovlarida bu jamoada ko’pchilik iqtisodga qarab ovoz beradi.
Turar joy qimmat, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan san-fransiskoliklar. Kvartira topish amri mahol.
Filippinolarning ko’pi yangi kelgan muhojirlar.
“San-Fransisko, Sietl, Nyu-York… Qayoqqa qaramang, ijaraga joy topish qiyin, topsa ham qimmat”, - deydi faollardan biri Anjelika Kabande.
Maoshlar oz deb noliydiganlar ham ko’p. Minimal maosh bilan kun ko’rish qiyin, ayniqsa oilali bo’lsangiz.
Osiyoliklar asosan demokratlarga ovoz beradi. San-Fransisko demokratik, liberal qarashlar makoni. Konservatorlar juda kam.
“Klintonga ovoz beraman. Chunki u siyosiy jihatdan katta tajribaga ega. Sobiq prezidentning rafiqasi. Sobiq davlat kotibi. Iqtidor va malaka bor”, - deydi Jo Ho.
Amerika hayotini, siyosatini tushunish uchun vaqt kerak.
“Muhoirlar o’z gazetalarini o’qiydi. Ona tilidagi kanallarni tomosha qilishadi. Yangi mamlakatdagi o’zgarish va jarayonlarni yaxshi tushunishmaydi”, - deydi mahalliy faol Toni Nguyen.
Muhojirlar avvalo mahalliy hokimiyat bilan tanishishi kerak.
“Tanish-bilishlarni ovoz berishga undayapman”, - deydi Mari Rokay.
Saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tish kerak. Buni hamma muhojirlar ham bilmaydi.