Breaking News

Istanbuldagi xurujni amalga oshirgan shaxsning nomi ma'lum bo'ldi


Turkiyaning "Hurriyat" gazetasi Istanbul huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berishicha, Istanbuldagi Reina tungi klubiga qurolli hujumni millati o‘zbek Abdulqodir Masharipov amalga oshirgan.

Xabarda yozilishicha, Abdulqodir Masharipov "Abu Muhammad Xurosoniy" taxallusidan foydalangan.

Politsiya hozir hujumchining o‘tmishiga bog‘liq surishtiruvlarni boshlagan.

Turkiya ommaviy axborot vositalari hujumchi Turkiyadan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin degan farazni ilgari surmoqda.

Bosfor bo‘g‘ozi sohilida joylashgan Reina tungi klubiga yangi yil kechasi uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 39 kishi nobud bo‘lgan va 69 odam jarohat olgandi.

Xuruj oqibatida yuzaga chiqqan sarosima paytida hujumchi g‘oyib bo‘lishga ulgurgan.

Hozirda ham butun Turkiya bo‘ylab uni qidirish davom etmoqda.

Abdulqodir Masharipov, "Hurriyat" xabariga ko‘ra, 15-dekabrda Konyadan qurolli hujumni sodir etish uchun Istanbulga kelgan.

4-yanvar kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li yangi yil oqshomida Istanbuldagi mashhur tungi klubga hujum uyushtirgan terrorchi shaxsi aniqlanganini e’lon qilgan, lekin hujumchi shaxsini jamoatchilikka ochiqlamagan edi.

Chovusho‘g‘li bayonoti tungi klubga hujumni o‘z zimmasiga olgan "Islomiy davlat" ekstremistik guruhiga aloqador 20 odamning 4-yanvar kuni Izmirda hibsga olingani haqidagi xabardan so‘ng e’lon qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG