“Google” – internet izlash tizimi, eng tanilgan va keng qo’llaniladigan global tarmoq. Kaliforniya shtati shimolidagi Silikon vodiysida joylashgan bu kompaniya dunyo bo’ylab o’z filiallariga ega. Tadbirkorlikni quvvatlovchi bo’limlar ochgan.
“Google” ning bosh qarorgohi o’zgacha bir dunyo, o’ziga xos o’choq.
Maxsus bog’ bor. Unda “Google” o’z “Android” mobil texnologik sistemasidagi mahsulotlarni ko’z-ko’z qiladi.
“Innovatsiya, ijodkorlik, xayolga kelmaydigan narsalarni kashf qilishni targ’ib qilamiz”, - deydi kompaniya vakili Meri Gruv.
Shunday g’oyalarni “Google” jahon miqyosida yoyishga bel bog’lagan.
“Google” olti yirik shaharda filial barpo etib, yosh ixtirochilarni yig’a boshlagan.
“Ishbilarmonlik, yangi zamon mahsulotlari ishlab chiqarish… Maqsad shu. Silikon vodiysi - markazimiz. Lekin ixtirochilik, bilim va zehn chegara tanlamaydi. Biznes va xaridor uchun hamma yerda joy va talab bor”, - deydi Gruv.
London, Madrid, Varshava, Tel-Aviv, Sao Paolo va Seul shaharlaridagi bo’limlarda yosh texnologlar va mutaxassislar birga ishlaydi, o’z kashfiyotlarini namoyish etib, tengdoshlari fikrini o’rganadi. Yosh tadbirkorlar bir-birlariga tayana olishi, bir-biriga ilhom bera olishi lozim.
Biznes imkoniyatlar kengayadi, o’zaro quvvatlov maydoni vujudga keladi.
Janubiy Koreyadan I.M.Lab firmasi asoschisi Yeram Kvon mobil texnologiya yordamida yangi tibbiy vositalar yaratmoqda. Ularni hozir sinab ko’rayapti.
“Har safar namoyish etganimda nimadir yangi jihati haqida bilaman. Mahsulot yanada yaxshilanadi”, - deydi Kvon.
“Global miqyosda kengayish “Google” ni ham o’zgartirmoqda. Yangi yo’nalishlar kompaniya uchun yangi qirralar kashf etib, loyihalar ko’paymoqda. Onalar uchun mo’ljallangan proyekt yosh bolali ayollarga uyida o’tirib pul topish sirlarini o’rgatadi. Tadbirkorlik qilishni xohlasangiz bas.
Darsga onalar bolalari bilan keladi. Go’daklar uchun maxsus xonalar bor. Ayollar o’qishni ham eplaydi, bolalari ham oldida. Farzandli bo’ldim deb tirikchiligidan ayrilib qolishni istamaydiganlar ko’p.
Meri Gruv deydiki, tadbirkorlik qilish uchun avvalo xohish, keyin esa iqtidor va bilim, qunt va sabr-toqat kerak. Odam tavakkal qilishdan qo’rqmasligi lozim. Sharq ahli shunday, deydi u.
“Ishbilarmon bo’laman degan odam uchun har bir kun bir sinov. Koreyada ko’pchilik “Samsung” va “LG” singari katta kompaniyalarda ishlasam boshim tinch bo’ladi deb o’ylaydi. Bir o’zingiz biznes qilsangiz, albatta hamma narsa uchun o’zingiz javobgarsiz. Lekin mentalitet o’zgarmoqda. Odamlar biznes qilish erkinlik va mustaqillik ekanini yanada yaxshiroq his etmoqda”, - deydi Yeram Kvon.
Sarmoyasiz biznes qilish mumkin emas. Uni qayerdan topasiz?
“Google” aynan shu sohada dars beradi. Hozirda filial ochgan har bir mamlakatida biznes va moliya muhiti qanday ekanini hisobga olib,
tadbirkorlarga imkoniyat doirasini kengaytirishni o’rgatadi.
“Silikon vodiysi – kapital dunyosi, deymiz. Lekin har bir jamiyatda, agar sinchiklab qidirsangiz, moliya manbalari bor. Sarmoya qila oladigan odam o’zi bilmaydi bunga qodir ekanini. O’zaro ishonch kerak. Mahalliy yoki xorijlik, sarmoyachiga kafolat kerak”, - deydi Gruv.
“Google” bu kurslarni 2012-yildan beri yuritadi. 140 davlatdan 330 ming odam dars olgan shu kungacha. Ular hozirgacha qariyb 2 milliard dollar sarmoya to’play olgan va jahon bo’ylab 20 mingdan oshiq yangi ish o’rinlari yaratgan, asosan kichik bizneslar.