Breaking News

Oq uy: AQSh NAFTA kelishuvidan chiqmaydi


AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda
AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Qo'shma Shtatlarni Shimoliy Amerika Erkin savdo kelishuvidan (NAFTA) chiqarish haqida farmon imzolamaydigan bo'ldi. Oq uyning aytishicha, Tramp Kanada va Meksika rahbarlari bilan telefon orqali gaplashib, shunday qarorga kelgan.

Tramp prezidentlik kampaniyasi davrida 1994-yilda tuzilgan NAFTAni bekor qilishi haqida aytib kelgan edi. Unga ko'ra, bu bitim AQShdagi ish o'rinlarining Meksikaga ko'chishiga sabab bo'lgan.

"Prezident Tramp NAFTAni hozir to'xtatmaslikni ma'qul deb topdi. Yetakchilar har uch davlatga foydali bolgan bitim ustida qayta muzokara boshlashga kelishib oldi", - deyiladi Oq uy bayonotida.

Unda yozilishicha, Tramp uchun Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo va Meksika Prezidenti Enrike Pena Niyeto bilan ishlash sharaf va bitimni qayta ko'rib chiqish uch mamlakatni yanada kuchliroq qiladi.

Meksika hukumati ham bayonot chiqarib, Tramp bilan bo'lib o'tgan telefon muloqotini tasdiqladi. Unda tomonlar amaldagi bitimni saqlab qolishga kelishgani va Meksika Kanada bilan har uch davlatga manfaatli bo'lgan yangi muzokaralar olib borishi yozilgan.

Kanada Tashqi ishlar vazirligi ham yangi muzokaralar uchun mamlakati doim tayyorligini bildirdi.

Tramp shu hafta Kanadani adolatsiz savdo qoidalarida ayblab, Kanada taxtalari eksportiga 20 foiz yangi soliq soldi.

Meksikada ham NAFTAga qarshilar bor. Ular bitimni mamlakat iqtisodiyoti o'sishini sekinlashtirishda va investitsiya oqimini kamaytirganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG