Kelasi yili AQShda Kongressga saylovlar o’tadi. Unga tayyorgarlik esa bu mamlakatda hamisha kamida bir yil oldin boshlanadi. Qonunchi bo’laman deb yurganlar orasida xotin-qizlar ko’p. Texnologiya kompaniyalari ularni quvvatlashga bel bog’lagan.
Vakillar Palatasiga saylanish umidida yurgan Erin Apchurch birinchi siyosiy reklamasi ustida ishlar ekan, uning uchun bir tiyin to’lamadi. Kampaniyasida ishlayotganlarning hammasi ko’ngillilar.
Bu tashabbus ortida turgan qudratli shaxs ham ayol – Megan Park. U “Ayollar joyini topishi kerak” degan shior ostida harakat boshlagan. Uningcha, xotin-qizlarning joyi siyosatda. Xalqqa xizmat qilaman degan ayollarni yaqindan quvvatlayapti.
“G’oyalaringiz, takliflaringiz, o’zingiz bizga ma’qulmisiz, olqishlaymiz, kuchingizga kuch qo’shamiz. Odamlar yordamga keladi”, - deydi Park.
Megan Park yetakchiligidagi harakat ijtimoiy tarmoqlarni ishga solgan holda targ’ibotga zo’r bermoqda.
Demokratik partiyaning ayol nomzodlarini quvvatlovchi siyosiy loyiha “Emerge” - ularning maqsadlarini internet orqali yoymoqda.
“Shila loyihasi” deb nomlangan biznes esa ayol nomzodlar uchun arzon saytlar ishlaydi.
“Crowd pac” esa da’vogarlarga pul jamg’arishda ko’maklashadi, ularning moliyaviy bilimini oshiradi. Donorlar bilan ishlashni ularga o’rgatadi.
“Aristotle” degan dastur esa 190 million saylovchi bilan aloqada.
“Polis” – mobil qo’llanma. Nomzodni saylovchi bilan bog’laydi.
Siyosatga endi kirib kelayotgan yoki uning eshigini qoqayotgan ayollarga xizmat qilish bu homiylar uchun ustuvor maqsad. Qizlar bilan ishlaydi.
“Maktabimda prezident bo’laman deb yurganlar bor. Menga ham bu lavozim juda qiziq. Orzu qilaman”, - deydi 11 yoshli Shila.
Ungacha siyosatda ayollar ko’payishi tayin. Hozircha esa ular Kongress a’zolarining atigi 20 foizini tashkil qiladi.
Facebook Forum