Breaking News

Tojikistonda Navro’z yangi siyosiy ruhda o’tdi


2018-yil bahori va Navro’z Tojikistongina emas, balki butun Markaziy Osiyo uchun alohida ahamiyat kasb etib, birdamlik va ahillik daragini olib keldi.

Tojikistonning O’zbekiston bilan qo’shni chegara nohiyalarida Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg’ona, Surxondaryo viloyati rasmiy delegasiyalari Navro’z bayramiga tashrif buyurib, Tojikiston tomondan ham O’zbekistonga borishdi.

Samarqandda Navro’z tantanalarida qatnashgan xo’jandlik o’zbek adabiyotshunos olimi, professor Abdusalom Abduqodirov deydiki, Tojikiston va O’zbekiston prezidentlarining mintaqadagi yangi siyosati, yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini aynan Navro’z oldidan kechgani xalq uchun munosib tufha bo’ldi.

"Biz Samarqandda bir guruh tojik ziyolilari bilan birga bo’ldik. Delegasiyamiz a’zolarini Shavkat Miromonovichning shaxsan o’zlari tabrikladilar. Do’stona munosabatlarning amaliy rivoji uchun yanada istiqbolli rejalar haqida gapirdilar. Bundan juda xursandmiz, bu ayni xalq istagan ozrzu-armonlar edi", - deydi olim.

So’g’d viloyatidan ko’hna Samarqandda rasmiy delegasiya safida bo’lgan xo’jandlik Isoqjon Zokirovning fikricha, barcha chegara nohiyalarida el istagan erkin bozorlarning tashkil etilayotgani, hududlardagi ozod harakat, yo’l-transport qatnovlaridagi cheklovlarga barham berilayotgani butun mintaqa uchun nihoyatda muhim.

"Men bozorimiz eshigi oldida turgan o’zbek nomeridagi Damas mashinasi eshigini o’payotgan qariyani ko’rib, koz’larimdan yosh chiqib ketdi. Sog’inch va mehr shunchalikka borganki, odamlar temirni o’pisyapti, qayta tug’ilgan yaqinligimizga ko’z tegmasin", - deydi tojikistonlik havaskor shoir G’iyos Malik.

Mahalliy kuzatuvchilar ham, tadbirkorlar ham 2018-yil Navro’zi mintaqada birodarlik va birlik, yangicha bir siyosiy uyg’onish ruhi bilan el xotirasida qolishini ta’kidlashmoqda.

Tojik sharqshunosi Tilav Rasulzoda aytadiki, bu yilgi Navro’z oldingilardek faqat markazlarda katta hasham bilan emas, aksincha butun mamlakat bo’ylab olti kun davomida qo’shnilar ishtirokida nishonlanishining o’ziyoq mintaqada yangicha siyosiy muhit shakllanayotganidan darak beradi.

"Mintaqa birligining ifodasi va regionda tinch taraqqiyotga asos solishga barchaning birdek intilayotganini, shunga amaliy harakatni Navro’z kunlarida Afg’oniston muammosini o’lkaning o’zida eshishga bag’islangan Toshkent xalqari konferensiyasi misolida ham ko’rsak bo’ladi. Bu xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan amerikalik mashhur tahlilchi olim Frederik Starr ta’kidlab o’tganidek, muammolar yechimini tashqi kuchlar ta’siri bilan emas, shu yerda, o’lka liderlari hamjihatligida yechishga intilish alohida e’tiborga loyiq. Buni AQShdan kelgan taniqli siyosatshunos e’tirof etmoqda. Bu ham dunyo hamjamiyati tomonidan liderlarimiz tashqi siyosatining ijobiy natijasi sifatida qabul qilinmoqda. Bularning barchasi 2018-yil bahorini tarixiy o’zgarishlar bahori deb baholashimiga asos beradi. Navro’zimiz darhaqiqat mintaqa siyosatida yangi kun, yangi istiqbollar va yangi, nurli kelajakka poydevor qo’ydi desam anglishmayman", - deydi So’g’ddagi o’zbeklar jamoatchilik markazi raisi Ilhom Yusupov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG